“Romantika” deb… dilda dog‘i qolmasin
Meni izlab kelgan shogirdimning kayfiyatini ko‘rgan zahotim g‘alati bo‘ldim.
– Tinchlikmi?
Yigit istihola bilan kelgani sezilib turardi. Nihoyat so‘z boshladi.
– Opa, to‘yimiz yaqin…
– Tabriklayman. Ammo bu tushkunlik nimadan?!
– Keliningiz shaharlik. O‘tgan kuni g‘alati gap aytib qoldi. Opasi: “Dugonalaringdan nimang kam, to‘yingda kuyov bilan valsga tushishing kerak, maxsus o‘rgatadigan odamlar bor, Toshkentda 2-3 kunda o‘rganasizlar, to‘ygacha vaqt bor”, deb uqtiribdi. O‘zi ham kinoda ko‘rib, havasi kelgan emish. Rosti, bu gapni eshitib, uyalib ketdim. Nimaga kerak bu masxarabozlik tomoshasi? Bilasiz, onam bizni yolg‘iz o‘zi tarbiya qilgan. Otamning vafotidan keyin ularga suyanganman. Xokisor, kamsuqum onamning, butun to‘yxonaning ko‘z o‘ngida kelin bilan unaqa raqsga tushish… Tasavvurimga sig‘dira olmayapman, to‘ydan oldin sovuqchilik tushishini o‘ylab, boshim qotdi…
Uning holatini ko‘rib ham kuyundim, ham o‘ylanib qoldim. Qadriyatlarimizga mutlaqo zid bu holat, ya’ni kelin-kuyovning raqs tushishini o‘zim ham ona, qaynona sifatida hazm qilishim qiyin. Nima bo‘lganda ham to‘y oldi muammoni silliq hal qilib olish kerak. Toki, dog‘i dilda qolmasin.
– Ukajon, kelin bilan samimiy gaplashib ol. Seni qadrlasa, fikringni to‘g‘ri qabul qilishiga ishonaman.
– Opa, unga mutlaqo bunday dahmazani istamasligimni aytdim. Ammo, u xafa bo‘ldi… Biroq gapim – gap: menga birovning bachkana udumi kerakmas…
Eh, ukam! Oqko‘ngil shogirdim! Sen Kumushbibilar, Ra’nolarning timsollarini izlayotganingni bilaman, Sharqona tarbiyaga munosabatingga ko‘p guvoh bo‘lganman. Bo‘lajak umr yo‘ldoshing seni tushunishini juda istadim shu lahzalarda.
Yaqinda oynai jahonda AQSHdan kelib, dutor chalishni o‘rganayotgan ayolni ko‘rsatishdi. Gazetada yozishlaricha yaponiyalik bir qiz esa Chiroqchining Arabbandi qishlog‘ida yashab, gilam to‘qishni o‘rganibdi. Ajabmas, o‘sha o‘z to‘yida vals tushadigan g‘arbliklar bir kuni bizning “kelinsalom”larimizga havas qilishsa…
“Ommaviy madaniyat”ning qo‘g‘irchoq qiliqlari qadriyatlarimizni toptay olmaydi, qachonki, biz sergak bo‘lsak.
Ezgulikka nima yetsin. O‘zligini allaqanday “ommaviy madaniyat”larning bachkana shaklu shamoyillari, ayrimlar “romantika” deb ataydigan bema’ni hoyu havaslarga alishmaydigan qat’iyatli kuyovlarning ko‘pligi qanday yaxshi…
Zamira Mamatqulova