Vatanparvarlik – oliy fazilat
Bugungi kunda mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligiga taxdid solishi mumkin bo‘lgan barcha xatarlardan, turli fitnalardan o‘z vaqtida ogoh bo‘lish har birimizning burchimizdir. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun har bir yurtdoshlarimiz qalbida harbiy vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish muhim axamiyatga ega.
Vatanparvarlik bu – yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, jamiyatimizdagi bunyodkorlik muhiti, biz barpo etayotgan farovon va osuda hayotni asrash, qolaversa, tanlagan yo‘limizdan qaytarishga urinayotgan, odamlar yuragiga vahima va qo‘rquv solish hisobidan ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yo‘qotish, bir-biriga qarshi qo‘yishga intilayotgan g‘animlarga qarshi kurash demak.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda vatanparvarlik tarbiyasi va targ‘ibotiga katta e’tibor berilmoqda. Harbiy akademik litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomining berilishi ham bu borada amalga oshirilgan ezgu ishlardan biri bo‘ldi.
Ajdodlarimizning yurt ravnaqi, tinchligi yo‘lidagi xayrli sa’y-harakatlari, kindik qoni to‘kilgan tuprog‘ining har bir qarich yerini saqlab qolish uchun olib borgan kurash va yo‘qotishlari, mustaqillikka erishgunga qadar bosib o‘tgan eng mashaqqatli yo‘lning asl mohiyatini anglash va shu tariqa o‘tmish tarixini o‘rganish yosh avlod uchun harbiy vatanparvarlik tushunchasini chuqur anglab yetishlarida asosiy omillardan hisoblanadi.
Har bir xalq o‘z tarixini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylaydi. Yurt ozodligi uchun qurbon bo‘lgan milliy qahramonlar jasorati, millat ravnaqi uchun jonbozlik ko‘rsatgan ilm va fan sohiblarining faoliyati esa har bir avlod uchun yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qiladi. Zero, tarixidan bexabar xalq – mazlum xalq, tarixi yolg‘on bilan yozilgan xalq – mahkum xalq, tarixini asragan va bilgan xalq – tenglar ichida teng xalqdir.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda kelajagimiz vorislari bo‘lgan yosh avlodni ona yurtga muhabbat, ertangi kunga ishonch ruhida tarbiyalash oldimizdagi muhim vazifa hisoblanadi. Buni amalga oshirish esa barchamizning fuqarolik burchimizdir.
Nodira RASULOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti dotsenti