“Mehrjon” – hosil bayrami
O‘zbekiston davlat tarixi muzeyida an’anaviy “Mehrjon” bayramiga bag‘ishlangan “Hosil bayrami” madaniy-ommaviy tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda OAV vakillari, o‘qituvchi va murabbiylar, shuningdek, 200 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, O‘zbekiston davlat tarixi muzeyi ma’muriyati hamda Respublika Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirni O‘zbekiston davlat tarixi muzeyi direktori Jannat Ismoilova kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni o‘tkazilayotgan “Mehrjon” bayrami bilan tabrikladi.
Bayram tadbirida Mansur Quryozov rahbarligidagi “Jayhun” xalq qo‘g‘irchoq teatri hamda Toshkent shahar Olmazor tuman 4-Madaniyat uyi qoshidagi Jamilaxon Hamidova badiiy rahbarligidagi “Hilola” folklor-etnografik bolalar raqs ansambli o‘z konsert dasturlari bilan ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida meva va sabzavotlardan “natyurmort” chizish bo‘yicha yosh rassomlarning “Bolajonlar olami” nomli tanlovi o‘tkazildi. Yosh ijodkorlar kuz ne’matlaridan qovun, tarvuz, qovoq, olma, nok, uzum, xurmo va sabzavotlar asosida suratlar chizdilar.
Bayram tadbirida faol ishtirok etgan qatnashchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ma’rufjon VAHOBOV