Zamonaviy, ko‘rkam va muhtasham
Bugun “Yangi zamon” MCHJ quruvchilari tomonidan bunyod etilayotgan binolarga shunday ta’rif berish mumkin
Buyuk bobokalonimiz sohibqiron Amir Temur “Bizning qudratimizni bilmoqchi bo‘lsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing” deb bejiz aytmagan. Darhaqiqat, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi dunyo madaniyatiga beshik bo‘lgan qadim shaharlarimizdagi bobolarimizdan me’ros tarixiy obidalar oradan necha-necha asrlar o‘tsa-da yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlarni lol qoldirib kelmoqda.
Istiqlol yillarida shahar-u qishloqlarimizda qurilgan zamonaviy binolarning salobatini ko‘rib ham boshingizdan do‘ppingiz tushishi tayin. Boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Qudratli o‘tmishga ega bo‘lgan xalqning kelajagi ham shunga munosib bo‘lmog‘i lozim, albatta.
Zamon tezkor, vaqt chopag‘on. Biron yil boshqa yurtda bo‘lib qaytsangiz, o‘z shahringizda adashib qolishingiz tayin. Uyingiz ro‘parasida joylashgan loysuvoq uylar o‘rnida qad ko‘targan ko‘rkam ko‘p qavatli binolar ko‘zingizga mo‘jiza bo‘lib ko‘rinadi. Ammo hech bir inshoot o‘z-o‘zidan bino bo‘lib qolmaydi. Ularning loyi «Elga nafim teksin, uysiz oilalar vatanli bo‘lsin», deya sovuqni sovuq, issiqni issiq demay, tinimsiz mehnat qilgan insonlarning peshona terlaridan qorilgan bo‘ladi. Ularning mehnati bilan shunday go‘zal qiyofaga kiradi. Ana shunday insonlardan biri Iskandar aka Musaaliyevdir.
Iskandar aka 1976 yil Toshkent shahrida dunyoga keldi. Mahalladoshlari ularning oilasiga hamisha havas bilan qarardi. “Bir yigitga qirq hunar oz” deganlaridek, uning otasi Rustam aka haydovchilik, bog‘bonlik, avtomobil ta’mirlovchi usta kabi ko‘plab hunarlar egasi, tinib-tinchimas, mehnatkash inson edi. Onalari Benatgul aya shifokor sifatida uzoq yil el dardiga darmon bo‘ldi. Rustam akadagi mehnatkashlik, Benatgul opadagi xalq uchun qayg‘urish xislatlari o‘g‘li Iskandarda mujassamlashdi.
Maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan qahramonimiz Toshkent davlat temiryo‘l muhandisligi institutining ko‘priksozlik va tunelsozlik fakultetiga o‘qishga qabul qilindi. U o‘zining izlanuvchanligi va tirishqoqligi bilan tez orada ustozlar mehrini qozondi. Ular bergan bilimlarni puxta egalladi, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishdi. Iskandar aka o‘tgan yillar davomida qurilish sohasida samarali faoliyat yuritdi. Hozirda “Yangi zamon” mas’uliyati cheklangan jamiyatida direktor o‘rinbosari vazifasida ishlab kelmoqda.
– Bizning maqsadimiz qurayotgan binolarimizni zamonaviy, ko‘rkam, eng muhimi, mustahkam holda xalqimiz qo‘liga topshirishdir. Korxonamizda bugun 1 ming 500 nafardan ortiq ishchi-quruvchi mehnat qilmoqda. Quvonarlisi, davlatimiz tomonidan yuksak ishonch bilan topshirilgan qurilish ob’yektlarini o‘z vaqtida topshirishga harakat qilayapmiz. Shu paytga qadar poytaxtimizning Sergeli tumanida joylashgan 5- va 7-dahadagi 7 qavatli 42 xonadonga mo‘ljallangan 24 ta uy quruvchilarimiz tomonidan to‘liq qurib bitkazildi. Shuningdek, 7- va “Do‘stlik” dahasida davom etayotgan 7 qavatli 42 xonadonga mo‘ljallangan 38 ta uyni joriy yilning oxirigacha bitirish niyatidamiz. Qachonlardir shu tomonlarga yo‘limiz tushib, mehnatimiz singan ushbu xonadonlarda karnay-surnay sadolari, maydonchalarida bolalarning sho‘x-shodon qiyqiriqlarini eshitsak, mehnatimizga yarasha eng katta tuhfa shu, – deydi Iskandar Musaaliyev.
Xalqimizning buyuk bunyodkorlik salohiyati azal-azaldan dunyo ahlini lol qoldirgani rost. Sababi, zaminimizda barpo etilgan tarixiy obida va inshootlar o‘zining murakkab me’moriy yechimi bilan hanuzgacha yetti iqlimni o‘ziga ohanrabodek mahliyo etib kelmoqda.
Vaqt bir yerda to‘xtab turmaydi. Kun, hafta, oy, yillar o‘tadi. Lekin mana shunday beqiyos mo‘jizalar yaratishga qodir bo‘lgan xalqimizning mehnat jasorati, Vatanga muhabbat va sadoqati, kelgusi avlodlar manfaatini o‘ylab qilgan buyuk ishlari xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin timsoli sifatida tillarda doston, kelgusi nasllarga buyuk ibrat bo‘lib qoladi, albatta.
Oygul RAZZOQOVA