Profilaktika – salomatlik omili

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz salomatligini muhofazalash, xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishining oldini olish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, tibbiy profilaktika ishlarini izchil tashkil etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor mamlakatimizda epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotir. Ayrim mamlakatlarda bu boradagi vaziyat murakkablashib turgani, kuydirgi va boshqa ba’zi xavfli kasalliklar inson salomatligi va jamiyat taraqqiyotiga katta xavf solayotgani hushyorlik va ogohlikni yanada kuchaytirishni taqozo etayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi Bahrom ALMATOV O‘zA muxbiriga bu yo‘nalishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va vazifalar xususida quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Mamlakatimizda xavfli yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish ishlarini tashkil etishning zamonaviy tizimi yaratilgan, – deydi B.Almatov. – Bu borada maxsus chora-tadbirlar rejasi asosida tegishli davlat va jamoat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, tibbiy-ilmiy markazlar, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya sohasi mutaxassislari, shifokorlar hamkorligida izchil ishlar olib borilayotir. Bu jarayonda joylardagi sanitariya nazorati postlari va veterinariya shoxobchalari faoliyatini yanada takomillashtirish, qushxonalar, go‘sht do‘konlari hamda bozorlarda go‘sht va sut mahsulotlari sifatini qat’iy nazoratga olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Olimlarimiz tomonidan, xususan, xavfli yuqumli kasallik – kuydirgining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish, oldini olish va davolash yo‘llarini takomillashtirish yuzasidan keng qamrovli ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilayotir.

Kuydirgi aslida hayvonlarga xos kasallikdir. U insonga shu xastalikka chalingan jonivorlarni parvarishlash, so‘yish, tozalash, yetarli termik ishlov berilmagan go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilish orqali yuqadi. Shu bois, avvalo, jonivorlar orasida kasallik tarqalishining oldini olish muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda uy hayvonlarini kasallikka qarshi emlash ishlari keng yo‘lga qo‘yilgan. Bozorlar, savdo majmualari, do‘konlarda sotilayotgan go‘shtning sifatini doimiy nazorat qilish tizimi yaratilgan. Sifatli, to‘yimli go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tayyorlash, iste’molchiga sanitariya talablariga mos holatda yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bozorlar va savdo do‘konlarida go‘sht mahsulotlari sotilishiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi yo‘riqnomalar bu borada muhim qo‘llanma bo‘lmoqda.

Kasallikning mamlakatimizga chetdan kirib kelishining oldini olish davlatimiz chegaralarida faoliyat yuritayotgan sanitariya nazorati punktlari faoliyatining muhim yo‘nalishidir. Ushbu muassasalar zamonaviy tibbiy-diagnostika va laboratoriya-tahlil vositalari bilan jihozlangani mazkur postlardan o‘tayotganlarni tez va samarali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish imkonini bermoqda. Chegara postlaridan mamlakatimiz hududiga kirayotgan har bir transport vositasi maxsus yo‘laklar orqali tekshirib o‘tkazilmoqda.

Yana o‘qing:  Bekzod bobosi izidan borib, kelajakda yetuk san’atkor bo‘lmoqchi

Kasallikning odamlar o‘rtasida tarqalishining oldini olish maqsadida infeksiya yuqish xavfi yuqori bo‘lgan cho‘ponlar, qassoblar, veterinariya sohasi xodimlari emlanmoqda. Chegara hududlardagi aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kasallik yuqish xavfi bo‘lganlar emlashga jalb etilayotir.

Kasallikning oldini olish va inson salomatligini asrash tibbiyot xodimlari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. Bu boradagi vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida shifokorlarimiz ishtirokida kuydirgi kasalligining o‘ziga xos xususiyatlari, ushbu xastalikning oldini olish va davolashning samarali uslublari bo‘yicha doimiy seminarlar tashkil etilmoqda. Tibbiy-profilaktika ishlarini tizimli asosda tashkil etishga katta e’tibor qaratilayotir.

Ilmiy manbalarda kuydirgi kasalligi bakteriyasining sporali shakli tashqi muhitga juda chidamli ekani qayd etilgan. Olimlar uning yuz yilgacha tuproqda tirik saqlanishi mumkinligini aniqlagan. Shu bois bu muammoni bartaraf etish jahon tibbiyotining doimiy diqqat-e’tiboridagi dolzarb vazifalardandir.

Mamlakatimizdagi tibbiy-ilmiy muassasalar olim va tadqiqotchilari, soha mutaxassislari bu yo‘nalishda izchil ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqda. Izlanishlar jarayonida profilaktika va davolash samaradorligini oshirish, kuydirgining tabiiy o‘choqlari ustidan muntazam laboratoriya kuzatuvini takomillashtirish bo‘yicha olinayotgan yangi ilmiy xulosalardan amalda samarali foydalanilayotir.

Ko‘plab o‘ta xavfli infeksiyali kasalliklar kabi kuydirgining oldini olish va bu kasallikdan himoyalanish ham har bir insonning tibbiy madaniyatiga bog‘liq. Buning uchun, avvalo, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini xarid qilayotganda uning sifat sertifikatiga ega ekanligiga ishonch hosil qilish, bunday mahsulotlarni yaxshilab pishirib iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir.

Xonadon sharoitida chorva mollarini parvarishlashda tozalik, sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etish lozim. Mollarni veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib turish, kuydirgiga qarshi emlatish, kasal bo‘lgan mollarning so‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik, mollarni ruxsat etilgan joylarda, veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib so‘yish odamlar orasida kasallik tarqalishining oldini olishning eng samarali yo‘lidir. Bunday qoidalarga rioya etish orqali har bir inson o‘zi va o‘zgalarning sog‘lig‘ini asrash, yurtimizda epidemiologik barqarorlikni saqlashga hissa qo‘shgan bo‘ladi.

O‘zA muxbiri Bahor XIDIROVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: