Farzandim duduqlanib gapiradi…
O‘g‘lim 3 yoshda. U asabiylashsa duduqlanib gapira boshlaydi. Buning sababi nimada ekanligini bilolmayapman.
Dilfuza Jo‘rayeva,
Buxoro viloyati
Duduqlanishga – qo‘rquv, kasallik, so‘zlashuvdan orqada qolish, salbiy emotsional holatlar, stress (ruhiy zo‘riqish) sabab bo‘ladi. Oiladagi nosog‘lom muhit, turli shikastlar, kattalar tomonidan bolani qo‘rqitish, qorong‘u xonaga bolani kiritish holatlari ham bunga sabab bo‘lishi mumkin. Bola so‘zni buzib talaffuz qilishining yana bir sababi kattalar unga so‘zlarni qisqa, buzib gapirishi natijasida yuzaga keladi.
Ayrim bolalar qattiq hayajonlanganda, asabiylashganda duduqlanib gapiradi. Bunday holat odatda bolakay 2-5 yoshlarda bo‘lganida kuzatiladi. Ayrim bolalar logonevroz xastaligiga duchor bo‘lgani bois ham shunday so‘zlashi mumkin. Bu holda kasallikning turiga qarab logopedik yoki nevrologik yo‘l bilan davolanadi. Kichkintoyni duduqlanishdan davolashda, avvalo, uning uzoq va tinch uxlashiga e’tibor qaratish zarur.
U bilan muloqotga kirishganda sekin, hamda yumshoq so‘zlashish talab etiladi. Maktab davrida bunday o‘quvchilarga o‘qituvchi shirin so‘z bilan muomala qilishi kerak. Logoped tomonidan alohida mashg‘ulotlar o‘tkazilishini ta’minlash zarur.
Bunday bolalarga nisbatan kasallik belgilariga qarab, ya’ni, simptomatik va tinchlantiruvchi davo tayinlanadi. Bundan tashqari har bir oilaviy poliklinikalar qoshida fitobar ochilgan bo‘lib yosh bolalarga olma, malina sharbatidan tayyorlangan kislorodli ko‘pik berilayapti. Na’matak va har xil dorivor giyohlardan tayyorlangan bunday damlamalar miyada qon aylanishini yaxshilab, immunitetni ko‘taradi.
Mavluda Qosimova,
Nevropatolog