Mehnatning bahosi qadr, mukofoti ishonch va rag‘bat
Bu yil O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma ikki yilligi munosabati bilan yurtdoshlarimizdan bir guruhi turli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lishdi. Ular qatorida Hukumatga qarashli bo‘lmagan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasining Xorazm viloyati Urganch tumani tayanch maskani direktori Zummarat opa Bekchanovaning «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlanganligi uning yaqinlari va jamoa a’zolari qalbida faxr va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otdi.
– Bizning xalqimiz o‘zining bolajonligi, mehmondo‘stligiyu, mehnatkashligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Oila tinchligi, farzand kamoli, uning salomatligi barcha yumushlardan-da ustun. Bizning jamoamiz ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma’naviy yordam berib kelmoqda. «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan ajratilgan dori-darmonlar va sanitariya-gigiyena vositalari kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalar farzandlari, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz keksalarni ijtimoiy himoyalash, ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish ishiga yo‘naltirilgan. Jumladan, o‘tgan ikki yil mobaynida 1230 nafar ayollar va bolalar «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Lab-tanglay nuqsoni mavjud uch nafar bola operatsiya qilinib, butkul sog‘ayib ketishdi. Ana shunday ijobiy natijaga erishganimizda qalbimizda o‘z ishimizdan mamnunlik his etamiz.
– Mamlakatimiz mustaqilligining 22 yillik bayrami arafasida «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlanishim bu, albatta davlatimiz rahbarining biz ayollarga va barcha nodavlat va notijorat tashkilotlariga bo‘lgan yuksak e’tibori deb bilaman. Menga va jamoamizga bildirilgan ishonchga chin dildan minnatdorchiligimni bildirar ekanman, kelajak avlod sog‘lig‘ini ta’minlash, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish, aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami sog‘lig‘ini muhofaza qilishda jamoamiz bilan kuch va g‘ayratimizni ayamaymiz, – deydi faxr bilan Z.Bekchanova.
Aholini sog‘lomlashtirish loyihasida muntazam ravishda mahallalar, maktablar, kollejlarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda ehtiyojmand aholiga homiylar yordamida 10 mln. so‘mdan ziyod dori-darmon tarqatildi. Yod tanqisligiga barham berish uchun tuman umumta’lim maktablari o‘quvchilariga kerakli darmondorilar bepul tarqatildi. Yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarimizga nisbatan chuqur hurmat, yurtga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida «Sog‘lom ona – sog‘lom bola», «Mahalla obod – yurt obod», «OIV va OITS nima?», «Erta turmushning salbiy oqibatlari» kabi yuzdan ziyod mavzularda tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Qirq yildan buyon Urganch tuman Tibbiyot birlashmasi ko‘p tarmoqli poliklinikasida faoliyat olib borayotgan Zummarat opa ko‘pchilikning ishonchini qozongan shifokorlardan. Faoliyati davomida o‘zining tashkilotchilik qobiliyati bilan boshqalardan ajralib turadigan bu mehnatkash va fidoyi shifokorga Tibbiyot birlashmasi xotin-qizlar kengashi hamda Xalq demokratik partiyasi boshlang‘ich tashkiloti raisligi vazifasini ham ishonib topshirishdi. Shuningdek, u 2007 yildan beri «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasining Urganch tumani tayanch maskani direktori vazifasida ham sidqidildan faoliyat olib bormoqda. Aholi o‘rtasida salomatlikka doir targ‘ibot va tashviqot ishlarini o‘tkazishda jamoa bilan hamkorlikda ish olib boradi.
Endokrinolog-shifokor Zummarat opa turmush o‘rtog‘i bilan to‘rt nafar farzandini mehnatsevar, bilimga chanqoq etib tarbiyaladilar. Ayniqsa, oiladagi sog‘lom muhit va tartib, o‘zaro hurmat o‘g‘il-qizlarning kelajagiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ular el-yurtiga nafi tegadigan insonlar bo‘lib voyaga yetishdi. Bugungi kunda ular ham o‘z farzandlarini ana shu ezgu maqsad yo‘lida tarbiyalashmoqda. Qizi Shoira tug‘ruqxona bo‘limida, Shohista tumandagi qishloq vrachlik punktida ishlashadi. O‘g‘li Umidbek viloyat Aloqa bo‘limida faoliyat yuritadi. Qizi Nargiza Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Urganch filialini tugatib, kollejda o‘qituvchi bo‘lib ishlayapti.
Ona-yurtiga, oilasiga mehr va sadoqat, ezgu maqsadlar yo‘lida izlanuvchanlik, fidoyilik mujassam bu qalb egasi uchun kerakli baxt mezonlari ana shu bo‘lsa, ne ajab. «Yurting tinch – sen tinch». Ana shu so‘zlarni o‘ziga shior qilib, faoliyat olib borayotgan mehnatsevar Zummarat opaga omad hamisha yor bo‘lsin!
Muhabbat XO‘JAMURODOVA