Zotiljamni shamollashdan farqi qanday?

Mazkur kasallikning o‘z vaqtida aniqlanishi va to‘g‘ri davolanishi g‘oyat muhim. Zotiljam Pnevmoniya o‘pka yallig‘lanishi kasalligi bo‘lib, odamdan odamga yuqmaydi. Xastalik bakteriya (pnevmokokk, streptokokk, stafilokokklar) va viruslar sabab yuzaga keladi. Eng muhim omil esa organizm immun tizimining susayishidir.

Har bir inson organizmida shartli potogen mikroblar bo‘ladi. Gripp yuzaga kelganida tabiiyki immunitet sustlashadi. Agar davolangach ham immunitet tiklanmasa, ushbu mikroblar qo‘zg‘alishi va pnevmoniyaga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ORVI, yelvizakda qolish, surunkali o‘pka kasalliklari asoratlari ham zotiljamga olib kelish ehtimoli yo‘q emas.

Shamollashdan farqi qanday?

Boshlang‘ich belgilari gripp va shamollashga o‘xshash bo‘ladi. Ya’ni et uvishishi, holsizlik, bosh va mushaklardagi og‘riq, burun bitishi va yo‘tal singari. E’tibor bergan bo‘lsangiz, gripp holatida yuqori nafas yo‘llari, burun bitishi, tomoqda og‘riq, quruq yo‘tal kuzatiladi. Agar pnevmoniya boshlangan bo‘lsa, yo‘tal o‘pkadan chiqadi. Balg‘am ajralishi kuchayadi. O‘pkada xirillash eshitiladi.

Yosh tanlaydi?!

Ba’zi manbalarda pnevmoniya bolalar va keksalarda ko‘proq uchraydi, deyiladi. Mutaxassislar bu kabi fikrlarni inkor etib, xastalik yosh tanlamasligi, biroq kichkintoylar va qariyalarda tez rivojlanishi bilan xavfliligini ta’kidlashadi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda aniqlangan pnevmoniya darhol muolajaga yo‘naltirilishi keyingi asoratlardan himoyalanish uchun ham muhimdir. Qariyalarda esa pnevmoniya yurak faoliyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Shu bois asosiy muolaja vaqtida ushbu a’zoga ham e’tibor qilinadi.

Shifoxonada davolanish majburiymi?

Zotiljamning yengil, og‘ir ko‘rinishlari bor. Shifokor bemorning umumiy holatini o‘rganib chiqib, o‘pkaning rentgent tekshiruvi hamda boshqa zarur tahlillarni o‘tkazadi. Xastalik aniqlangan turiga ko‘ra muolaja qilinadi. Pnevmoniyaning yengil ko‘rinishlarini ambulator sharoitda davolash mumkin. Ammo asoratlarining oldini olish maqsadida imkon qadar shifoxonada davolanish tavsiya etiladi.

Qishin-yozin bir xilmi?

Mazkur xastalik asosan kuz-qish mavsumida faollashadi. Sababi esa o‘zingizga ma’lum. Havo haroratining pasayishi, shamollash va virusli kasalliklarning ortishi kabilar. Lekin yoz chillasida ham zotiljam bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Bu paytda terlab, sovuq dush qabul qilish, yaxna ichimliklar ichish, issiqdan sovuqqa chiqish kabi holatlar ko‘p kuzatiladi. Bir haroratdan ikkinchisiga moslashishga ulgurmagan organizmda shamollash, tumov, tomoq og‘riqlari kelib chiqadi. Bu esa pnevmoniyaga aylanishi mumkin.

Yana o‘qing:  O‘smirlik – umrning eng nozik pallasi

Takroran xastalanish mumkinmi?

Agar to‘liq davolanilmagan bo‘lsa, bo‘lishi mumkin. Achinarlisi, ko‘pchilik tana haroratining tushishi yoki yo‘tal kamayishi bilan sog‘aydim deydiyu muolajani oxiriga yetkazmaydi. Oqibatda esa surunkali nospetsifik nafas yo‘llari kasalliklari shakllanadi.

Pnevmoniya profilaktikasi juda oddiy: shamollamaslik, oyoqdan zax o‘tmasligi, yaxna ichimliklar ichmaslik, sovuqotish kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmasa bo‘lgani. Muhimi, immunitetingizning ehtiyotini qiling. Shunda xastalanmaysiz!

 

Shavkat SOBIROV 

tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: