NAVRO‘Z – HAMJIHATLIK AYYOMI
Navro‘z – yangi kun demak. Xalqimiz har yili Navro‘z mo‘jizasi bilan yuzma-yuz kelib, undan ruhiy quvvat oladi. Zero, u yangi-yangi intilishlar, izlanishlar, ijodiy parvozlarga qanot bo‘ladi.
Navro‘z – odamlarni o‘zaro hamjihatlikka, tinchlik, yoru birodarlikka chorlaydigan qutlug‘ bayram hisoblanadi. Shu kunlarda Navro‘z bayrami bilan bog‘liq tadbirlar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda. Bugun O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ham Navro‘z tantanalariga bag‘ishlangan katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Aytish kerakki, barchamizning eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz Mustaqillik ayyomi va tabiat ato etgan Navro‘zi olam o‘rtasida qandaydir uzviylik rishtalari borga o‘xshaydi. Biri ona tabiatning, ikkinchisi jamiyatimizning tantanasi, ulug‘vor bayrami hisoblanadi.
– Navro‘z tantanalarini yuqori darajada nishonlash uchun katta e’tibor qaratilmoqdaki, zero, Navro‘z ming-ming yillar osha ellarni ellarga, dillarni dillarga oshufta etguvchi xalqona bayram sifatida o‘z tarixiy ahamiyatini saqlab qolmoqda.Nafaqat tabiat, balki o‘zimiz ham yangilanamiz bu faslda. Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z yangilanish, yasharish, yaratish va yashnatish kabi xalqimizga xos ulug‘ qadriyatlarning boshlanishidir, deydi – san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Chinora Ergasheva.
Kuy va qo‘shiqlarga boy bo‘lgan tadbirda oliygohning har bir kafedrasi Navro‘z dasturxonini o‘ziga xos tarzda bezatish bo‘yicha musobaqada ishtirok etdi. So‘nggi natijalarga ko‘ra eng oliy o‘rin bilan “O‘zbek maqomi tarixi va nazariyasi” kafedrasiga taqdirlandi.
Navro‘z tabiatni yangilaydi, poklaydi. Uning udumlari esa inson ruhiyatini yangilaydi. Chunki bayram hech kimni chetlab o‘tmaydi. Ko‘ngliga quvonch soladi, hayotga bog‘laydi. Bu kunlarni seva-seva, inson o‘zi ham katta muhabbatning bir qismiga aylanadi. Obod va farovon hayot sari dadil intilayotgan yurtdoshlarimizning qalbi bugun oppoq orzularga to‘la. Zero, Bahor va Navro‘z hayot abadiyligining tantanasidir.
Gulnoza HUSAINOVA