Uchinchisi halol…

Xalqimizning ko‘p mingyillik tarixi aks etgan xalq og‘zaki ijodi turkumidan bo‘lgan dostonu rivoyatlarda qahramonlarning maydonda yakkama-yakka kurash tushishlari va raqiblariga nisbatan xurmat bilan munosabatda bo‘lishlari singari lavhalar juda ko‘p uchraydi. Alpomish ham necha-necha alplar orasidan Barchinoyni halol kurashda g‘olib chiqqandan so‘nggina olib ketadi. Halollikka xalqimiz azaldan juda katta e`tibor berib kelgan. Aynan halollikka. Balki shuning uchundir o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan kurash sportida halol bahosi eng yuqori baho hisoblanar…Balki aynan mana shu yuqori baho kurashning naqadar halol sport turi ekanidan darak berar…

Ana shu xalq og‘zaki ijodi, afsonalar va ko‘p ming yillik tariximizdan xalqimizda sportga bo‘lgan e‘tibor ancha uzoqqa borib taqalishini anglash qiyin emas. Xuddi shunday an‘ana bugungi kunda ham keng qamrovda davom etmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng sportga davlat ahamiyati darajasida e`tibor qaratildi. Yurtboshimizning “Hech narsa mamlakatni sportchalik tez dunyoga tanita olmaydi”, degan so‘zlarining naqadar haqiqat ekanini hozirda barchamiz shohidi bo‘ldik. Sportning ko‘plab turlari bo‘yicha sportchilarimiz ijobiy natijalar qayd etib kelishayotgani esa buning yaqqol isboti bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, sportning turlari ko‘p. Hozirgi kunda butun dunyo miqyosida tan olingan sport turlari orasida o‘zimizning milliy kurashimiz ham borligi O‘zbekiston tom ma`noda polvonlar yurti ekanidan darak beradi.

Keling, qisqacha kurash tarixiga e‘tibor qaratsak. Xalqimiz bejizga Alpomish-u Barchinoylar yurti deya e`tirof etilmaydi. Ko‘plab alloma-yu faylasuflarning o‘zbek kurashi haqida asosan ijobiy fikr bildirganlariga guvoh bo‘lamiz. Bundan 2500 yil avval yashab ijod etgan faylasuf olim, tarix otasi Gerodot o‘zining mashhur «Tarix» asarida kurash haqida to‘xtalib, unda qadim turkiy xalqlarning urf odatlari, an`analari mujassam ekanligi va shu bois ham milliy qadriyat sifatida doimo e`zozlanishini bayon qilgan. Bundan tashqari tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino o‘z asarlarida kurash salomatlikni mustahkamlash va tanani chiniqtirishda eng yaxshi vosita ekanini ta`kidlaydi. Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur qo‘shinidagi askarlarga ham kurash sir — asrorlari puxta o‘rgatilgan. Balki shu sababdan uning qo‘shini yengilmas deya e‘tirof etilgandir.

Ajdodlardan avlodlarga boy milliy meros sifatida o‘tib kelayotgan kurash san‘ati, bugungi kunga kelib dunyo xalqlarining eng sevimli sport turlaridan biriga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra hozirda O‘zbekistonning o‘zida kurash bilan shug‘ullanuvchilarning soni 5 milliondan ortiqni tashkil qiladi. Bu esa kurash xalqimizning qon-qoniga singgib ketganligidan dalolatdir.

Yana o‘qing:  OIV infeksiyasi nima?

Davlatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng milliy qadriyatlarimiz singari kurashni targ‘ib qilishga va uni rivojlantirishga yanada kengroq e`tibor berila boshlandi. Shaxsan Yurtboshimiz ko‘magi va rahnamoligida bir guruh sportimiz jonkuyarlari kurashni xalqaro maydonga olib chiqish rejasini ishlab chiqdilar. Bir vaqtning o‘zida mamlakatimizning turli hududlarida qator yirik turnirlar tashkil etildi.

Shu bilan birga Janubiy Koreya, Kanada, Yaponiya, Hindiston, AQSh, Monako va Rossiya davlatlarida o‘tkazilgan turli sport forumlarida kurashning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Mana shunday sa`y-harakatlar o‘z so‘zini aytmay qolmadi. 1998 yilning 6 sentabrida Toshkentda 28 davlat vakillari ishtirokida Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasiga asos solindi.

 Bugungi kunga kelib Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi o‘z ichiga Osiyo, Afrika, Yevropa, Pan-Amerika hamda Okeaniya Kurash Konfederatsiyalarini qamrab olgan.

Xalqimiz har doim faxrlansa arziydigan polvonlarga ega bo‘lib kelgan. Buning sababi ham o‘z — o‘zidan oilaviy tarbiyaga borib taqaladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, qadimdan to‘ylarda, bayramlarda kurash tushib kelgan ota — bobo, aka — ukalarini ko‘rgan yoshlarning ham xuddi ularga o‘xshashga intilishi tabiiy va bu yurtimizda polvonlarning yangi — yangi avlodlari yetishib chiqaverishiga sabab bo‘ladi.

Polvon yuragi bilan yiqilsa yiqiladi-ki kuragi bilan yiqilmaydi deyishadi. Ana shunday kuragi baland yurt farzandi bo‘lgan polvon yigitlarimizning dovrug‘i bugun dunyoni tutgan. Artur Taymazov, Akobir Qurbonov kabi sportchilarimiz safiga yosh va shijoatli Rishod Sobirov ham qo‘shildi.

Buyuk Britaniyaning London shahrida o‘tgan XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarida mamlakatimiz terma jamoasi xazinasiga bronza medalini tuhfa qilgan Rishod Sobirovni ilk bora ko‘rganimda uning ko‘zlarida yonib turgan g‘urur va o‘ziga bo‘lgan ishonch hali bu yigitning sport olamida katta natijalarni qayd etishi va mamlakatimiz dovrug‘ini dunyoga taratishda o‘ziga xos hissa qo‘shishini ich-ichimdan his qilgandim.

Rishod Sobirovning Olimpiada bahslaridagi birinchi ishtiroki 2008 yilgi Pekin Olimpiada o‘yinlariga to‘g‘ri keladi. O‘shanda yosh sportchimiz bronza medali sohibi bo‘lgan va bundan juda ham quvongan edi. Undan keyin ikki karra jahon, bir marotaba Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Rishod Olimpiada medalini tasodifan qo‘lga kiritmaganini isbotladi. XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarida ham bronza medalini qo‘lga kiritganda esa buni katta xursandchiliksiz, oddiygina qabul qildi. Faqat uning o‘zi emas barchamiz bu natijadan u qadar xursand bo‘lmadik. Sababi biz undan oltin kutgan edik. Faqat biz emas balki butun dunyo Rishodning chempion bo‘lishiga ishongan edi. Ammo, sportda g‘alaba qozonish uchun faqatgina mahorat emas omad ham kerak ekanini shu kuni hamma tushundi. Biroq bir narsa dunyo ommasining nigohidan chetda qolmagan bo‘lishi tabiiy. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda g‘alaba qozongan Rishod barmog‘ini ikki qilib qo‘rsatdi. Bundan hamma o‘zicha xulosa chiqardi. Ko‘pchilik polvonimiz ikkinchi bora bronza medalini qo‘lga kiritganiga ishora qildi deb tushundi. Ammo, xalqimizda uchinchisi halol degan naql borligini hammamiz bilamiz. O‘sha kungi ishoraning nimaligini butun dunyo ich ichidan ana shu maqol bilan bog‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Rishodning uchinchi martasida albatta oltin medalni qo‘lga kiritishini bugun hamma juda yaxshi anglab turibdi. Shunday ekan mayli, ana o‘sha halol oltin medal uchun bu safargi bronzani ham xursandchilik bilan qabul qilamiz. Zero, biz ishonamiz, biz bilamizki keyingi safar Rishod albatta oltin medalni qo‘lga kiritadi va mamlakatimiz madhiyasining Olimpiada o‘yinlarida baralla yangrashiga sababchi bo‘ladi. Albatta o‘sha kun keladi. Mana ko‘rasiz, uchinchisi halolligini xali isbotlaymiz…

Yana o‘qing:  Qutlug‘ qadamjo

Mamlakatimiz rahbarining Olimpida o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilardan bir guruhini mukofotlaganliklari ham yurtimizda sportga naqadar katta e`tibor berilayotganining namunasidir. Rishod Sobirov davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bu mukofot kelajakda Rishodni yanada yuksak g‘alabalarga undashi shubhasiz.

Sportga juda ham qiziqadigan katta yoshli bir tanishimning «Bu bola haqiqiy polvon yigit ekanda o‘ziyam. Xech qisi yo‘q toy minggan ot ham minadi. Hali Rishodjon bunaqa musobaqalarning ko‘pida chempion bo‘ladi. Xalqimiz bejizga uchinchisi halol degan gapni ishlatmaydi. Ikki marta bronza oldi endi navbat oltinga. Buni faqat Rishod yoki yurtdoshlarimiz emas, balki, butun dunyo juda yaxshi anglab turibdi.» degan so‘zlari ko‘nglimda allanechuk g‘urur uyg‘otdi. Rishodning mahoratiga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi, aynan Rishodjonning ko‘zlarida ko‘ringan o‘sha yolqin nafaqat mening balki, butun xalqimizning ko‘ngliga ko‘chgan bo‘lsa ajab emas….

Farhod Tolipov

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: