Yana ikki bokschimiz chorak finalda
Boks bo‘yicha XVII jahon chempionatida nimchorak final bahslari yakunlanib, o‘n vazn toifasida jami sakson nafar bokschi sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Qozog‘istonda davom etayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining yana ikki nafar a’zosi nimchorak final bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi.
52 kilogramm vazn toifada ringga chiqqan hamyurtimiz Jasurbek Latipov armanistonlik Narek Abgaryanni mag‘lubiyatga uchratdi. O‘tgan jahon chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgan hamyurtimiz bu gal yarim finalga chiqish uchun irlandiyalik Patrik Barns bilan raqobatlashadi.
81 kilogramm vazn toifasida Osiyo chempioni – Oybek Mamazulunov jahon chempionatida ham sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda. Mohir sportchimiz nimchorak final bahsida Bosniya va Gersegovina terma jamoasi a’zosi Jamol Bosnyak ustidan g‘alaba qozondi. Andijon boks maktabi tarbiyalanuvchisi navbatdagi jangini niderlandiyalik Peter Mullenbergga qarshi o‘tkazadi.
Shu tariqa jahon chempionatining chorak final bosqichiga yo‘llanma olgan bokschilarimiz besh nafarga yetdi. Jasurbek Latipov va Oybek Mamazulunovdan tashqari, Sanjar Rahmonov, Azizbek Abdug‘afurov va Rustam To‘laganov ham nimchorak finalida zafar quchgan.
O‘zA.