“Yangicha” tarbiya usuli
bolaga nima bera oladi?
– Men “Supermen”man, mana senga.
– Men “Betmen”man. Sening zarbang menga ta’sir qilmaydi.
Bo‘yningdan arqon o‘tkazib, “dom”ning tomiga osib qo‘yaman.
– To‘xta, Abbos oyog‘ing bilan tep. Qorniga tushirsang, nafas ololmay qoladi, keyin uraverasan.
Biri besh yana biri uch yoshlar chamasidagi ikki o‘g‘lining o‘zaro mushtlashishiga mamnun qarab turgan va ularni ajratib, “urishmanglar”, deyish o‘rniga qanday ursa “raqib”ga ko‘proq azob berish mumkinligini o‘rgatayotgan otani ko‘rib yoqamni ushladim.
O‘g‘liga “jang san’atini” qoyilmaqom o‘rgatayotgan bu kishining otalik vazifalarini to‘liq bilishiga shubhalanganimcha bir allomaning gaplari yodimga tushdi: “Ota bo‘lish oson, ammo, otalik qilish qiyin”.
Hozir otasidan qanday mushtlashishni o‘rganayotgan bola ertaga yana boshqa bir yomonlikni hech qanday hadiksiz va ikkilanishlarsiz amalga oshirmasligiga kim kafolat beradi?!
Ota-chi, urayotgan ham kaltak yeyotgan ham o‘zining bolasi ekanini, bora-bora agar bolalari shu tarbiya bilan ulg‘ayishsa, so‘nggi zarba uning yuragiga tushib qolishi mumkinligini nahot his qilmayapti.
Ana shu xayollar ta’sirida otaga savol berdim:
– Nimaga bolalaringiz urishishayapti?
– Hozir kompyuter o‘ynab chiqishdi. “Betmen” hamma dushmanini “o‘ldirgan” ekan. O‘shanga o‘xshashga harakat qilishayapti.
– Ularga kompyuter o‘yinlarini o‘ynatgandan ko‘ra ertak yoki dostonlar aytib bersangiz yaxshi emasmi, – deb o‘zimcha tanbeh bergan bo‘ldim.
U menga noroziligini yashirmagan holda boqib:
– Hozirgi zamon bolasi bo‘lgandan keyin kitob titkilab o‘tiradimi? Zamon bilan hamnafas yuradi-da. Ertagu dostonlaringiz eskirib ketgan, – deb javob berdi.
Qiziq javob. Otaning “Betmen” hammani o‘ldirgan”i haqida va bolalarining unga, ya’ni qotillik qilgan kimsaga o‘xshashga harakat qilayotganlari haqida bunchalar xotirjam gapirishi va farzandlarini ana shunday “zamonaviy” tarzda tarbiya qilishini ta’kidlashi meni hayron qoldirdi.
Ezgulik hech qachon eskirmaydi, insoniylik ham. Tarixdan olib qaralsa o‘zimizda ham bolalarimiz havas qilsa arzigulik qahramonlar yetarlicha topiladi. Xalq og‘zaki ijodining nodir durdonalaridan bo‘lmish “Alpomish” dostonidagi Alpomishning qahramonliklari hech qaysi “Supermen”dan kam emasligini bu asarni o‘qigan yoki tinglagan odam darhol tushunadi. Bolalarimizda milliy ruhni kuchaytirish, milliy qahramonlarimizga havas tuyg‘usini shakllantirishda ham avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tarbiya usulining o‘rni beqiyos.
Biz mustahkam ildizlarga ega xalqmiz. Asrlar davomida shakllanib kelgan qadriyatlarimizning tub zamirida bolani yoshligidan komil inson qilib tarbiyalashga yo‘naltirilgan ezgu maqsad mujassam. Shu sababdan bizda farzand tarbiyasida uning insoniy fazilatlarini bolalikdan shakllantirib borishga katta e’tibor qaratiladi. Bu bizning hayotimiz, turmush tarzimizga singgib ketgan. Ana shu tushunchalar bilan ulg‘ayamiz, farzandlarimizni ham shunday tarbiya qilamiz. Bugun butun dunyodagi global muammolardan biriga aylangan “ommaviy madaniyat”ga qarshi turuvchi milliy mafkuraviy immunitetimiz ham shu asnoda shakllanib boradi va yot g‘oyalarga qarshi milliy qadriyatlarimiz hamda sharqona tarbiyamiz bilan kurashishimizni ta’minlaydi.
Ammo “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek”, bugungi kunda ota-onalar orasida mana shu bolalarning otasi singari “yangicha” tarbiya usullarini qo‘llab, farzandlarini “go‘yoki zamonaviy” qilib tarbiyalayotganlari ham afsuski uchrab turadi. Bolalarini zamon bilan hamnafas tarbiyalash maqsadida o‘zlari ham yaxshi anglab yetmagan “madaniyat”lar bilan ko‘r-ko‘rona oshno qilish natijasida bolani mustaqil fikr va aniq e’tiqodsiz bo‘lib qolishlariga sababchi bo‘lishmoqda. Pirovardida bola o‘z-o‘zidan ana shunday yengil-elpi hayot tarzini targ‘ib qiluvchi “madaniyat” ta’siriga tushib qoladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bugungi zamonda mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko‘ra ko‘proq kuchga ega” bo‘lgan bir davrda yoshlarimizning ma’naviy immunitetlarini kuchaytirishda milliy tarbiyaning o‘rni beqiyos ekanini unutmasligimiz lozim.
Mamlakatimizda Yurtboshimiz rahnamoligida farzandlarimizni ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalashga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarimiz esa o‘z navbatida bunga munosib tarzda dunyo maydonlarida ko‘plab muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishmoqda. Ilm-fan, sport, madaniyat va san’at yo‘nalishlarida o‘zlarini ko‘rsatayotgan yoshlarimiz ajdodlarning munosib vorislari ekaniliklarini isbotlamoqda.
Farhod TOLIPOV