Ellen Robena Fild. Mitti yangi yil

hikoya

Sovuq kunlarning birida Moris shirin orzular og‘ushida uyqudan uyg‘ondi. Shu payt uning qulog‘iga derazaning sekin taqillagani eshitildi. Qor bilan qoplangan oynadan hech narsa ko‘rinmagani sabab, Moris sekin-asta deraza oldiga yaqinlashib uni ochdi.

– Kim bu?

– Men mitti Yangi yilman. O‘tgan yili hamma uchun turli sovg‘alar olib kelishni va’da qilgandim. Ammo hali juda kichik bo‘lganim sababli menga yordam kerak. Siz yordam bera olasizmi?

– Tashqari juda ham sovuq. Men tezroq issiqqina o‘rnimga borib yotishni xohlardim, – dedi Moris. Ammo sovuqdan “dag‘-dag‘“ titrayotgan mittivoyga rahmi keldi.

– Yordam bering, iltimos!

Mitti Yangi yilning bu gapidan so‘ng Moris tezda kiyimlarini kiyib, eshik tomon chopib ketdi. Eshikni ochib qarasa, u yerda kichkinagina bolakay kattakon savatlari bilan turar, savatlarning biriga “Mehr”, ikkinchisiga “Muhabbat” deb yozilgandi. Mitti yangi yil do‘stiga savatlarni ko‘tarishga qarashib yuborishini iltimos qildi va ular birgalikda sovg‘alarni tarqatish uchun yo‘lga tushishdi. Ular uzoq yo‘l yurganlaridan so‘ng Mittivoy bir uy oldida to‘xtadi.

Bu yerda bir qariya yashaydi. Uning bolalari yo‘q. Shuning uchun unga yordam beraman, – dedi bolakay.

– Men mitti yangi yilman, xo, xo, xo…

Keldim uyingizga, mehr-muhabbat ulashmoq uchun.

Oching eshigingizni, sovg‘alaringizni oling…

Mittivoyning qo‘shig‘ini eshitgan qariya tashqariga chiqdi. Eshik tagida uni sovg‘alar kutayotgan edi. Ularni ko‘rib cholning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Sovg‘alarni uyga olib kirar ekan, – Bu yerda hurmatga sazovor insonlar bo‘lishgan, deb xayolidan o‘tkazdi.

– Endi qayoqqa boramiz, – so‘radi Moris.

– Bir dasta gullar bilan betob qizaloq yoniga boramiz.

Ular kichkina oq uy oldida to‘xtashdi.

– Bu yerda tikuvchi qiz Bessi yashaydi-ku. Men uning betob bo‘lib qolganini bilmagan ekanman, – hayron bo‘ldi Moris.

– Qarang, derazasi ozgina ochiq ekan, gullarni shu yerdan uyga tashlang. Ertalab qizaloq uyg‘onganida gullarni ko‘rib rosa quvonadi, – dedi mittivoy.

Shu tariqa ular bir necha uylarga borib mehr-muhabbat bilan sovg‘alar berishdi.

– Biz juda ko‘p sovg‘alar ulashdik. Ammo sening savatingdagi sovg‘alar negadir tugagani yo‘q, – qiziqish bilan so‘radi Moris.

– To‘g‘ri aytasiz, toki dunyoda mening yordamimga muhtoj odamlar bor ekan, savatlarimdagi mehr-muhabbatim aslo tugamaydi. Agar siz menga oxirigacha yordam bersangiz, yil davomida bu insonlarning qanday quvonib yurishlarini ko‘rib beixtiyor ularning quvonchiga sherik bo‘lasiz, – dedi mitti Yangi yil.

– “Yangi yil bilan”, bu tovushdan Moris uyg‘onib ketdi. Ko‘zlarini ochib qarasa, singlisi eshik oldida unga jilmayib qarab turardi:

– Yoqimli tush ko‘rdingizmi, deyman…

– Mitti Yangi yil qani, u hozirgina mening oldimda edi-ku?

– Oyimning xonalariga kiring, uni o‘sha yerdan topasiz.

Moris oyisining xonasiga kirsa oppoq beshikda kichkinagina chaqaloq yotardi. Shunda Moris shunday ajoyib kunda ukalik bo‘lganini tushundi. Bu uning uchun eng yaxshi sovg‘a edi. Ammo, qariya, tikuvchi qiz va shu kabi u mitti Yangi yil bilan sovg‘a ulashgan odamlar uning esidan chiqmagandi.

Ingliz tilidan Muxlisa AHMEDOVA tarjimasi.

Яна ўқинг:  Ёзни соз ўтказаётган болалар

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: