Joylarda “tibbiyot posbonlari” paydo bo‘ladi

Qariyb bir oydan buyon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va boshqa mutasaddi idoralar vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi joylarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifatini oshirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganmoqda.

O‘rganishlar jarayonida sohada uchrayotgan ko‘plab muammolar ham aniqlanib, ularni tizimli ravishda hal etish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, ana shunday masalalardan biri chekka, shifoxonalardan olisda joylashgan aholi punktlarida yashovchi fuqarolarning tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati bilan bog‘liq.

Tahlillar bunday aholi punktlarida fuqarolar oddiygina masalalar –shifokorning bir og‘iz maslahatiyu arzimas yordami bilan o‘z yechimini topadigan holatlarda ham huda-behuda “Tez yordam”ni chaqirishini ko‘rsatmoqda.

Ana shuni e’tiborga olgan holda, aholi bilan muloqotlar chog‘ida kelib tushayotgan takliflar asosida parlament quyi palatasi deputatlar aniqlangan muammolarni hal qilishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar qatorida ushbu masalaning yechimini topishda ham amaliy ishga qo‘l urdilar.

Parlament quyi palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, aholining sog‘lom turmush tarzini, jismoniy faolligini oshirish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va tibbiy profilaktika o‘tkazish sifatini yaxshilash, fuqarolarning sanitariya-gigiyenik madaniyatini yuksaltirish borasida yurtdoshlarimizning takliflarini inobatga olgan holda, Xatirchi tumanida “tibbiyot posbonlari” faoliyati tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ma’lumki, hozirda qariyb barcha qishloq yoki mahallada pensiyadagi, ko‘p yillik tajribaga ega shifokorlar yashaydi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y azaldan ularga murojaat etib keladi.

Ishlab chiqilgan tegishli nizomga ko‘ra, endi “tibbiyot posbonlari”, ya’ni pensiyadagi oliy ma’lumotli shifokorlar, shuningdek, tibbiyot muassasalarida ishlab turgan shifokorlar bo‘sh vaqtida o‘zlari yashaydigan hududlarda aholiga ularning murojaatlari asosida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, tibbiy profilaktika o‘tkazadigan bo‘lmoqda. Albatta, bu ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.

Bunda tuman tibbiyot birlashmasi tegishli qishloq oilaviy poliklinikalari (QOP), qishloq vrachlik punktlarining (QVP) tavsiyasiga ko‘ra, hududda yashaydigan “tibbiyot posbonlari” ro‘yxatini Xalq deputatlari tuman Kengashiga tasdiqlash uchun kiritadi. “Tibbiyot posbonlari” haqidagi ma’lumotlar aholiga tanishtirish uchun tegishli fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarga va ta’lim muassasalariga yuboriladi. Ular istiqomat qiladigan xonadonlar eshigiga esa “Ushbu xonadonda shifokor istiqomat qiladi” degan ma’lumot yozib qo‘yiladi. Ularga tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tegishli guvohnoma berilishi ham mumkin.

Yana o‘qing:  Samarqanddagi ikkita mehribonlik uyiga 30 million so‘mdan homiylik yordami ko‘rsatildi

“Tibbiyot posbonlari” tegishli QOP, QVP tomonidan zarur tibbiy jihozlar, jumladan, tonometr, fonendoskop, termometr va dori vositalari jamlangan sumka, murojaat qiluvchilarni qayd etish daftari bilan ta’minlanadi.

“Tibbiyot posbonlari” o‘zi yashaydigan hududdagi aholining murojaatiga asosan, ularga maslahatlar beradi. Zarurat tug‘ilsa, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatadi. Murojaat qiluvchining iltimosiga ko‘ra, uni ko‘rikdan o‘tkazib, muayyan tibbiyot muassasasiga yuborishi yoki mutaxassisga uchrashishi to‘g‘risida tavsiya beradi. Zarur hollarda esa, tegishli tibbiyot muassasalariga olib borishda hamrohlik qiladi. Bemorning sog‘lig‘iga oid ma’lumotlarni keyinchalik tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun QOP yoki QVPlarga yetkazadi. Mahallalarda, ta’lim muassasalarida va shu hududdagi boshqa tashkilotlarda aholining sog‘lom turmush tarzini, jismoniy faolligini oshirish, aholining tibbiy, sanitariya-gigiyenik madaniyatini yuksaltirishga oid tushuntirish ishlarini olib boradi.

Albatta, hudud aholisiga birinchi tibbiy yordam berishda faollik ko‘rsatgan, aholining hurmati va e’tirofiga sazovor bo‘lgan “tibbiyot posbonlari”ni rag‘batlantirish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, “tibbiyot posbonlari”ning paydo bo‘lishi aholi tomonidan “Tez yordam” chaqirishlar sonini kamaytirishga yordam beradi. Qishloq vrachlik punktlari ustidan shifokorlik nazoratini amalga oshirishga ham ko‘maklashadi. Eng muhimi, chekka-chekka, tibbiyot muassasalaridan olis hududlarda yashovchi aholiga o‘z vaqtida, ishonchli va tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini oshiradi.

Xatirchi tumani tajribasi o‘zini oqlasa, ushbu tashabbusni respublikamizning boshqa hududlarida ham joriy etish ko‘zda tutilmoqda.​

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: