To‘yib uxlash insonni yoshartiradi. Halovatsiz uyqu esa aksincha
Muttasil ravishda tun bilan kunning almashinib turishi, atrof-muhit harorati, nurlanish, atmosfera bosimi, yerning magnit maydoni kabi ko‘plab tabiiy hodisalarning o‘zgarib turishi koinot, odam va yerning o‘zaro uyg‘unligini o‘zida aks ettiradi.
Tashqi muhit ko‘rsatkichlarining bir kecha-kunduz davomida bunday o‘zgarishi inson salomatligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ayrim holatlarda organizmning moslashuvi jarayonlarini izdan chiqarib, kasallik keltirib chiqaradi. Atmosfera bosimining pasayishi simpatik asab tizimini qo‘zg‘atib, odamning kayfiyatini tushiradi. Uning mehnat qobiliyatini pasaytiradi va yuqumli kasalliklarga moyilligini oshiradi. Tunning o‘rtasida Quyosh Yerning teskari tomonida bo‘lib, uning muayyan nurlari yer sharidan o‘tib, tabiatdagi barcha jonli mavjudot va jonsiz narsalarga hamda insonga ta’sir etadi. Bu nurlar organizmning o‘zidagi xronal maydonni to‘yintiradi. Buning uchun odam qimirlamasdan yotgan holatda bo‘lishi kerak. Shundagina bu nurlar organizmga kirib, uning quvvatini oshiradi. Yog‘ hujayralarining ma’lum o‘zgarmas holatda qotib qolishi ham xronal nurlarni yutish uchun qulaylik tug‘diradi. Oqibatda ularga xos individual xususiyatlarni keltirib chiqaradi. Kunduz kuni odam ish va harakat jarayonida tanasining xronal maydonini tarqatib, uni kuchsizlantiradi. Kechasi ishlaydigan odam tabiiy xronal nurlarni olmaydi va bu bilan o‘z organizmiga zarar yetkazadi. Bunday insonlarning organizmi tezda holdan toyadi va kuchsizlanadi.
Uyqu va bedorlik inson organizmining bir-biri bilan uzviy bog‘langan va ayni paytda o‘zaro zid bo‘lgan funksional holati bo‘lib, qadimdan tadqiqotchilarning e’tiborini jalb qilib kelgan. Ma’lumki, bosh miya po‘stlog‘i – asab hujayralarini haddan tashqari ishlab chiqarganda ularning faoliyatini buzilishdan saqlovchi himoyalash hususiyatiga ham ega. Bunday xususiyat uyku deb ataladi. Uyqu organizmning hayotiy muhim ehtiyoji hisoblanib, bosh miya po‘stlog‘ini holdan toyishdan saqlaydi. Katta yoshdagi odamning uyqusi bir kecha-kunduzda 7-8 soat bo‘lib, yetarli darajada chuqur bo‘lishi va organizmning umumiy holatini yengilashtirishga xizmat qilishi kerak.
Keksa yoshdagi kishilarga tushlikdan so‘ng 1-2 soat uxlash tavsiya etiladi. Uyquning davomiyligi chaqaloqlarda bir kecha-kunduzda 21 soat, keyinrok 13-17 soatni tashkil etadi. Orom olish organizmning jismoniy rivojlanishida va asab tizimining shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Halovatli uyqu unga orom berishini istagan har bir kishi quyidagi qoidalarga amal qilishi zarur:
Uxlash uchun kunda ma’lum vaqtda yotish va har kuni belgilangan vaqtda uyg‘onish zarur. Kechkurungi ovqatlanishda bo‘kib ovqat yemaslik yoki och holda yotib uxlamaslik kerak. Yotish oldidan ko‘p suyuqlik ichmaslik muhim. Uyqudan oldin 15-20 daqiqa sayr kilish darkor. Yotish oldidan iliq vanna yoki dush qabul kilish tanaga rohat bag‘ishlaydi va kishi orom olib uxlaydi. Uyqu oldidan bir stakan kefir yoki sut ichish tez uxlab qolishga yordam beradi. Xonaning havosini yangilash yoki darchani ochib ko‘yish zarur. Uy haroratining oshib yoki pasayib ketmasligiga e’tibor berish muhim. Erta yotib va barvaqat turish tavsiya etiladi.
Aziza ShIRINOVA,
Innovatsion sog‘liqni saqlash
milliy palatasi mutaxassisi