Ayol omon bo‘lsa, obod xonadon

Siyara opa uyidan shoshib chiqdi-yu mashinani o‘t oldirdi. Ayol-da, ro‘zg‘or yumushlari bilan bo‘lib, ishga kech qoldi. Shu payt ko‘chadan darvoza hatlab qo‘shni juvon chiqib keldi.

“Yon qo‘shni – jon qo‘shni”, deganlaridek quyuq salom-alikka o‘tdi:

– Qo‘shni, bo‘ling, mashinaga o‘tiring, ishga shoshayapman, biroz kech qoldim, – dedi Siyara opa suhbatni qisqa qilib, – qolganini yo‘lda gaplashamiz…

Xayolida ming xil rejalar, ustiga ustak yo‘llarning tirbandligi kishining yuragini yanada shoshiradi. Orqa o‘rindiqdagi qo‘shni ayolning mahalla-ko‘y, to‘yu tomosha haqidagi gurunglarini goh ilg‘aydi, goh ilg‘amaydi.

Yelib borayotgan avtomashinadan yo‘lakda qo‘l ushlashib ketib borayotgan ota-bolaga Siyara opaning ko‘zi tushdi. O‘n yoshlar chamasidagi bola oyog‘idagi nuqson tufayli oqsoqlanib borayotgan edi. Mashinani sekinlatib yo‘l bo‘yida to‘xtatdi.

– Tinchlikmi?, – so‘radi ajablanib qo‘shni juvon.

– Bir daqiqa…, – Siyara opa javobni nasiya qildi-da mashinadan tushdi. Bolalarcha tabassum bilan ota-bolaning qarshisiga peshvoz chiqdi. Hol-ahvol so‘rashdi, tasodifiy uchrashuvdan hangu-mang qolgan otaga maqsadini tushuntirdi. Bolaning salomatligini tiklashda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi yaqindan ko‘mak berishini, farzandining hujjatlari bilan jamg‘armaga borishini ta’kidlab manzilini aytdi. Ko‘ngli biroz halovat topib, xayr-xo‘shdan so‘ng qaytib mashinaga o‘tirdi:

– Opa, o‘zi ishga shoshayapman, deb turgandingiz, endi ancha kech qolasiz, – dedi yo‘ldoshi tanbeh bergan bo‘lib.

Siyara opa biroz o‘ylandi-da, hamrohiga yuzlanib javob berdi:

– Men ishga biroz kech qolsam, vazifalarimni uddalashga harakat qilaman, lekin bu bolaning salomatligini tiklashda kechikmaslik zarur. Ota-onasi beparvolik qilmasdan farzandini vaqtida davolatsa, bola jismonan benuqson voyaga yetadi…

Siyara Jambekova 16 yildan buyon “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tasarrufidagi Tibbiy-ijtimoiy markazida faoliyat yuritadi. Tajribali akusher-ginekolog shifokor sifatida xotin-qizlarning yaqin maslahatgo‘yi, o‘z kasbining bilimdoni. Tashabbuskorligi bois Toshkent shahridagi ko‘plab mahalla-yu o‘quv muassasalarida tibbiy ko‘rik tashkil etadi. Yoshlar va ayollar davrasida sog‘lom turmush tarzi, tibbiy madaniyatni oshirish borasida suhbatlar olib boradi.

– Talabalar va o‘quvchi-yoshlar bilan kechadigan suhbatlarni qiziqarli o‘tishini ta’minlashga harakat qilamiz, – deydi Siyara opa. – Reproduktiv salomatlik borasida ularning o‘z tushunchalari bor. Shu bois bu borada birinchi savolni o‘zlariga beramiz. Qay biri chekish va ichkilikbozlikning oldini olishni, boshqasi to‘g‘ri va oqilona ovqatlanishni, kimdir sog‘liqni nazorat qilish va xastalikning oldini olishni reproduktiv salomatlik deb tushunadilar. So‘ngra biz ularning barchasini jamlab, yoshlarda tushuncha hosil bo‘lishiga ko‘mak beramiz. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, talaba-yoshlar orasida me’da-ichak xastaliklari ko‘proq uchraydi. Bu esa o‘z-o‘zidan to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘ymaslikdan kelib chiqadi. Qiz bolalar parhez qilaman, deydi. O‘g‘il bolalar esa tez tayyorlanadigan, kaloriyasiz ovqatlardan yengil tamaddi qiladi. Bu borada ham yoshlar orasida slaydlar va tarqatma risolalar orqali ma’lumotlar beramiz.

Yana o‘qing:  Boshidan o‘tgan tabib...

Tibbiy-ijtimoiy markaz patronaj brigadalari tibbiy ko‘rik o‘tkazishda mahalla bilan hamkorlikda ish olib boradi. Aholini tibbiy ko‘rikdan boxabar etish, tadbirni tashkil qilish va uyushqoqlik bilan o‘tkazishda mahalla faollarining o‘rni beqiyosdir.

– Biz ko‘p hollarda mahallalar bilan hamkorlikda ish olib boramiz. Agar mahalla mutasaddilari o‘sha go‘shada istiqomat qiluvchi aholining turmushiga o‘zlarini daxldor deb bilsalar, qalbidan ezgulik nuri taralib tursa, ana shu manzilda o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik jarayoni yuksak saviyada o‘tadi. Yaqinda poytaxtimizning Shayxontohur tumani mahallalarida kam ta’minlangan fuqarolarning oila a’zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. Tumanning “Obinazir” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi A.Abdullayevning kuyunchakligidan mamnun bo‘ldim. U kishi mahalla hududida istiqomat qiluvchi har bir oilaning ahvolidan xabardor. Ba’zan joylarda o‘z vazifasiga sidqidildan yondoshmaydigan mahalla mutasaddilari ham uchraydi. Ana shunday beparvo insonlarni ko‘rganimda biroz ko‘nglim ranjiydi.

Siyara opa oddiy oilada ulg‘aydi. Otasi Suleymon ota va onasi Adika ayalar bir umr Chirchiq shisha ishlab chiqarish zavodida mehnat qilganlar. Ammo ularning uch qizi ham bolaligidan shifokorlik kasbiga mehr qo‘ydi. Bu mehr tinimsiz o‘qish va bilim olishga undadi. Opa-singillarning orzusi ushalib, barchasi tibbiyot institutida tahsil oldi. O‘g‘li Rustam aka bo‘lsa, ota-ona izidan bordi. Siyara opaning opasi Nayme Jambekova kasbidan e’zoz topib, nafaqaga chiqdi. Singlisi Gulnoraxon ham el salomatligiga kamarbasta mehnat qilmoqda.

Siyara Jambekova mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yuqori malakali shifokorlardan sanaladi. Uning tashabbusi bilan Tibbiy-ijtimoiy markaz qoshida 2008 yilda “Yosh onalar maktabi” tashkil etilgan.

– Ushbu mashg‘ulotlarga onalik ostonasida turgan homilador ayollarni jalb etamiz, – deydi S.Jambekova. – Har bir bo‘lajak ona homiladorlik davrining kechishi, tug‘ish va yangi dunyoga kelgan chaqaloqni parvarishlash jarayoni borasida ko‘nikmaga ega bo‘lishi lozim. Mashg‘ulotlar davomida homilaning to‘g‘ri rivojlanishi uchun jismoniy mashqlar ham bajariladi. “Yosh onalar maktabi” mashg‘ulotlari so‘nggida ishtirokchilarning mulohazalarini anketa asosida bilib olamiz va faoliyatimizni shu asnoda nazorat qilib boramiz.

Ayol salomatligi – oila mustahkamligi, turmush obodligini ta’minlaydi. Zero, sog‘lom onadan sog‘lom farzand dunyoga keladi. Avvalo, har bir inson o‘zining salomatligi borasida qayg‘urishi kerak. Sog‘liqqa be’etibor bo‘lish ko‘ngilsizliklarga olib keladi. Siyara opa huzuriga malham izlab kelgan har bir kishini iliq kutib oladi va tibbiy maslahatlar bilan birga hayoti uchun zarur nasihatlar beradi.

Yana o‘qing:  EZGULIKDAN E’ZOZ TOPIB

S.Jambekova shogirdlariga kasb sir-asrorlarini sidqidildan o‘rgatadi. Jamg‘armaning hududiy filiallari tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari shifokorlari ishini nazorat qilibgina qolmay, ularga zarur maslahatlar, zamonaviy tibbiy tekshiruv va davolash usullari borasida mahorat darslarini o‘tadi.

…Har kim baxtni o‘z tarozisida o‘lchaydi. Siyara opa baxtni, har kun tongda uyg‘onish, sog‘lom va xotirjam ishga borish va oqshom xotirjam oila bag‘riga qaytishda, deb biladi. – Baxt yana taning salomatligida, – deydi Siyara opa. – Nafaqat insonni o‘zining, yaqinlari, oila a’zolarining sog‘ligi, yurtning tinchligi, osmonimizning musaffoligida. Bir qarashda kishi uchun aziz barcha narsada baxtning uchquni ko‘rinadi…

O‘tayotgan yilda Tibbiy-ijtimoiy markaz akusher-ginekolog shifokori Siyara Jambekovaning aholi salomatligini saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘lidagi uzoq yillik samarali mehnatlari inobatga olinib, davlatimizning yuksak mukofoti “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Ayol – oilamiz va qalbimizning ko‘rki. Siyara opa ham bir xonadonning suyukli bekasi. Umr yo‘ldoshi Ilmdar aka bilan birga hayot lahzalarida odimlayapti.

Har tong uyg‘onib Baxt quyoshining munavvar nurlaridan bahramand yashash zavqi muborak bo‘lsin!

U – shahdi, shiddati, iffati aziz,

U – qaddi kamoli xushro‘y gul misol.

Shubhasiz, dunyoni suyab turibdi,

Qalbi muhabbatga yo‘g‘rilgan Ayol!

Faxriddin HAYITOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: