“Kichik dorixona” yoki qovoqning shifobaxshligi haqida
Qovoqning kimyoviy tarkibi boy va turli-tumandir. U ko‘pgina vitaminlar va mineral moddalarning miqdori bo‘yicha anchagina sabzavotlardan ustun turadi.
Ushbu poliz ekinidan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilganda organizm yetarli miqdorda makro va mikroelementlar, vitaminlar bilan ta’minlanadi.
Bolajonlar suyib iste’mol qiladigan qovoq V1 vitamini uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi. Uning yetishmasligi asab tizimi, “beri-beri” xastaligi va yurak-qon tomiri tizimi faoliyatining buzilishiga olib keladi. V2 darmondorisi (riboflavin) turli fermentlarning tarkibiga kirib, organizmda kechadigan reaksiyalarda ishtirok etadi. Uning yetishmasligida angulyar stomatit kuzatiladi.
V6 vitamini (piridoksin, piridoksal, piridoksamin) oqsillar almashinuvida ishtirok etadi. Ushbu vitaminning yetishmasligida bolalarda asab tolalarining tortishishlari va dermatit (teri yallig‘lanishi)lar rivojlanadi.
V9 vitamini (foliy kislotasi) – oqsillar, xolinlar almashinuvida ishtirok etadi. Qovoq tarkibida qarishning oldini oladigan moddalar bo‘ladi. Shuningdek, unda jinsiy bezlar faoliyatini oshiruvchi Ye vitamini mavjud. Po‘stlog‘ida esa ko‘p miqdorda pektin va klechatka (dag‘al tola) bor. Uning urug‘larida lipidlar, oqsillar, vitaminlar va mineral tuzlar ko‘p. Endokrin tizimiga ijobiy ta’sir etishi va ovqat hazm qilish jarayonlarini yaxshilashi sababli ham qovoq o‘ziga xosdir. Yana uning kaloriyasi past bo‘lganligi uchun ham ortiqcha vaznli bemorlar uchun foydali hisoblanadi. Yo‘tal bezovta qilganida va sil kasalligida qovoq sharbati yoki xom po‘stlog‘i qo‘llaniladi. Qovoqdan tayyorlangan bo‘tqa bronxitda va haroratni tushirishda yordam beradi. Yana bu poliz ekini V12 vitaminining sintezida ishtirok etadi. Me’da osti beziga ijobiy ta’sir etganligi sababli qovoq tarkibidagi kobalt moddasi insulinning hosil bo‘lishida ishtirok etadi.
Qovoq tarkibidagi yod, ftor kabi moddalar ayniqsa, organizm uchun foydali. Uning urug‘ida 50 foizgacha yog‘ mavjud. Etida A, S, V1, V2, RR vitaminlari va karotinoidlar, uglevodlarning miqdori sabziga nisbatan 5 marta va qoramol jigariga nisbatan 3 marta ko‘pdir. Shuning uchun oftalmologiyada ko‘rish qobiliyati pasayganda qovoqning eti va sharbatini iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Undan ajratib olingan moddalar sil tayoqchalarining o‘sishiga to‘sqinlik qiladi.
Uzoq umr ko‘rgan insonlar qovoqni har kungi taomnomasiga kiritganini mutaxassisilar aniqlagan edi. Operatsiyadan so‘ng u kuchsizlangan organizmning infeksiyalarga nisbatan chidamliligini oshiradi. Ateroskleroz, yurak qon tomir tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan shishlar, buyrak, jigar va qovuq kasalliklari, gipertoniya, moddalar almashinuvi buzilganda ham qovoq juda foydalidir. Diyetolog – parhezshunoslar ushbu poliz ekinini “kichik dorixona” yoki yoshlik eleksiri deb ham hisoblaydi.
Guli ShAYXOVA,
tibbiyot fanlari doktori