Shoshqaloqlik qimmatga tushdi
Hazorasp tumanida Sirojiddin Alimjonov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) shoshqaloqlik oqibatida jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi. U Hazorasp tumanidagi “Ismoil Xonqali avlodi” fermer xo‘jaligi nomida bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashinani boshqarib kelayotgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotadi. Yo‘ldan chiqqan mashina esa ekin maydoniga ag‘dariladi.
Natijada avtomashina salonida bo‘lgan yo‘lovchi Ilyos Kattaxonov hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati olgan, Baxtiyor Haydarov sog‘ligining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘rtacha og‘ir tan jarohati olgan.
Bu borada tergov harakatlari boshlangach, Jinoyat ishini sud majlisigacha tayyorlash jarayonida ayblanuvchi Sirojiddin Alimjonov vafot etgani aniqlandi.
Fuqaroning vafot etganligi munosabati bilan uning yaqinlari jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida sudga ariza bilan murojaat qildi.
Jinoyat protsessual kodeksning 401-moddasiga muvofiq, shuningdek, ushbu kodeksning 84-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lsa, sud jinoyat ishini tugatadi. Shu bilan birga sud qo‘llanilgan ehtiyot chorasini, fuqaroviy da’voni ta’minlash choralarini bekor qiladi hamda ashyoviy dalillar masalasini hal etadi.
JKning 266-moddasi 1-qismi bilan ayblash haqidagi 91-sonli jinoyat ishi u vafot etganligi munosabati bilan tugatildi.
Ma’lumot uchun, amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 77-bandida ko‘rsatilgan “Harakatlanish tezligi: haydovchi harakatning serqatnovligi, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob-havo sharoitini, shuningdek, harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda transport vositasini belgilangan tezlikdan oshirmasdan boshqarishi kerak. Shuningdek, harakatlanish paytida haydovchi aniqlay olishi imkoniyatida bo‘lgan xavf yoki to‘siq paydo bo‘lsa, u transport vositasining tezligini to‘liq to‘xtatishni ta’minlaydigan darajada kamaytirishi yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavfsiz aylanib o‘tish choralarini ko‘rishi kerak.
Akbar AMINOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Hazorasp tuman sudi raisi