Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami xizmat sifatidan rozimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 9 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etish va sohani izchil rivojlantirishga doir dolzarb vazifalar hamda muammolarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar bergan edi.
Shundan kelib chiqib, sog‘liqni saqlash tizimida islohotlarni yanada jadallashtirish va tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan Harakatlar rejasi – “Yo‘l xaritasi” tadbirlari belgilandi.
Ushbu “Yo‘l xaritasi” asosida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami xizmati sifati va samaradorligini oshirish, muassasalar moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, kadrlar ta’minotini yaxshilash, salohiyatini oshirish, sanitar-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash hamda xususiy sektorni rivojlantirish choralarini belgilash yuzasidan Respublika ishchi guruhi shakllantirildi. Ishchi guruh tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va respublika tibbiyot muassasalarining rahbarlari 27-29 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurishdi.
Tashrifning dastlabki kunida ishchi guruh tomonidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasida yig‘ilish o‘tkazilib, sohadagi mavjud holat, muammolar va ularning yechimi yuzasidan chora-tadbirlar belgilash maqsadida har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etildi. Ishchi guruh o‘rganishlari davomida sohada olib borilayotgan islohotlarning natijasi hamda samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Qishloq oilaviy poliklinikasi (QOP) va qishloq vrachlik punktlari (QVP)ning moddiy-texnika bazasining mustahkamlash maqsadida joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida 10 ta, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobiga 3 ta, investitsiya dasturi asosida 4 ta birlamchi tibbiyot muassasasi ta’mirlangan.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami xizmati sifati va samaradorligini oshirish, muassasalar moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, kadrlar ta’minoti va salohiyatini oshirish, sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash hamda xususiy sektorni rivojlantirish choralarini belgilash maqsadida deputatlarimiz Angor, Muzrabod, Sherobod, Sho‘rchi va Oltinsoy tumanlari hamda Termiz shahridagi tibbiyot birlashmasida bo‘lib, bemorlar, hamshira va shifokorlar bilan suhbatlashdi. Oltinsoy tuman tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan tanishib, shifokorlar va keng jamoatchilik vakillari bilan muloqot qildilar. Suhbat chog‘ida mazkur birlashmada bir qator kamchiliklar mavjudligi e’tiborga olindi. Jumladan, Oltinsoy tumani aholisiga xizmat ko‘rsatayotgan tibbiyot muassasalari faoliyati o‘rganilganda, 4 ta tez tibbiy yordam xizmat mashinasining yaroqlilik muddati o‘tgani aniqlandi. Belgilangan normativ bo‘yicha 13 ming aholiga bitta avtomashina xizmat ko‘rsatishi nuqtai nazardan tumanda yana qo‘shimcha 3 ta avtomashinaga ehtiyoj borligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi binosi 1993 yilda qurilgan bo‘lib, hozirda aholi soni ikki barobar ortgani uchun bino quvvati jihatidan talabga javob bermaydi. Bundan tashqari davolash-profilaktika muassasalarining moddiy-texnik bazasi ham nochor ahvolda. Ayni kunda birlashmaga zamonaviy IVL apparatlari, bolalar va kattalar uchun oksigenatorlar, Kuvez apparatlari, funksional krovatlar, zamonaviy jarrohlik jamlanmalari, ko‘chma rentgen moslamasi yetishmasligi aniqlandi.
Bugungi kunda tumanda 162 nafar oliy ma’lumotli shifokor mavjud bo‘lib, ulardan 20-25 foizini nafaqa yoshidagilar tashkil etadi. 145 nafar turli xildagi tor doiradagi tibbiyot mutaxassislariga ehtiyoj sezilmoqda.
Shundan so‘ng ishchi guruh a’zolari 37-Qishloq oilaviy poliklinikasiga tashrif buyurdi. Ishchi guruh a’zolari bu yerda ham bir talay muammo mavjudligini aniqladi. 37 nafar tibbiyot xodimi ishlaydigan mazkur poliklinika ayni paytda ta’mirtalab ahvolda. Muassasada ichimlik suv muammosi bor. Ishchi guruh a’zolari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi mavjud muammolarni batafsil o‘rganib chiqib, ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilashdi. O‘z navbatida, aniqlangan muammolarni bartaraf etishda respublika va mahalliy byudjetlardan mablag‘lar ajratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. O‘rganish ishlari yana davom etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Surxondaryo viloyatda bugungi kunga qadar dori-darmon sotib olish uchun 41,1 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 baravarga o‘sgan.
Mavluda XODJAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati