Karkadening shifobaxsh xususiyatlarini bilasizmi?

Insoniyat qadim zamonlardan beri o‘simliklarning shifobaxshlik xususiyatlarini o‘rganib, ulardan o‘z o‘rnida samarali foydalanib kelgan. O‘sha vaqtlarda inson bilan tabiatning uyg‘unligi hozirgi davrdagidek uzilish darajasigacha yetmagan edi. Urbanizatsiya jarayonlarining shiddat bilan rivojlanishi bizni nafaqat tabiatning go‘zalligidan balki, uning bag‘rida ungan tabiiy giyohlarning va unsurlarning ajoyib shifobaxsh xususiyatlaridan ham bebahra qoldirmoqda.

Insoniyat hayoti o‘simliklar olami bilan uzviy bog‘langan. Quyida biz nabotot olamiga taalluqli o‘simlik – karkade haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Karkade gulxayrilar oilasiga mansub bo‘lgan o‘simlik. Bu o‘simlik 3.5 metrgacha bo‘y cho‘zishi mumkin. Uning poyasi va barglari yashil, biroz qizil rang aralashgan bo‘ladi. O‘simlikning gullari 5-7 sm.gacha bo‘lib, u o‘ziga xos juda kuchli muattar hid taratadi.Bu o‘simlikning ona vatani – Hindiston hisoblanadi. Hozirgi vaqtlarda karkadeni Sudan, Misr, Xitoy, Shri-Lanka, Tailand va Meksika kabi tropik iqlimli mamlakatlarda o‘stirishadi.

Sudanda karkade juda ham ommalashgan. Shu boisdan ham uning ikkinchi norasmiy nomi – Sudan atirguli deyiladi.

Malayziyada karkadeni “bunga raya” deb atashadi va nihoyatda e’zozlashadi. Karkade ushbu mamlakatning milliy bayrog‘ida aks ettirilgan.

Gullari so‘lib qolganida karkade ajo­yib shifobaxsh xususiyat kasb etadi. Ulardan tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun damlama tayyorlanadi.

Karkade qayerlarda o‘sishiga qarab o‘z rangini va ta’mini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, Misrda yetishtirilgan karkadening rangi to‘q qizil, ta’mi esa nordon bo‘ladi. Meksikada yetishtirilgan karkadening rangi to‘q sariq, ta’mi esa biroz sho‘rroq bo‘ladi. Tailandda o‘sgan karkade qirmizi rangli, ta’mi shirin bo‘ladi.

Karkadening tarkibida 13 xil organik kislotalar mavjud. O‘simlik tarkibidagi limon, olma va vino kislotalari karkadedan tayyorlangan ichimlikka nordon ta’m berib, chanqoqni yaxshi qondiradi. Organik kislotalardan tashqari karkadeda turli xil vitaminlar, mikroelementlar, biologik faol moddalar mavjud bo‘lib ular odam organizmiga tushganida immunitetni kuchaytiradi, asab tizimining toliqishini kamaytiradi. Uning tarkibida yana antotsinlar ham mavjud. Aynan ular o‘simlikdan tayyorlangan choyga o‘ziga xos rang bag‘ishlaydi. Antotsinlar qon tomirlarining devorlarini mustahkamlaydi, qon tomirlarining o‘tkazuvchanligini oshiradi va shu bilan qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi.

Spazmolitik ta’siri tufayli karkade safroning ajralib chiqishini yengillashtirib, jigar hamda siydik tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Muntazam ravishda undan tayyorlangan damlamani iste’mol qilib borsangiz moddalar almashinuvi yaxshilanadi, me’da osti bezi va me’da tizimi faoliyati normallashadi.

Ushbu o‘simlik profilaktik xususiyatlarga ham ega. Bu o‘simlikdan tayyorlangan damlama, boshqa xil vositalar me’da-ichak tizimining faoliyatini yaxshilaydi, diabetning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Undan tayyorlangan choy yumshoq bo‘shashtiruvchi xususiyat kasb etadi. Me’da-ichak tizimining faoliyatini normallashtirish maqsadida karkadeni kamida 15 kun davomida muntazam iste’mol qilish zarur. Shundan so‘ng bir hafta davomida tanaffus qilinadi va yana bir hafta davomida davolanish kursini davom ettirish lozim.

Yana o‘qing:  Bolalarda nega adenoid rivojlanadi?

Damlamasi qon bosimini normallashtirishga xizmat qilgani uchun ham karkade qadr­lidir. Qizig‘i shundaki, damlamani issiq holida iste’mol qilsangiz qon bosimi oshadi. Aksincha, damlamani sovutib so‘ng iste’mol qilsangiz qon bosimi pasayadi.

Undan tayyorlangan choy spirtli ichimliklardan zaharlanish holatini ancha kamaytiradi.

Afrika qit’asining mahalliy qabilalarida karkadedan kesilgan, tirnalgan turli xil yaralarni davolash maqsadida foydalanishadi.

Karkadening tarkibida shovul (oksalat) kislotasi umuman yo‘q. Ma’lumki, oziq-ovqat tarkibidagi oksalat kislota buyraklarda tosh hosil qilishi mumkin. Demoqchimizki, karkadedan buyrak tizimida kasalliklar bor bo‘lgan bemorlar ham bemalol foydalana oladi.

Har holda ba’zi bir bemorlarga bu o‘simlikdan tayyorlanadigan turli xil dori vositalaridan foydalanishda ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Jumladan, o‘simlikdan tayyorlangan damlamalar me’da shirasining ajralib chiqishiga kuchli ta’sir qilishi sababli me’da yarasi bor bo‘lgan bemorlarga uni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Karkadeni bir yoshga to‘lmagan yosh bolalarga ham berish mumkin emas. Bundan tashqari, o‘simlikning tarkibidagi turli xil moddalarga allergiyasi bor bemorlarga ham uni iste’mol qilish man etiladi.

Oshpazlikda karkadedan unumli foydalaniladi. Masalan, o‘simlikning yangi uzilgan barglarini turli sabzavotlardan tayyorlangan salatlarga, hayvon go‘shti va baliqdan tayyorlanadigan ovqatlarga qo‘shib iste’mol qilinsa taom xushxo‘r bo‘ladi. Karkadening quritilgan urug‘larini suyuq ovqatlarga solishadi. Gul barglaridan esa juda mazali murabbo tayyorlash mumkin.

Kosmetologiyada karkadedan foydalanish uslublariga ham qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Karkadedan tayyorlangan damlamani avval sovutib so‘ng muzxonaga qo‘yib hosil bo‘lgan muz parchalari bilan yuz terisiga oro berish mumkin. Yuz terisi juda yog‘li bo‘lsa tayyorlanadigan kosmetik vositaga ozgina oq musallasdan qo‘shib yuborsangiz ayni muddao bo‘ladi. Muolajani bajarib bo‘lgach yuzni yaxshilab yuvib tashlash va oziqlantiruvchi kremdan surtib olish tavsiya qilinadi. Karkadeni teridagi ortiqcha tuklardan xalos bo‘lish maqsadida ham ishlatsa bo‘ladi. Buning uchun 1 osh qoshiqda yanchilgan kofe olinadi va unga karkadedan tayyorlangan damlama qo‘shiladi. Muolajadan keyin yaxshilab yuvinib olish kerak.

Karkade qaynatmasini tayyorlash uchun ishlatilgan gulbarglari yumshaganidan so‘ng ularni ham iste’mol qilish mumkin. Ularning tarkibida vitamin S, oqsillar, aminokislotalar, pektin mavjud bo‘lib ular ichaklarni turli toksin (zahar)lar va xiltlardan tozalaydi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: