Respublika bo‘ylab “Diabet oyligi” start oldi
Endokrinologiya sohasi sog‘liqni saqlash tizimida alohida o‘rin tutadi. Chunki, endokrin kasalliklar ko‘p hollarda surunkali kechib, og‘ir asoratlarga olib keladi.
Bu xastalik oqibatida o‘lim va nogironlik ko‘rsatkichlari ko‘p kuzatiladi.
Respublikada qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga tashxis qo‘yish va ularni davolash uchun 14 ta endokrinologik dispanser faoliyat ko‘rsatmoqda. Joylarda 505 ta endokrinologik xonalar, shulardan 176 tasi bolalar endokrinologik xonalari ish olib bormoqda. O‘zbekistonda endokrinologik xizmatni Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIEIATM) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi boshchiligida muvofiqlashtiradi.
Endokrinopatiyalar tizimida birinchi o‘rinni qalqonsimon bez kasalliklari, 2-o‘rinni qandli diabet, 3-o‘rinni gipotalamo-gipofizar tizimi kasalliklari, 4-o‘rinni jinsiy bezlar kasalliklari va boshka xastaliklar egallaydi.
Hozirgi kunda butun dunyoda bu kasallik bilan 366 milliondan ziyod insonlar azob chekmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra agar samarali choralar ko‘rilmasa 25 yildan so‘ng yer yuzidagi har oltinchi odam, qandli diabetga chalinish ehtimoli yuqori.
Epidemiologik ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda qandli diabetning tarqalish darajasi 5 foizni tashkil qiladi. Ammo hozirgi kunga kelib salkam 136 ming bemor dispanser hisobida turadi. Ulardan bolalar 1292, o‘smirlar-553 nafarni tashkil qiladi.
Diabet oyligini o‘tkazishdan maqsad – insonlarga qandli diabet uning xavfli omillari, erta tashxis qo‘yish, asoratlarni oldini olish haqida ko‘proq ma’lumot berish, xulosa qilib aytganda “diabetga qarshi kurash”ga chaqirishdan iborat.
Diabet oyligi tadbirlari respublikamizning barcha viloyatlarida o‘tkazilmoqda. Diabet bu hayot tarzi, uning oldini olish va asoratlari qolmasligi uchun o‘z-o‘zini nazorat qilish deganidir.