Orol dengizi muammolarini yangi tashkil etilgan jamg‘arma yechim bo‘ladimi?
Milliy va mintaqaviy chegaralardan allaqachon chiqib bo‘lgan va borgan sari butun xalqaro hamjamiyatning harakatlarini birlashtirishni talab qilayotgan Orol dengizining ekologik inqiroziga xalqaro jamoatchilik va donor mamlakatlar e’tiborini qaratish katta ahamiyat kasb etmoqda.
Orolbo‘yi muammolari bo‘yicha jamg‘arma tashkil etilmoqda 2018 yilning 27 noyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi faoliyati boshlanishiga bag‘ishlangan anjumanda asosiy masalaga aylangani fikrimizning dalilidir. Unda inson xavfsizligi konsepsiyasini qo‘llash orqali orol inqirozi natijasida aziyat chekkan aholining talab va ehtiyojlarini tahlil qilish va ularni ta’minlashga asoslangan jamg‘armaning strategiya dasturi taqdim etildi.
Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari
Qachonlardir jahondagi eng katta ichki ko‘llarning to‘rtinchisi bo‘lgan Orol dengizi oxirgi 50 yil mobaynida Amudaryo va Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan suv miqdori besh karra qisqardi. Dengiz hajmi esa 14 marotabaga kichraydi. Undagi suvning sho‘rlanish darajasi 25 marotabaga oshdi va jahon okeanlarining minerallashuv darajasidan anchagina oshib ketdi. Qachonlardir ovchilik taraqqiy etgan suvlar o‘rnida bugun maydoni 5,5 million gektarga teng bo‘lgan qum-tuz cho‘li yuzaga keldi. Bu yerda qum va tuz bo‘ronlari avj olmoqda va ular har yili bir necha ming kilometr masofagacha 75 million tonnadan ko‘proq qum va tuzni atmosferaga tarqatmoqda.
Orol fojiasi mintaqadagi iqlim sharoitini og‘irlashtirdi, yoz davrida quruqlik va jaziramani kuchaytirdi, qahraton qishlarni uzaytirdi. Mutaxassislarni bashoratiga ko‘ra, 2035-2050 yillarga kelib mintaqadagi havo darajasi hozirgi ko‘rsatkichlarga nisbatan yana 1,5-3 darajaga ko‘tarilishi mumkin. Undan tashqari Orol fojiasining tahdidli ta’siri butun dunyoda kuzatilmoqda.
Orolbo‘yi muammolari bo‘yicha jamg‘arma tashkil etilmoqda
Nyu-York shahrida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi faoliyati boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi, Norvegiya va Yaponiya hukumatlari tomonidan BMTning inson xavfsizligi bo‘yicha bo‘limi, BMTning O‘zbekistondagi mamlakat guruhi va ko‘psheriklik maqsadli jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Jamg‘armaning maqsadi aholining turmush tarzi bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiy, iqtisodiy rivojlanish, ekologik vaziyat, ijtimoiy himoya va boshqa shu kabi sohalar bilan bog‘liq bo‘lgan Orolbo‘yining zaruriy muammolarini hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni ta’minlash. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati, BMT agentliklari va Trast fondining strategiyasi doirasidagi donor hamjamiyatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali mintaqani rivojlanish jarayoniga birgalikdagi yordam berish hamda Orolbo‘yi mintaqasi muammosiga jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratish va mintaqa rivoji uchun texnik va moliyaviy resurslarni safarbar qilishdan iboratdir.
Jamg‘arma turli manfaatdor tomonlarning, shu jumladan, xalqaro moliyaviy va donor tashkilotlar, O‘zbekiston hukumati, milliy mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlari, BMT agentliklari va jamoatchilik tashkilotlarining tajribasini o‘zida birlashtiradi. Fondning faoliyati qisqa muddatli chora-tadbirlar bilan cheklanib qolmaydi. Balki mahalliy hamjamiyatlarni faol jalb qilgan holda Janub-Janub dasturi bo‘yicha hamkorlik orqali texnologiyalar almashinuviga ko‘mak beruvchi majmuaviy innovatsion yechimlarni ilgari suradi. Bu yechimlar aslida ekalogik bo‘hronning salbiy oqibatlariga munosabat bildirish emas, balki ularni profilaktikasiga yo‘naltirilgan.
Trast fondi strategiyasida nazarda tutilgan Orolbo‘yi mintaqasida yashaydigan aholining talab va ehtiyojlarini aniqlash bo‘yicha ijtimoiy tadqiqotlar natijalari asosida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali aholining turmush tarzi yaxshilanadi. Tadqiqot 2018 yilda Qoraqalpog‘istonning eng ko‘p aziyat chekkan 8 tumanida o‘tkazildi va 1 ming 600 xonadonni qamrab oldi.
Jamg‘arma moliyalarini ma’muriylashtirishning shaffof jarayonini ta’minlash BMTning ko‘psheriklik trast jamg‘armasining Nyu-Yorkdagi ofisi tomonidan amalga oshiriladi. O‘z mablag‘lari qayerga investitsiya qilinishini “onlayn” usulda bilib olish imkoniga ega bo‘lgan donor tashkilotlarni jalb qilish imkoniyatidan foydalangan holda loyihalarni shaffof tarzda tanlash, tasdiqlash, amalga oshirish va monitoring qilishni ta’minlash nazarda tutilgan.
Aholi uchun manfaat nimalardan iborat?
Inson huquqlari, ehtiyojlariga asoslangan va o‘z maqsadi yo‘lida keng qamrovli bo‘lgan transformatsion IXKTFni tashkil etish g‘oyasi jahondagi eng yirik antropogen falokatlardan birining oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha ko‘p sektorli va insonlarga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni jamlash va mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Ish joylarini tashkil etish, tabiat resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash, ayollar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini mustahkamlash, shu jumladan, qiyin sharoitlardagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma rejalashtirish va tashabbuslarni amalga oshirish vositasida samarali boshqaruvni rivojlantirish.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston hukumati yuqorida zikr etilgan yo‘nalishlar, shu jumladan, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi doirasida qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jamg‘armaning maqsadi – Fondning birlashgan Strategiyasi asosida muvofiqlashtirilgan donorlik ko‘magini jalb qilish yo‘li bilan ushbu sa’y-harakatlarni to‘ldirishdan iborat. Jamg‘arma, shuningdek, Orolbo‘yining eng chekka va uzoq hududlariga va hamjamiyatlar bilan bevosita ishlashga ko‘proq e’tiborni qaratadi.
Ma’lumot o‘rnida: Xalqaro ekspertlarni ta’kidlashicha, Orol mintaqasining zaharli tuzlari Antarktida sohillarida, Grenlandiya muzliklarida, Norvegiya o‘rmonlarida va Yer kurrasining ko‘plab boshqa joylarida topilgan.
Nurillo NASRIYEV,
O‘zA