San’at haftaligi: yangi g‘oya va loyihalar
Yurtimizda “Art Week Style.uz – 2013” san’at haftaligi doirasida “Oltin Gepard” uchinchi Toshkent xalqaro kinoforumi va “Theatre.uz – 2013” to‘rtinchi xalqaro teatr festivali davom etmoqda.
“Art Week Style.uz – 2013” san’at haftaligi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur anjuman “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi hamda O‘zbekiston yoshlar teatri hamkorligida tashkil etildi.
Teatr – madaniyat, ma’naviyat va tarbiya maskanidir. Mazkur soha faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, iste’dodli, professional kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida yurtimizdagi teatrlar repertuari boyib, badiiy yetuk sahna asarlari yaratilmoqda.
O‘zbek Milliy akademik drama teatri, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri, Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatri, O‘zbekiston Yoshlar teatri, Respublika yosh tomoshabinlar teatri, Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatri, Mannon Uyg‘ur nomidagi Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlarining spektakllari Hindiston, Misr, Yaponiya, Germaniya, Malayziya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro teatr festivallarida yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgani ham buning yorqin dalilidir.
“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi mamlakatimiz teatr jamoalarini, ilg‘or g‘oya va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh ijodkorlar iqtidorini ro‘yobga chiqarish, sohadagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, milliy teatr sohasida erishilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etishga katta hissa qo‘shmoqda. Mazkur jamg‘arma tomonidan qator ijodiy tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Theatre.UZ” xalqaro teatr festivali ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Bu yil to‘rtinchi bor o‘tkazilayotgan ijodiy festival san’at ixlosmandlarini yangi spektakllar bilan tanishtirish, milliy va xorijiy teatrlar ijodkorlarining o‘zaro tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratish, eng asosiysi, yosh iqtidor egalarini va tomoshabinlarni teatr san’atiga keng jalb etish imkonini bermoqda.
Festival doirasida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning teatr ijodkorlari hamkorligida qator spektakllar, teatr rassomlari ko‘rgazmasi, Germaniya, Belarus va Fransiya teatr namoyandalari ishtirokida mahorat saboqlari, yangi loyihalar namoyishi, ijodiy uchrashuvlar va muloqotlar bo‘lib o‘tadi.
Festivalning ikkinchi kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida M.Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlarining “Nuh kemasi” spektakli namoyish etildi. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida belaruslik teatrshunos Yelena Liopo tomonidan “Televideniye + teatr” mavzuida mahorat sabog‘i o‘tkazildi.
Festival doirasida o‘tkaziladigan “Yoshlar ijodi” dasturida o‘zbekistonlik yosh rejissyorlar spektakllari namoyish etiladi. Anjumanga maxsus taklif etilgan Xalqaro teatr uyushmalari konfederatsiyasining ekspert komissiyasi tomonidan saralab olinadigan nomzod 2014 yilda MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari xalqaro teatr forumida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
O‘z muxbirimiz