Sotimboyning kasali

– Jo‘rajon, jonim chiqay deyapti, – dedi Sotimboy domla odatdagi salom-alikdan so‘ng.

– O‘zingdan oldin tutuning yetib keladi-ya, nima bo‘ldi? – dedi Ikrom do‘xtir sinfdosh o‘rtog‘iga tikilib.

– E, shu desang, jigarim og‘riyapti-yov, ichim jizillayapti. Bir ko‘rib qo‘ygin, deb keluvdim-da.

– Yo‘g‘-e, jigar bilan hazillashib bo‘lmaydi, – vazmin ohangda gapirdi do‘xtir va ichida qo‘limga tushding-ku, jo‘ra, degancha mamnun jilmayib qo‘ydi.

– Men o‘lolmay yotibmanu, sen tirjayasan-a, – fig‘on qildi Sotimboy domla.

– Birinchidan tirjaymadim, jilmaydim. Ikkinchidan bir voqea yodimga tushib ketdi, – beparvo so‘z qotdi Ikrom do‘xtir.

– Qaysi voqea, jo‘ra?

– Ha, senga taalluqli emas. Kasalxona bo‘lgandan keyin, har xil bemor keladi. Kulgiga sabab voqealar ko‘p bo‘ladi-da.

– Ha, shunday de, o‘zing ham ja shumsanda, har gapdan kulgu yasab olaverasan, – tilla tishlarini ko‘rsatib tirjaydi Sotimboy domla.

Bundan bir yil avval domla eski “Moskvich” sotib oldi. Maktab bilan uyining orasi besh yuz metr chiqadi yo chiqmaydi, mashinada boradi. O‘t oldirolmagan mashinasini maktab hovlisigacha oila a’zolari orqasidan itarib keladi. Darsdan so‘ng ishtiyoqi baland o‘quvchilar uyiga eltib qo‘yadi. Bir gal mashina yarim yo‘lda o‘t olib qoldi. Domla xursand. Qarasa, yo‘l chetidan Ikrom oshnasi kelyapti. “To‘xta, bir boplay”, degancha to‘g‘ri uning ustiga “ot soldi”. Yaxshiyam do‘xtir o‘zini chetga olib qoldi, aks holda, hozir Sotimboy domla kimga dardi hol qilib o‘tirardi, bilmadim.

– E, darding og‘ir-ku, jo‘ra, – xomush tortdi do‘xtir, – gepatit. To‘g‘risi, jo‘ra, rangingdan o‘zi biluvdim. O‘tkazib yuboribsanda, a, o‘n kunlar bo‘lgan-ov.

Domlaning “tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi”.

– Yo‘g‘-e, endi nima qilamiz? Biror chorasini top, axir, jon jo‘ra bo‘lsak. – Bolalarimning to‘yini ko‘rmay o‘lib ketaveramanmi, oshna, – yig‘lamsirab nola qildi Sotimboy domla.

– Xavotir olma, qo‘limdan kelganini qilaman, ammo jigaring titilib qolibdi, nima qilsam ekan-a? – boshini sarak-sarak qildi do‘xtir.

Bundan Sotimboy domlaning vahimasi yana zo‘raydi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib zorlana boshladi.

– Jon jo‘rajon, quling bo‘lay, biror chorasini top. Axir shifokorsan-ku, hali qancha niyatlarim bor edi-ya.

– Jigar masalasi qiyin-da, jo‘ra! Yurak bo‘lganda ham iloji topilardi. Jigarni almashtirib ham bo‘lmaydi… Eh, sog‘liqni ehtiyot qilmagansan-da

– E, nimasini aytasan, jo‘ra! Ro‘zg‘orni g‘or deganlaricha bor ekan. Bir kun ishga chiqmasam kunim o‘tmay qoladi. Bilasan-ku, quruq maoshga bog‘lanib qolganman.

– Bir dori bor, ammo bu atrofda sotilmaydi. Narxi osmonda. Bir million so‘m turadi-yov. Faqat Toshkentdan topish mumkin. O‘sha dori bo‘lmasa qo‘limdan hech narsa kelmaydi.

– Bir million, hazillashyapsanmi, jo‘rajon?

– Senday jon oshnam, o‘laman deb turibdi, ko‘ngilga hazil sig‘adimi, qiziq odam ekansan-ku.

Do‘xtir bemorga achingannamo ko‘z qirini tashladi.

– Uzr, mendan o‘tdi. Xafa bo‘lma, oshnajon. Shart tiz cho‘kdi Sotimboy domla. – Yolvoraman, dorini topib kelaman. Ammo bisotimda bittagina shu eski “Moskvich”im bor. Moshin bozor ham faqat payshanbada ishlaydi, ungacha ikki kun bor. O‘shangacha men yashab turay, ilojini qil! O‘lgunimcha xizmatingdaman… – Ko‘zidan oqqan yoshlarni kafti bilan sidirdi Sotimboy domla.

– Ha, o‘n kun o‘lmabsan, yana uch-to‘rt kun ushlab turaman. Faqat qanday yo‘li bor ekan-a? – Buyog‘iga nima qilishni bilmay o‘ylanib turdi Ikrom do‘xtir. Xonaning u yoq, bu yog‘iga borib keldi. Sotimboy domlaning qo‘ltig‘idan olib turg‘izib qo‘ydi. Keyin javonda kenjasi uchun sotib olgan inglizcha ertak kitobni qo‘liga oldida jo‘rasiga yuzlandi.

– Inglizchani bilasanmi?

– Yo‘q, afsuski bilmayman-da.

– Domlasanu, inglizchani bilmaysan, – dedi kitobga jiddiy tikilgancha Ikrom do‘xtir. – Bu kitob londonlik mashhur olimning kitobi. Bugun sotib oldim. Ko‘ray-chi, balki biror usuli bordir.

Kitobni varaqlagancha derazaga yaqinlashdi do‘xtir. Ko‘z qiri bilan Sotimboy domlaga nazar tashladi. Domla hali ham bukilib turar, bir umidli so‘zga intizor edi. Do‘xtir deraza pardasini ochdi. Tashqariga razm soldi. Bir hamshira kichkinagina sariq kuchukchani tosh bilan haydayotganini beparvo kuzatdi.

– Nima deb yozishibdi, oshna? O‘ylanib qolding, davosi yo‘qmikan-a? – Sotimboy domlaning nolali ovozi do‘xtirni o‘ziga keltirdi. Kitobni varaqlashga tushdi.

– Mana, topdim, – dedi u tilla topgan odamday sevinib va kitobdagi o‘sha sahifani Sotimboy domlaga ko‘rsatdi. Domla sevinganidan ko‘z yoshlarini yig‘olmadi.

– Bilardim, jo‘ra. Bir yo‘lini topishingni bilardim. O‘zi sendan o‘tadigan do‘xtir yo‘q-da. Yaxshiyam sen bilan do‘st bo‘lganim, aks holda boshqa do‘xtirlar inglizchani bilarmidi?! O‘lib ketardim. Jo‘ramlab, yig‘lab qolarding-a? – Sotimboy domlaning ko‘z yoshlari kitob sahifasiga toma boshladi.

– Mana bu rasmni ko‘ryapsanmi, kuchukchani qo‘yniga olib termulib turgan bola ham senga o‘xshagan kasal. Endi sariq kuchukcha topish kerak. Kattasi bo‘lmaydi. Ertalabdan kechgacha quyosh tushadigan joyda unga termulib o‘tirasan, tushundingmi?

– Tushundim, jo‘rajon, tushundim, – shosha-pisha gapirdi Sotimboy domla. – Ammo kuchukchani qaydan topaman-a?

– Nima, endi o‘shaniyam men topib beraymi, qanday odamsan-a? – zardasini sochdi Ikrom do‘xtir.

– Bo‘ldi, bo‘ldi o‘zim topaman, o‘zim, jo‘rajon. Rahmat senga. Sal bo‘lmasa o‘lib qolardim-a, – dedi domla bukilib qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha va yugurib tashqariladi. Qayerga borishini bilmay, bir lahza hovlida to‘xtab qoldi. Hamshira quvlab solgan kuchukcha bir burchakda dumini likillatib turardi. “O, topildi”, pichirladi u. Kuchukchaga yaqinlashdi. Domla yaqinlashgani sari kuchukcha hadiksirab nari ketdi.

– Bah, bah, bah, kel, kelaqol, seni urmayman. Uch kun bolamday parvarishlayman. Kel, jonim tasadduq senga.

Domla yarim soatcha elanib, yolvorishini tushunmagan kuchukchaga qarata o‘shqirdi, “Kel, deyapman. Itdan tarqagan”. Kuchukcha qochdi. U quvladi. Nihoyat kuchukchani “asir olgan” domla sevinib, nafasi bo‘g‘ziga tiqilgancha, Ikrom do‘xtirning qabuliga yugurdi.

– Jo‘ra, mana topdim, oyog‘imning ostidan chiqdi.

– Buni qara-ey! Xuddi kitobdagining o‘ziku, a? Londondan atay sen uchun kelib qolganmi, deyman-a, – “qah-qah” otib kuldi do‘xtir.

Domla ham qo‘shilib kuldi. Mamnun qiyofada boshini qimirlatib, do‘xtirning quvonchiga sherik bo‘ldi.

– Endi uyingga bor, aytganimdek qil-a… – alohida ta’kidladi do‘xtir.

Sotimboy domla uch kun darvoza hatlab ko‘chaga chiqmadi. Quyoshning tig‘ida bir lahza ham qimirlamay, kuchukchani quchoqlab o‘tirdi. Undan ko‘zini uzmadi.

Uchinchi kun Sotimboy domla Ikrom do‘xtirning xonasiga yugurib kirdi.

– Mana, jo‘ra, naq bir million so‘m. Dorini buyuraver.

– Bo‘pti, sen dori yetib kelguncha kuchukchaga termulib turgin-a.

– Xo‘p, xo‘p, – dedi domla yosh boladay boshi bilan ma’qullab. So‘ng kuchukchani bag‘riga mahkam bosgancha tashqariladi.

Yo‘lakda Ikrom do‘xtirning uyida qadah urishtirib topgan eski tanishiga ro‘baro‘ keldi.

Oftob uraverib yuzlari qizarib ketgan Sotimboy domlaga ko‘zi tushgach, birdan hol-ahvol so‘rashga tushib ketdi.

– Tinchlikmi domla, kuchukcha ko‘tarib olibsiz?

– Bu kuchukchamas, baraka topkur, Ikromjonning malhami!

Eski tanishi bu gapni eshitib, kulgisini yengolmadi. Yo‘lakda baland kulgu yangradi. Sotimboy domla ham beixtiyor kulguga qo‘shildi.

– E, Sotimboy, Sotimboy, – dedi ko‘zlaridagi yoshni artib hamsuhbati, – Husanov siz bilan bir hazillashibdi-da.

– Husanov, Husanov…, – bir lahza kalovlanib qolgan domla chuv tushganini biroz keyinroq angladi.

Uch kundan beri bolasiday ardoqlagan kuchukchani uloqtirgancha, Sotimboy domla o‘shqirdi.

– Ikrom, yaramas…

Hayqiriqdan yo‘lakda odamlar jam bo‘ldi.

Ikrom do‘xtirning eshigini har qancha urib-mushtlamasin, eshik ichkaridan tambalangan edi. Faqat quvnoq ohangda do‘xtirning ovozi yangradi:

– Endi birovning ustiga mashina haydamaydigan bo‘lding, Sotimboy domla.

Bahodir BAHROM

Yana o‘qing:  Pul bermaslik tejamkorlikni o‘rgatmaydi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: