Sog‘lom hayot tarzi – uzoq umr garovi
Xalqimizda “Sog‘lom ruh tanni davolaydi”, degan tushuncha mavjud. Yoshlikdagi turli, kasalliklar, ruhiy hayajonlar keyinchalik o‘z asoratlarini ko‘rsata boshlaydi. Yunon allomasi Gippokrat tomonidan berilgan inson hayoti tasnifi diqqatga sazovordir. Bu tasnif bo‘yicha insonning yashash davri o‘nta hayotiy davrga bo‘linib, bu esa har yetti yilda o‘zgarib turar ekan. Tibetlik tabiblarning ma’lumotlariga ko‘ra erkaklarda turli kasalliklar 40 yoshdan 50 yoshgacha, ya’ni Gippokrat fikriga ko‘ra yettinchi hayotiy davrda kuzatilarkan.
Inson hayotining yoshlik davridagi har qanday vaziyatlar, o‘z vaqtida kasalliklarning oxirigacha davolanmasligi sababli o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Demak, organizmda kechayotgan salbiy o‘zgarishlarning oldini olish uchun tegishli tekshiruvlar va davolash choralarini ko‘rish zarur. Ayniqsa, insonni pala-partish jinsiy hayot kechirish jinsiy yo‘llar bilan yuquvchi turli infeksiyalarga mubtalo qiladi. Shuningdek, OIV (odam immuntanqisligi virusi)ni ham yuqishiga keng yo‘l ochadi. Buning oqibatida organizmda OITS (odam immuntanqisligi sindromi) rivojlanadi.
Bugungi kunda turli usulda davolovchi tabiblar barcha kasalliklarni tuzata olishlarini aytishmoqda. Ammo erkaklarning mijoz sustligiga olib keluvchi asosiy sabablarga katta e’tibor qaratish zarur.
Impotensiya – erkaklarning mijoz susayishi bo‘lib, bu boshqa kasallikning asorati sifatida yuzaga kelishini hamma ham bilavermaydi. Yoshlarning yangi oila qurishi, yangicha hayot tarzidagi qattiq his-hayajon va qo‘rquv ham organizm uchun ruhiy zo‘riqish (stress) omili hisoblanib, bu holatdan yigitlar ruhiy yondashuv yordamida chiqishi mumkin. Buning uchun har bir inson o‘z organizmini yaxshi anglashi va o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat etishi zarur.
1998 yilning fevral oyida Jenevada Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tashabbusi bilan o‘rta yoshdagi erkaklarning tibbiy muammolariga bag‘ishlangan I xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu anjumanda quyidagi qator masalalar muhokama etildi. Ya’ni:
1. Nega eng rivojlangan mamlakatlarda ham erkaklar ayollarga nisbatan 7 yil kam yashashadi?
2. Nima uchun erkaklar uchun maxsus shifokorlar (androlog-seksopatolog)lar yetishmaydi?
3. Ayollarga klimaks davrida gormonal preparatlar tavsiya etiladi (korreksiya qilinadi) erkaklar esa o‘z muammolari bilan ko‘pincha nega yolg‘iz qolishadi?
Ushbu xalqaro tibbiy kongressda mashhur xorijlik endokrinolog Bruno Lyunenfeld tadbir ishtirokchilariga erkaklar muammosiga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi haqida murojaat etdi.
Ayollarda jinsiy gormon esterogen hisoblanadi, erkaklarda esa testosteron bo‘lib, 45 yoshdan boshlab organizmda uni ishlab chiqarilishi kamayadi. Ayrim kishilarda bu gormon 80 yoshda ham bir xil me’yorda ushlanib turadi. Ular tashqi ko‘rinishidan baquvvat bo‘lib sog‘liqlaridan shikoyat qilmaydilar.
Ilmiy izlanishlar natijasida shu ma’lum bo‘ldiki, testosteron nafaqat jinsiy a’zolar balki, butun organizmdagi qon aylanish tizimi, moddalar almashinuviga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Organizmda klimaks payti tushunib bo‘lmaydigan bo‘g‘im hamda suyaklardagi og‘riqlar, bo‘shashib, quvvatsiz bo‘lib qolish, to‘satdan yurakning tez urib ketishi (bu holatda elektrokardiogrammada hech qanday o‘zgarish aniqlanmaydi), kechqurunlari bot-bot ter bosishi, xotiraning susayishi, uyquning buzilishi, dahshatga tushib qolish, ishtahaning pasayishi, tanada ortiqcha yog‘ to‘planishi, ruhiy tajanglik, xo‘rsinish hollari kuzatiladi. Ayrim erkaklarda klimaks qirq yoshdan oshgan vaqtda ham boshlanadi. Bu davrda yuzaga keladigan holatlar natijasida ular juda tez ruhan eziladilar, natijada boshqa kasalliklarni orttirib oladilar.
Oilaviy shifokorlariga kamquvvatlik, tez charchab qolish, jahldor bo‘lib qolganligi haqida murojaat qiladilar. Ko‘pchilik shifokorga murojaat qilsa kasalligini oshkor bo‘lishidan qo‘rqib, bu borada mutaxassis bo‘lmagan tanish shifokorlari, do‘stlari, qarindoshlarining maslahatlari bilan turli keraksiz dorilarni qabul qiladilar. Bu esa kasallikning tuzalishi o‘rniga yanada zo‘rayishiga olib kelishi mumkin. Ma’lumki, hammani bir xil muolaja qilib bo‘lmaydi. Shu bois mutuxassis-shifokorga murojaat etilsa, to‘g‘ri va aniq tashxis qo‘yilgach, kerakli muolajalarni tavsiya etishi mumkin. Bu borada professor O.Tiktinskiyning maxsus jadvali qo‘llaniladi. Ya’ni, kasallarga ma’lum vaqtgacha testosteron dorilari beriladi. Jinsiy a’zolar faoliyati sog‘lom holatga kelgach dori berish sekinlik bilan to‘xtatiladi. Organizm tabiiy darajada gormon ishlab chiqishigacha muolaja olib boriladi.
Xastalik belgilari, tashqi ko‘rinishlari o‘xshash bo‘lganligiga qaramasdan ba’zi bir erkaklarda mijoz sustligi asab tizimining buzilishlari, gormon yetishmovchiligi, endokrin tizimi va yurak qon tomir tizimi yetishmovchiligi oqibatida kelib chiqadi. Agarda har bir oilada oilaviy shifokor bo‘lsa, u holda mutaxassis bemorning hayot ritmini, kundalik o‘zgarishlarni, ya’ni bioritmni biladi. Bunday holatlarda mutaxassis bilan maslahatlashib, aynan kerakli muolajalarni olish erkaklarimizning umrlarini uzoq bo‘lishiga, 80-90 yoshlarida ham to‘laqonli hayotdan bahramand bo‘lishlariga imkon yaratadi. O‘z sog‘lig‘ingizga e’tiborliroq bo‘lish, yosh avlodga o‘rnak bo‘lishini unutmang, azizlar!
Sevara KARIMOVA,
tibbiyot fanlari nomzodi