Yurak tug‘ma nuqsoni qanday paydo bo‘ladi?
Tuxum hujayra urug‘langandan bir necha kun o‘tgandan keyin bachadonning ichki qavatiga homila o‘rnashadi. Uning asab tizimi shakllanadi va yuragi ura boshlaydi. Homilaning yuragi 6-haftadan boshlab 140-150 marta ura boshlaydi. Embrion 20-haftalik bo‘lganda stetoskop yordamida uning yurak urishi eshitiladi. Bilamizki, homiladorlik bir nechta “kritik”, ya’ni, xavfga moyillik davrlaridan iborat bo‘ladi. Aynan ikkinchi” kritik “davr-gistogenez va organogenez davri 15-40 kunga to‘g‘ri keladi va turli teratogen (homilaga zararli ta’sir etuvchi) omillar sababli tug‘ma nuqsonlar rivojlanadi. Eng ko‘p uchraydigan nuqsonlardan biri bu yurak tug‘ma nuqsonidir. Chaqaloqning bunday xastalik bilan dunyoga kelishiga quyidagi xavf omillari ham sabab bo‘lishi mumkin:
Ya’ni, bo‘lajak onaning homiladorlik davrida turli infeksion kasalliklar ayniqsa, TORCH infeksiyalariga chalinishidir. Bunday holatda qizilcha kasalligi sababli yurak tug‘ma nuqsoni rivojlanadi. Kuchli homiladorlik toksikozlari, anemiya (kamqonlik), to‘yib ovqatlanmaslik va uxlamaslik, behollik, kun tartibiga amal qilmaslik, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar hamda gripp bilan og‘rish, yurak tug‘ma nuqsoniga nasliy moyillik, shuningdek, bo‘lajak ota-onaning yoshi 35 dan yuqori bo‘lishi. Yana stress (ruhiy zo‘riqish) ham ushbu dardning rivojlanishiga turtki beradi. Shifokor tavsiyasiz qabul qilinadigan turli antibiotiklar va dori-darmonlar ham bu xastalikning kelib chiqishiga olib keladi.
Yaponiyada dori-darmonlar qutisida ularning iste’mol qilinishi haqida batafsil ma’lumot berilgan bo‘lishiga qaramasdan farmatsevtlar shifokor ko‘rsatmalarisiz ularni bemorga sotmaydi. Hatto, dardmand kishining boshi qattiq og‘rib tursa ham unga darhol og‘riq qoldiruvchi dori berilmas ekan. Aksincha, uning qon bosimi dorixona sotuvchisi tomonidan o‘lchanib, so‘ngra xasta kishiga bir dona tabletka berilib, shifokorga murojaat etishi zarurligi tavsiya etiladi.
Biz ham ushbu qoidani qo‘llasak hozirda kelib chiqayotgan turli tug‘ma nuqsonlarning va yurak porogi ko‘payishining oldini olgan bo‘lar edik.
Nafaqat bo‘lajak onalar, balki otalar ham o‘zlarini turli zararli odatlar, ya’ni, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, giyohvandlik, kashandalikdan, TORCH (toksoplazmoz, qizilcha va boshqa infeksiyalar (V gepatit, zahm, xlamidioz), sitomegalovirus, gerpes) infeksiyalariga chalinishdan asrashlari zarur.
Yurak tug‘ma nuqsonlari deganda bu a’zoning noto‘g‘ri joylashuvi va undagi salbiy o‘zgarishlar, tuzilishidagi odatdan tashqari anomaliyalar-kamchiliklarni o‘z ichiga olishini tushunamiz.
Yurak porogining kelib chiqishi tug‘ma va orttirilgan nuqsonlarga bo‘linadi. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh sababli ham ushbu kasallik ko‘paymoqda.
Kislorod yetishmovchiligi ya’ni, gipoksiyaning kuchliligiga qarab yurak tug‘ma nuqsonlari ikki xil guruhga bo‘linadi.
Go‘dak tug‘ilgan ilk kunlarda tug‘ma nuqson katta bo‘lsa uning hayotida ayniqsa, birinchi haftada yurak yetishmovchiligi rivojlanadi. Agar nuqson kichkina bo‘lsa chaqaloqda uzoq vaqt kasallik belgilari kuzatilmaydi. Ko‘pchilik bemorlarda bolalikdan tez charchash, yurakning tez-tez urishi, kasal bola jismoniy zo‘riqqanda unda hansirash kuzatiladi. Bolaning harakati sustlashadi, dard og‘ir kechganda bemorda o‘pka yallig‘lanishi kuzatiladi. Xastaning teri qoplamlari oqargan, u jismoniy rivojlanishdan orqada qolgan bo‘ladi. Bemorning yurak sohasida shovqin eshitiladi.
Yurak tug‘ma nuqsoni xastaligida uchta davr kuzatiladi. Ya’ni, adaptatsiya – birlamchi moslashish davri. Bu muddatda go‘dak hayotining birinchi kunlaridan gemodinamik (umumiy qon aylanishi)ning salbiy o‘zgarishi va undagi buzilishlarga moslashadi. Agar u yuqumli kasalliklarga chalinmasa va bemorda nevrologik xastaliklar kuzatilmasa ikki yoki uch yoshida bolaning ahvoli yaxshilanib u rivojlanishning keyingi davriga o‘tadi.
Ikkinchi kompensatsiya davrida go‘dakda nisbatan sub’yektiv salbiy o‘zgarishlar kamayadi yoki bo‘lmaydi. Bemorning jismoniy rivojlanishi va harakatlar faolligi yaxshilanadi.
Uchinchi-terminal davrda bemorning himoyaviy moslashish mexanizmi imkoniyatlari tugab miokardda (yurak devorining asosiy qismi – o‘rta mushak qavati) va parenximatoz a’zolarda distrofik va degenerativ o‘zgarishlar yuzaga keladi hamda davo muolajalari ta’sir etmaydigan darajada qon aylanishining buzilishi ortib bemorning ahvoli nihoyatda og‘irlashadi. Agar o‘z vaqtida operatsiya qilinmasa bola nobud bo‘ladi.
Unutmang, eng avvalo oilada ota-ona o‘z farzandi salomatligiga eng katta mas’uliyat bilan qarovchi shaxslar hisoblanadi. Har qanday xastalikda barvaqt tashxis qo‘yilsa va bemor to‘g‘ri davolansa, bu uning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishi uchun zamin yaratadi.
Tasnifi
Gemodinamika (qon aylanishi)ning buzilishi
Kichik qon aylanish doirasining kislorodga to‘yinishi
Kichik qon aylanish doirasining kislorodga to‘yinmasligi
Katta qon aylanish doirasining kislorod bilan to‘yinmasligi
Gemodinamikaning buzilishisiz
Lab-burun uchburchagi sohasida ko‘karish bo‘lmaydi
Ochiq arterial qon oqimi (Botall)
Yurakning bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni
Qorinchalararo to‘siq nuqsoni
Ochiq umumiy atrioventrikulyar kanal
Alohida o‘pka arteriyasi stenozi (torayishi)
Alohida arterial stenoz
Aorta koartatsiyasi
Haqiqiy va soxta dekstrakardiya.
Tolochinov-Roje kasalligi
Tomirlar holatining nuqsoni
Bu sohada ko‘karish (sianoz) paydo bo‘ladi
Eyzenmeyger kompleksi. Magistral (katta) tomirlarning transpozitsiyasi Umumiy arterial qon tomirlar stvoli (o‘zagi)
Chapga bo‘linishlik sindromi
Fallo kasalligi
Trikuspidal atreziya
Asosiy tomirlarning transpozitsiyasi (ularning joylashish holati noto‘g‘riligida)
O‘pka arteriyasining stenozi
Umumiy arterial stenoz. Ebshteyn nuqsoni.
Dilfuza Turdiyeva,
Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutining “Neonatologiya” kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi