Mijozingizni bilib davolaning

Inson sog‘lom bo‘lsagina barcha orzularini ro‘yobga chiqishi uchun harakat qiladi. Ammo bexosdan sog‘lig‘i yomonlashsa-chi? Davo istab u shifokor va tajribali tabibga murojaat etishi zarur. Aks holda o‘z salomatligiga zarar yetkazishi mumkin. Har bir dorivor moddaning ma’lum miqdorigina dardga davo bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, davolanish o‘rniga dardni kuchaytirib, salbiy holatni yuzaga keltirishi mumkin.

Ko‘pincha bemorlar davolanishni oxirigacha yetkazmaydilar, shu sababli xastalik surunkali holga o‘tib ketadi. Bu bemor uchun ortiqcha mashaqqat va tabiiyki qo‘shimcha xarajat demakdir. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun xastalikka jiddiy qarab dorilardan o‘rinli foydalanish lozim.

Dori-darmonlarga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish, mijozga qarab davolanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tabobat olamida mashhur bo‘lgan tabiblar dardni aniqlashda va davolashda inson tanasining mijoziga katta e’tibor berganlar.

Kasallik sabablari to‘rt xil bo‘ladi:

Birinchi, moddiy. Moddiy sabablar salomatlik va kasallik negizida vujudga keladi. Negizlar quyidagilar: yaqin negiz a’zo yoki ruhdir.

Ikkinchisi, ta’sir qiluvchi sabablar. Ta’sir qiluvchi sabablar inson tanasini o‘zgartiruvchi yoki o‘zgartirmaydigan bo‘ladi. Ularga havo, ovqat, suv, ichimlik, bo‘shanish, harakatlanish, uyqu va bedorlik, yoshning o‘zgarishi, hunar-kasb, jins va tashqi taassurotlar kiradi.

Uchinchisi, mijoz hisoblanadi. Zamonaviy tibbiyotda bu sababni hisobga olmaydilar. Tabiblar aksincha bunga katta e’tibor berganlar va shunga asosan davolaganlar.

To‘rtinchisi, tugallovchi sabablar – faoliyatdir (ishlar). Ularga quvvat va quvvat tashuvchi ruhlarni o‘rganish ham kiradi.

Davolanish mijozga qarab belgilangan. Har bir insonning mijozi tomir, til, ko‘z, badan, peshob va axlat rangidan aniqlanadi.

Shunga ko‘ra, dori-darmonlar buyuriladi. Bundan tashqari, bemor iste’mol qiladigan ovqatlarga ham alohida e’tibor berilishi maqsadga muvofiq.

Mijozni aniqlay bilish uchun ko‘p tajribalar o‘tkazish, ustoz ko‘rish, ziyrak, mulohazali bo‘lishlik talab qilinadi.

Ibn Sinoning ta’rificha: “Unsurlarning nihoyatda mayda bo‘laklaridan, qarama-qarshi kayfiyatlarning bir-biriga ta’siridan paydo bo‘ladigan kayfiyatlar” mijoz deb ataladi. Demak, unsurlar o‘z quvvatlari bilan bir-biriga ta’sir qilish natijasida ma’lum bir kayfiyat vujudga keladi-ki ana shu kayfiyat mijozdir.

Unsurlardagi kayfiyat to‘rt xil: issiq, sovuq, ho‘l va quruq bo‘ladi.

Tabobat olamidagi buyuk allomalarning fikricha, tana sihatligi to‘rt unsurning mutanosibligiga bog‘liq ekan. Bu xilt-suyuqlik qon, savdo, safro va balg‘amdan iborat. Bu unsurlarning quvvatlari bilan o‘zaro ta’sirlanishi natijasida vujudga keladigan kayfiyat inson mijozi deb aytiladi.

Yana o‘qing:  Sovuq dush immun tizimini mustahkamlaydi

To‘rt xil unsurlarning miqdori kishi tanasida to‘g‘ri taqsimlansa mo‘tadillik ro‘y beradi. Bunday kishilarning tanasi mo‘tadil mijozli deb ataladi.

Inson umri to‘rt davrga ajratiladi: birinchisi, o‘sish — 30 yoshgacha. Ikkinchisi, to‘xtash 40 yoshgacha. Uchinchisi, quvvat bo‘la turib cho‘kish — 60 yoshgacha. To‘rtinchisi, quvvatsizlik va cho‘kish davridir. Bunday ta’rif ko‘p insonlarda to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin tog‘lik joyda yashaydigan yoki sport bilan shug‘ullanadigan odamlarda bu chegara ijobiy tomonga o‘zgarishi mumkin.

Bolalarning va yoshlarning ( 30-35 yosh ) badanlari asosan mo‘tadil hisoblanadi. Shunday bo‘lsa ham qisman issiq yoki sovuqqa moyil bo‘ladi. Yoshi o‘tib borgan sari ( o‘rta yosh va qarilik) inson tanasi sovuq va quruq bo‘la boshlaydi.

Yoshlikda sovuqqa moyil bo‘lib, qariganida o‘ta sovuq mijozli odam anjir, pishgan uzum, xurmo va shirin anordan ko‘proq iste’mol qilishi, yozda qisqa vaqt tezkor harakatlanishi (yugurish, sakrash) kerak. Issiq tuproq va qum yordamida tanadagi sovuq xiltlar erib ter bilan chiqib ketadi. Bu tana mo‘tadilligini saqlashga katta yordam beradi.

Sovuq mijozli kishilarning terisi muloyim, nozik, gavdasi semiz, sochlari sariq yoki qo‘ng‘ir, qon tomirlari ingichka, ko‘zga ko‘rinmaydigan bo‘ladi.

Issiq mijozli kishilarning terisi dag‘alroq, gavdasi quruq, qotma, sochlari qop-qora, qon tomirlari yirik, ko‘rinadigan bo‘ladi.

Ayrim odamlar ko‘proq xamirli ovqatlarni yaxshi ko‘rib iste’mol qiladilar. Limon yeb, ko‘k choy ichadilar. Shunday bo‘lsa ham o‘zlarini yaxshi his qiladilar. Aksincha, mayiz, yong‘oq, qora choy, qo‘y go‘shtini iste’mol qilsalar o‘zlarini yaxshi his qilmaydilar. Bunday odamlar issiq mijozli bo‘lishadi.

Ba’zilar mayiz, yong‘oq, qora choy, qo‘y go‘shtini iste’mol qilsalar o‘zlarini yaxshi his qilib, xamirli ovqat, limon yeb, ko‘k choy ichsalar yuzlari, qovoqlari kerkib, og‘izlaridan suv kelib uyquga beriluvchan bo‘lib qoladilar. Bunday odamlar sovuq mijozli hisoblanadilar.

Har qanday ovqatni yesa-yu o‘zini yaxshi his qilsa o‘rtacha (mo‘tadil) mijozli odam hisoblanadi.

Inson tanasidagi kasalliklarni aniqlash uchun shifokor tananing tuzilishini har bir a’zoning xususiyatini yaxshi bilishi zarur. Tanadagi ruh, yurak, qon, jigar, o‘pka va mushaklar, taloq, buyrak, arteriya, venalar issiq mijozlik xususiyatiga ega. Tanadagi balg‘am, charvi, yog‘, mo‘y, tog‘ay, miya, asablar va teri sovuq mijozlik xususiyatiga egadir.

Yana o‘qing:  Miya faolligi nimaga bog‘liq?

Xulosa qilib aytish mumkinki, inson tanasidagi to‘rt xilt — suyuqlik (qon, savdo, safro, balg‘am) muvozanati tana sihatligini ta’minlaydi. Biror sababga ko‘ra xilt miqdorining o‘zgarishi kasallikni keltirib chiqaradi.

Mijoz buzilmasligi uchun har bir inson faslga qarab oqilona ovqatlanishi va o‘z mijozidan kelib chiqib taomnomasiga e’tibor berishi, sport bilan shug‘ullanishi, jismoniy mehnat qilib, tabiat qo‘ynida sayr etishi lozim. Ana shunda kishi tanasi sog‘lom, ruhiyati ko‘tarinki bo‘ladi.

Hilola MO‘MINOVA,

Toshkent Farmatsevtika instituti xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: