Ta’lim taraqqiyotining huquqiy kafolati
Demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan har qaysi jamiyat oldida, avvalambor, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ular qalbida Konstitutsiya va qonunlar asosida yashash dunyoqarashini shakllantirishdek katta vazifa turadi. Bosh Qomusimiz qabul qilingan kundan buyon o‘tgan davr oralig‘ida Konstitutsiyada belgilangan ustuvor iqtisodiy va siyosiy-huquqiy g‘oyalar jamiyatimiz hayotida bosqichma-bosqich o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Konstitutsiya jamiyat va davlat, qolaversa, har bir inson, har qaysi oila hayotida muhim o‘rin tutadi. O‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligiga erishish esa ko‘p jihatdan fuqarolarning huquqiy savodxonligi va siyosiy faolligi bilan bevosita bog‘liqdir.
Fuqarolarning bilim olish huquqlari Bosh Qomusimizda alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi va boshqa huquqiy hujjatlarda o‘z ifodasini topgan ta’limga oid qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ilhom Otajonovni suhbatga chorladik:
– Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin yurtimizda amalga oshirilgan ulkan islohotlar qatorida ta’limga ham alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Qator huquqiy hujjatlar qabul qilinayotir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi esa bu ezgu ishlarning poydevori vazifasini o‘tamoqda.
Mustaqil O‘zbekistonimizning Konstitutsiyasi nafaqat mustaqil demokratik taraqqiyotimizni kafolatlovchi, balki ijtimoiy hayotimizda sodir bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlarni o‘zida aks ettiruvchi asosiy huquqiy hujjatdir. Uning 41-moddasida shunday deyiladi: «Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir».
Darhaqiqat, maktab, kollej va akademik litseylarda ta’lim olish bepul. Xorijiy davlatlar bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, rivojlangan mamlakat hisoblangan AQSHda ham kollejlarda ta’lim olish pullikdir. Mamlakatimizda bitta bolaning ta’lim tarbiyasiga millionlab mablag‘ sarflanadi. Zamonaviy bilim maskanlari, ulkan kutubxonalar, madaniyat saroylari, tibbiy salomatlik majmualari, bolalarning yozgi dam olish sihatgohlari, sport maydonchalari, yirik tennis kortlari qurilayotgani so‘zimizning isbotidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida qabul qilingan qator qonun va dasturlarda asosiy qonunimizda belgilangan huquqiy norma yanada kengroq talqin etildi. Jumladan, «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun, «Kadrlar tayyorlash», Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi hamda «Sog‘lom avlod» Davlat dasturlarida tarbiyani yuksak darajaga yetkazish yo‘l-yo‘riqlari aniq ifodalab berildi. Respublikamizdagi bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Oliy Majlisning qonun va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan kelib chiqib «Kadrlar tayyorlash», Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturlari yaratildi. Dasturlar bu kelajakda qilinadigan ishlarni aniq belgilab olishdir. Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti davrida dasturlar ko‘p qabul qilingan, biroq, umummilliy dasturlar sanoqligina. Ushbu dasturlar, asosan, ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan. Bosh qomusimizdan kelib chiqib qabul qilingan mamlakatimizdagi ta’lim islohotlarini o‘zida ifoda etadigan ushbu dasturlarning ahamiyati beqiyos. Chunki ular mamlakatimizning kelajagi bo‘lgan bolalarimizning ta’lim tarbiyasiga bag‘ishlangan.
Mustaqillik yillarida uch bosqichli ta’lim tizimi yaratildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol qilib tarbiyalashdir. Ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan yoshlar va oliy o‘quv yurtida namunali tahsil olayotgan talabalarni rag‘batlantirish uchun turli grant loyihalari va stependiyalar joriy etilgani ham davlatimizning ulg‘ayib kelayotgan avlodga g‘amxo‘rligi ifodasidir.
Maktablar o‘quvchilari orasida «Umid nihollari», Kollej va akademik litsey o‘quvchilari orasida – «Barkamol avlod», oliy o‘quv yurti talabalari orasida «Universiada» sport musobaqalarini o‘tkazish an’anaga aylandi. Bularning bari farzandlarimizning zamonaviy bilim va tarbiya olishiga zamin hozirlamoqda.
Yosh avlodning yuksak darajadagi huquqiy ongga ega bo‘lishlari hamda huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qo‘llay olishlari uchun huquqiy madaniyatni shakllantirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997 yil 29 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi» qabul qilindi. Ushbu Dastur asosida xalq ta’limi vazirligi o‘z ta’lim– tarbiya dasturini yaratdi. Unga ko‘ra qator tadbirlar belgilandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini darslik sifatida o‘qitish boshlang‘ich ta’lim muassasalari, maktab va kollej-litseylarda yo‘lga qo‘yildi. Huquqiy ta’limni va huquqiy tarbiyani tashkil etish, bu ishni tegishli tarzda muvofiqlashtirib borishni ta’minlash yuzasidan qator chora-tadbirlar belgilandi.
Mamlakatimizda ta’lim muassasalarida huquqiy ta’limning uzluksizligini, har bir kishiga amaliy faoliyatda zarur bo‘ladigan huquqiy bilimlarini belgilangan davlat standartlari darajasida berishni ta’minlash, huquqiy ta’lim va huquqiy tarbiyaning usullari va vositalarini takomillashtirish borasida muntazam ravishda aniq ishlar amalga oshirildi. Eng muhimi, mustaqil davlatimizda huquqiy ta’lim standartining oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida huquqiy ta’lim modeli yaratildi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan oqilona siyosat natijasi o‘laroq, O‘zbekistonning haqiqiy o‘tmishi va buguni, betakror madaniyati, ayniqsa, uning iste’dodli farzandlari dunyo ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan bo‘lsa, Bosh qomusimiz ana shu qobiliyat va iqtidorni ro‘yobga chiqarishni huquqiy jihatdan kafolatladi.
Suhbatni J. Sa’dullayev yozib oldi.