Farzand uchun sport to‘garagi qanday tanlanadi?
Ko‘pchilik insonlar jismoniy tarbiya va sport tushunchalarini bir xil ma’no anglatadi, deb o‘ylaydi. Ammo, bu fikr unchalik ham to‘g‘ri emas. Aslida ular maqsadni belgilashda o‘zaro farqlanadi. Jismoniy tarbiya bilan inson sog‘lom bo‘lish uchun, sport bilan esa muvaffaqiyat va natijalarga erishish uchun shug‘ullaniladi.
Farzandingiz olimpiya chempioni bo‘lishi shart emas. Eng asosiysi, kundalik mashqlar orqali uning salomatligi maromida bo‘lsa, shuning o‘zi yetarli. Bu orqali siz uni “ko‘cha”ning salbiy ta’siridan himoya qilasiz va salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatasiz. Shu o‘rinda ota-onalarni bir savol qiynaydi: bolani qaysi sport mashg‘ulotiga bergan ma’qul?
Jang san’ati (dzyudo, karate, taekvando va boshqalar) – bu sport turlari harakat aniqligini, epchillikni rivojlantirishga yordam beradi. O‘g‘il bola uchun o‘zini o‘zi tashqi xavflardan himoya qilish juda muhim sanaladi. Asosiysi jang san’ati qo‘l va oyoqni ishlatishdan iborat bo‘lib qolmasligi kerak. Murabbiy bolaga ushbu sport turlarining mohiyatini ochib bera olishi lozim bo‘ladi. Aks holda ta’sirchan bolada tajovuzkorlikni shakllantirib qo‘yish mumkin.
Gimnastika (sport yoki badiiy) – mazkur sport turlari farzandingizda epchillik, go‘zallik, harakatlar aniqligi, ijodiy dunyoqarishni rivojlantirishga yordam beradi. Bu tur ko‘proq qizlarga mos keladi. Biroq, pay cho‘zilishi, yana shunga o‘xshash bir qancha jarohatlar nozik xilqat egalarini biroz cho‘chitadi. Shu bois, qiz bolalarga ko‘proq raqs yoki fitnesni taklif qilish kerak. Bu orqali ular jiddiy jarohat olishdan anchagina yiroq bo‘ladi.
Kuchli yuklamali mashg‘ulotlar – og‘ir atletika, bodibilding va shunga o‘xshash sport turlari bilan kamida 14-16 yoshdan keyin shug‘ullanish tavsiya etiladi. Chunki o‘sayotgan organizmga og‘ir yuklama berish salbiy oqibatlarga olib keladi.
Suzish – Bu sport turining foydasi haqida bahslashish shart emas. Faqat qiz bolalarni mohir suzuvchilarning yelkasi keng bo‘lishi biroz cho‘chitishi mumkin. Lekin haftada 2 marta suzish bilan shug‘ullanish qomatga unchalik ta’sir qilmaydi.
Jamoaviy sport turlari – bunday sport turlarining ustunlik jihati, u farzandingizda tengdoshlari bilan muloqotga kirishish, jamoaviy ruhni rivojlantirishga yordam beradi. Bir so‘z bilan aytganda bolani ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashadi.
Yengil atletika (yugurish, nayza va yadro uloqtirish, sportcha yurish, uzunlikka va balandlikka sakrash va boshqalar) – albatta, 5-7 yoshida sport to‘garagiga qabul qilingan boladan yadro uloqtirish yoki marafon usulida yugurish talab qilinmaydi. Dastlab bo‘lajak sportchi bu yoshida to‘g‘ri nafas olish va oyoqni qanday to‘g‘ri qo‘yishga o‘rgatiladi.
Katta tennis – keyingi vaqtlarda tobora ommalashib borayotgan bu sport turi orqali inson abjirlikni o‘rganadi. Agar tennis bilan shug‘ullanishga imkoniyatingiz bo‘lmasa, xafa bo‘lmang. Bu sifatlarni yengil atletika, futbol yoki boshqa sport turlari orqali ham rivojlantirsa bo‘ladi.
Odatda har bir bog‘cha, umumta’lim va bolalar va o‘smirlar sport maktablarida bepul yoki to‘lov hisobiga sport mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan. Agar qaysidir sababga ko‘ra bunday bo‘limlar mavjud bo‘lmasa, ertalablari oilangiz bilan yugurish, sovuq suvda yuvinish, to‘g‘ri ovqatlanish rejimiga rioya qiling. Asosiysi, mashg‘ulotlarni muntazam olib boring.
Agar bola birinchi mashg‘ulotdanoq hafsalasi pir bo‘lib, boshqa mashg‘ulotga bormayman deb turib olsa, ota-onalar nima qilishi kerak?
Yaxshilab o‘ylab ko‘ring, farzandingiz borayotgan sport to‘garagini tanlaganmisiz? Balki bola boshqa mashg‘ulotni xohlayotgandir?! Shunday ekan ota-onalar farzandining qiziqishiga qarab mashg‘ulotni tanlashi kerak bo‘ladi. Bu bilan siz ularning istagini amalga oshiribgina qolmay, kelajakda farzandingizni sog‘lom va barkamol shaxs bo‘lib ulg‘ayishiga ko‘maklashgan bo‘lasiz.
Dilfuza AZIMOVA
Tayyorladi