Farzandingiz maktabga tayyormi?

Maktab hayoti bolalarga yangi bir dunyoni ochib beradi. Bu davrda bolalarning asosiy mashg‘ulotlari o‘zgarib, muhim vazifa , ijtimoiy burch – ta’lim olish bo‘lib qoladi.

Ta’limga psixologik tayyorlik deganda bolaning ob’yektiv va sub’yektiv jihatdan maktab talabiga munosibligi nazarda tutiladi. U maktab ta’limiga avval psixoliogik jihatdan tayyorlanadi, uning ruhiyati bilim olishga yetarli darajada rivojlanadi. Shu yoshdagi bola idrokining sofligi, aniqligi, o‘zining qiziquvchanligi, ishonuvchanligi, tafakkurining yaqqolliligi bilan boshqa yoshdagi bolalardan ajralib turadi. Bu davrda bola diqqati nisbatan uzoq muddatli va shartli barqaror bo‘lib, rolli va syujetli o‘yinlarda, rasm chizish va “Lego” o‘yinchog‘idan turli konstruksiyalar yasash mashg‘ulotlari, loy va plastilindan o‘yinchoqlar tayyorlash, o‘zgalar nutqini idrok qilish va tushunishda, matematik amallarni yechishda hikoya tinglash va tuzishda ko‘rinadi.

Bolani maktabga psixologik tayyorlik darajasining sub’yektiv tomoni esa uni maktabda o‘qish xohishi, intilishi, katta yoshdagi odamlar bilan muloqotga kirishish istagi mazkur tayyorgarlik bilan uzviy bog‘liqdir. Bola yetti yoshga to‘lganda jismoniy jihatdan ancha o‘sadi, o‘zini idora qilishga, nojo‘ya xatti-harakatlardan o‘zini tiyishga, xulq-atvor qoidalarini o‘zlashtirishga harakat qiladi. Bu yoshdagi bolalarning his-tuyg‘ulari ham ancha shakl­lanib, xayrixohlik, rahmdillik, o‘rtoqlik kabi his-tuyg‘ulari mustahkamlana boshlaydi.

Maktabgacha ta’lim muassasasining asosiy vazifalaridan biri bolalarga har tomonlama tarbiya berib, ularni maktabga tayyorlashdan iboratdir. Bu esa maktabdagi o‘qitish ishlari bilan bog‘chadagi ta’lim-tarbiya ishlari o‘rtasida izchillik bo‘lishini talab qiladi. MTMda bolalarning jismoniy jihatdan o‘sishlariga qanchalik e’tibor berilsa, ularning aqliy va axloqiy o‘sishlariga ham shunchalik e’tibor qaratiladi. O‘tkazilayotgan turli didaktik mashg‘ulotlar yordamida bolalarning idroki, tasavvur va xotirasi, xayol, tafakkur va irodalari tizimli tarzda taraqqiy ettirib boriladi. Maktabga tayyorlashda ko‘proq ularning nutqini o‘stirish, so‘z boyligini oshirish, to‘g‘ri talaffuz, jumla tuzishga o‘rgatib borilishiga e’tibor qaratiladi. Ammo tan olish kerakki, hamma maktab yoshidagi bolalar ham MTMga borishmaydi yoki maktab yoshiga yetgan tarbiyalanuvchilar o‘qishga baravar tayyor bo‘lavermaydilar. Shu sababdan ayrim bolalar maktabga kelgach, yangi sharoitga tez kirishib keta olmaydilar.

Xo‘sh, bolalarni qay paytda maktabdagi o‘qishga psixologik jihatdan tayyor deb hisoblash mumkin?

Bola maktabda o‘qishi uchun atrofdagi narsa va hodisalarga doir anchagina tasavvurlarga ega bo‘lishi hamda ma’lum darajada aqliy jihatdan o‘sgan bo‘lishi lozim. Biroq, hayotda shunday voqealar uchraydiki, anchagina tasavvur boyligiga ega bo‘lgan, hattoki yozish hamda o‘qishni biladigan bolalar ham maktabdagi o‘qishga tayyor bo‘lmaydilar. Ular maktab va o‘qituvchining talablarini bajara olmaydilar. Aksincha, ayrim bolalar esa yetarli tasavvur boyligiga ega bo‘lmasalar ham maktabda o‘qib keta oladilar. Demak, bolani maktabga tayyorlik darajasining asosiy shartlaridan biri ulardagi iroda sifatlarining yetilganligida namoyon bo‘lishidir.

Yana o‘qing:  ONAMGA MAKTUB

K.Ushinskiyning fikricha, «Bolaning maktabdagi o‘qish faoliyatiga tayyorligi ayrim psixik jarayonlarning taraqqiyot darajasi bilan emas, balki bola shaxsining umumiy taraqqiyot darajasi bilan aniqlanadi». Shu boisdan ham bolaning individual psixologik xususiyatlarini e’tiborga olish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shunday qilib, bolaning maktabdagi o‘qishga tayyorligi shaxsning ijtimoiy yetuklik bosqichlaridan biridir. Ammo ijtimoiy taraqqiyotning bunday yetuklik bosqichiga bola o‘z-o‘zidan ko‘tarilmaydi, uni bu bosqichga MTM va oiladagi sog‘lom muhit tayyorlaydi. Oilada ota-onaning asosiy vazifalaridan biri maktab yoshiga yetgan farzandining har taraflama kamol topishida e’tiborli bo‘lishlari, oiladagi psixologik muhitni to‘g‘ri tashkil qilishlari, nafaqat MTM tarbiyachilari bilan, balki maktabdagi psixologlar bilan ham uzviy hamkorlikni kuchaytirishlari maqsadga muvofiqdir.

Maktab psixologlari bo‘lajak 1-sinf o‘quvchilari bilan ishlashda ularning maktabga psixologik tayyorlik darajasini aniqlovchi testlarni to‘g‘ri tashkil qilishi, vijdonan o‘tkazishi va shu bilan birgalikda test natijalari bilan ota-onalarni individual yondashgan holda tanishtirishi, xulosa va tavsiyalarini oqilona bera olishi lozim. «O‘quvchining maktabga psixologik tayyorlik darajasini aniqlash testi»ni iloji boricha ikki marta tashkil qilishi, birinchi metodika bilan ikkinchi turda o‘tkazilgan metodikaning ko‘rsatgichlarini solishtirishi kerak. Bu ikki martalik o‘tkazilgan testning ahamiyati shundaki, birinchi testda ko‘rsatilgan natija ikkinchisida yanada samarali chiqishining imkonini beradi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, ba’zi bir ota-onalarimiz maktab yoshiga yetgan farzandlariga e’tiborsiz bo‘ladilar. Maktabda psixolog yordamida o‘tkaziladigan testga ota-onalar farzandining 7 yoshga to‘lganligi sababli o‘qitishga majbur» degan noto‘g‘ri fikrga borishadi. Aslida o‘tkaziladigan test maktab yoshiga yetgan bolaning maktab ta’limiga qanday tayyor ekanligi (nutq boyligi, qo‘l motorikasining shakllanganligi, diqqat, idrok, xayol,sezgi, tassavvur sifatlarining ko‘lami)ni aniqlash imkonini beradi. Test natijasiga ko‘ra past ko‘rsatgich bergan xususiyati ustida ishlash lozimligi imkonini beradi.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlamoqchimizki, farzandingizni maktabda a’lo baholarga o‘qishini, kelajakda yetuk shaxs bo‘lib yetishishini istasangiz poydevorni oldindan qurishingiz, farzandingizning xatti-harakatlarini doimo nazoratda ushlab turishingiz, oiladagi psixologik iqlimni musaffo saqlashingiz hamda ta’lim muassasalari bilan uzviylik, hamkorlikni to‘g‘ri tashkil qilishingiz maqsadga muvofiqdir, aziz ota-onalar!

Dilnoza SHERTOYEVA,

Jizzax viloyati, Baxmal tumanidagi 1-umumta’lim maktabi amaliyotchi psixologi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: