Surxondaryodagi tibbiyot muassasiga yangi bino foydalanishga topshirildi
Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, onalik va bolalikni muhofazalash, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Bu e’tibor odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashida, ertangi kunga ishonchi yanada ortishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Surxondaryo viloyatida tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, mavjud tibbiyot muassasalarini jahon andozalariga mos tarzda jihozlash, ularni rekonstrutsiya qilish va yangilarini barpo etishga qaratilgan chora-tadbirlar izchillik bilan olib borilayotir. Xususan, Qiziriq tumanida o‘tgan yili ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi qurib ishga tushirilgan, markaziy shifoxona kapital ta’mirlangan bo‘lsa, yaqinda yuqumli kasalliklar bo‘limi uchun bunyod etilgan yangi bino foydalanishga topshirildi.
Binoning ochilish marosimida viloyat va tuman hokimliklari mutasaddilari, tibbiyot xodimlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholi uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdilar.
40 o‘ringa mo‘ljalangan yangi bino qurilishiga 2 milliard 900 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Nargiza HASANOVA