Qovoqli-go‘shtli kotletlar
Kuz – pishiqchilik fasli. Dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan, salomatligimiz uchun foydali bo‘lgan vitaminlarga boy meva va sabzavotlar dasturxonimiz ko‘rki. Farzandlarimizning jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishlarida oila bekalarining o‘rni beqiyos. Shu bois oila a’zolarim sog‘lom bo‘lsin degan har bir ayol ro‘zg‘orda bor mahsulotdan ishtaha ochadigan mazali va salomatlik uchun foydali taom tayyorlashga harakat qiladi. Ana shunday taomlardan biri bo‘lgan qovoqli kotletlarni tavsiya etamiz:
Kerakli masalliqlar: 200 gr go‘sht, 200 gr qovoq, 2 osh qoshiq manna yormasi, bir bosh piyoz, 2 dona tuxum, bir piyola sut, ta’bga ko‘ra tuz.
Go‘sht, qovoq hamda piyozni birgalikda go‘sht qiymalagichdan o‘tkazib tayyor bo‘lgan aralashmaga tuxum, manna yormasi, sut va tuz qo‘shasiz. Qiyma bir xil yopishqoq bo‘lguncha obdon aralashtirasiz. Tayyor bo‘lgan mahsulotni zich bo‘lishi hamda dimlab pishirish paytida unda yoriqlar paydo bo‘lmasligining oldini olish maqsadida 1-2 soatga muzlatgichga qo‘yasiz.
Maxsus idish yoki tovaga aralashmadan tayyorlangan kotletlarni taxlab chiqasiz va qizib turgan gaz plitasi pechida 15-20 daqiqada pishirib olasiz. Issiqqina kotletlarni mayonez yoki smetana bilan dasturxonga tortasiz.
Qovoq kotletga yoqimli va shirin ta’m beradi. Mazkur taom yog‘siz tayyorlanishi bois bolalar, keksalar shuningdek, me’da-ichak kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun ayniqsa foydali hisoblanadi.
Yelena ZABIROVA