Jajji ko‘ngillar charog‘boni

Inson hayotda yashar ekan, uning biror bir kasb-hunarni egallashida munosib hissa qo‘shgan ustozlari bo‘ladi. Shu sababdan ustoz otadek ulug‘lanadi, qadrlanadi. Ko‘pchilik birinchi ustoziga havas qilib unga o‘xshab murabbiy bo‘lish istagini qalbiga jo qiladi. Lavhamiz qahramoni Olimjon Bimbetov ham shu sabab o‘qituvchilik kasbini tanladi.

– O‘qituvchilik dunyodagi eng sharafli va mas’uliyatli kasblardan biri. Har bir o‘g‘il-qizni chuqur bilimli, intellektual salohiyatli komil inson etib voyaga yetkazishda ustozlardan mustahkam bilim, mas’uliyat hamda fidoyilik talab etiladi. Kelajak avlod qalbiga ziyo nurlarini taratish, ularni ona Vatanga sadoqatli, mehnatsevar etib tarbiyalash va vaqti kelib ana shu mehnatlari mahsulidan faxrlanish har bir ustozning ezgu niyatidir, – degan edi Olimjonning maktabdagi ustozi Xojanazar aka Jumag‘ulov. Bu so‘zlar bolalikdan o‘qituvchilik kasbiga unda mehr uyg‘otdi va uning yodida bir umrga muhrlanib qoldi.

Qattiqqo‘l, talabchan O‘tarboy aka o‘g‘liga juda ko‘p kitob sovg‘a qilardi. Buning uchun Olimjon otasidan nihoyatda minnatdor. Uy kutubxonasi uning sevimli maskani bo‘lib, bolalik sho‘xliklaridan ortib “O‘zbek xalq ertaklari”, “Gulliverning sayohati” va boshqa turli millat ertak kitoblarini, keyinchalik “Ibn Sino o‘gitlari” va tabobatga doir ko‘pgina kitoblarni qayta-qayta o‘qirdi. Ana shu asarlardan u odamiylik, yaxshilik kabi fazilatlarni olib voyaga yetdi.

Olimjon Bimbetov 2005 yili Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga grant asosida o‘qishga kirdi. Talabalik yillarida ta’lim maskanida hamda respublika miqyosida o‘tkaziladigan turli tanlovlarda faol ishtirok etdi, institutda tashkil etilgan “Ziyoli yoshlar” klubining faol a’zosi, “Yosh olimlar” klubining yetakchisi sifatida faoliyat olib bordi.

O‘zining yuksak salohiyatini namoyon etib “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi tomonidan tashkil etilgan “Biz bir jamoamiz” aksiyalarining faol ishtirokchisiga aylandi. Keyinchalik markaz qoshida tashkil etilgan “Intellektual klub” koordinatori bo‘lib faoliyat olib bordi. Shuningdek, 2006-2007 yillar davomida Qoraqalopog‘iston Respublikasi Reproduktiv salomatlik markazida yoshlar qo‘mitasiga yetakchilik qilib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etib, qator loyihalarda ishtirok etdi.

2005 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan tashkil etilgan “Silga qarshi kurash” loyihasida faol ishtirok etib, Qorao‘zak, Shumanay, Taxtako‘pir kabi chekka tumanlaridagi qishloq aholisiga mazkur kasallik haqida to‘liqroq ma’lumot berish, kasallikning oldini olish profilaktikasi borasida aholining tushunchasini mustahkamlashda o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.

Yana o‘qing:  “Tovoqsoy” – so‘lim sihatgoh

O‘qishni muvaffaqiyatli tugatgach, Nukus shahridagi Qizketken posyolkasida joylashgan 20-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchilik faoliyatini boshladi. 2013 yili K.Ubaydullayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida malaka oshirib boshlang‘ich ta’lim fanidan dars berish imkonini qo‘lga kiritdi.

Bugungi kun o‘qituvchisi doimo o‘z ustida ishlashi, izlanish va o‘rganishdan to‘xtamasligi kerak. Chunki, hozirgi zamon o‘quvchisida bilimga, yangilikka intiluvchanlik yuqori. Shu bois o‘qituvchilardan darslarni ilg‘or pedagogik texnologiyalar, innovatsion usullar, interaktiv usullardan foydalangan holda tashkil etish talab etiladi. Bu esa ta’lim muhitining qulay va qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi. Yosh pedagogning har bir fan bo‘yicha o‘tadigan darslari ana shunday qiziqarli.

– Olimjon Bimbetov pedagogik faoliyati davomida tashkilotchilik va yangilikka intiluvchanlik qobiliyati bilan jamoa hurmatini qozongan. O.Bimbetov o‘tadigan “Ochiq dars”ga kirsangiz bolalar bilan birgalikda ertaklar olamiga sayohat qilasiz. U o‘ziga va o‘quvchilarga talabchan. Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bilan til topishish ancha mushkul. Ammo, bizning Olimjon buni juda yaxshi eplaydi. Pedagogik kengashlarda faol o‘qituvchilarni mukofotlash maktabimizda odat tusiga kirgan. O.Bimbetov ana shunday kengashlarda “bolajon” nomini olgan, – deydi maktab direktori, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi Dilyara Matkarimova.

U har bir dars jarayonida o‘tilayotgan mavzuga imkon qadar o‘quvchilarning e’tiborini jalb qilishga harakat qiladi. O‘yin va boshqa qiziqarli uslublarga tayangan holda o‘tilgan mashg‘ulotlar jajji o‘g‘il-qizlar qalbida katta taassurot qoldirayotgani ota-onalarning fikridan ham ma’lum:

– O‘g‘lim maktabdan qaytgach ko‘chaga shoshilar, uyda dars tayyorlashga unchalik ro‘yxush bermasdi. Asta-sekin ustozi o‘gitlari unga ta’sir etib, uyda dars qilishga o‘rgandi. Chunki, Olimjon Bimbetov bolalarning qalbiga yo‘l topa oladigan ustozlardan. U hattoki bolalarimizni maktab oldidagi yo‘ldan yetaklab o‘tib, mashinaga chiqarib qo‘yadi, – deydi o‘quvchilardan birining onasi yosh pedagog haqida gapirar ekan.

Olimjon turmush o‘rtog‘i Bibijan bilan jajji qizi Janiyani voyaga yetkazmoqda. Bu yosh oilaga mahalladagilar ham har tomonlama havas qilishadi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: