Oq avtobus

Avtobus ko‘pchiligimizning kundalik hamrohimiz. Ayniqsa, shaharda. Kimdir ish, kimdir o‘qishga shoshadi. Turli qiyofalar, har xil o‘ylar. Xullas, avtobusning ichi alohida bir dunyo. Boshqalarni bilmadim-u hamisha avtobusga chiqqanimda qishlog‘im yodimga tushadi.

Bizning qishloq Oqtov bag‘rida joylashgan. Tog‘li hudud, yo‘llar nosoz bo‘lgani uchunmi bizda kirakash taksilar qatnamaydi. Samarqand-Jizmonsoy yo‘nalishida bittagina avtobus bor. Har kuni soat 6: 00da qishloqdan jo‘naydi. 17: 00da qaytib keladi. Uyga borganimda men “shaharlik uyquchi” ni onam hamisha “Tur bolam, avtobus keladigan vaqt bo‘ldi. Sen haliyam yotibsan” deb uyg‘otadi. Uyg‘onaman, qulog‘imga oq avtobusning mahzun signali eshitiladi.

Bu yarim shaharlik oq avtobus qishlog‘imizning to‘laqonli “fuqarosi”. U o‘tayotganda hamma odamlar yumushlarini to‘xtatib, to ko‘z ilg‘amay qolguncha ortidan kuzatishadi. Bu qishloqdagi hayotning ajralmas qismi.

Qishloqdan ketayotgan avtobusni farzandlari shaharga ketgan onalarning hammasi go‘yoki yomon ko‘radi, undan ich-ichidan norozi bo‘lishadi. Rostdan ham ayb unda-da, bir parcha etligidan dunyolarga ishonmay, bor mehrini berib o‘stirgan farzandlarini endi bo‘y-basti yetilib, suyanguday bo‘lganda bag‘rida beshafqatlarcha yulib ketgan shu avtobus emasmi? Bir qarashda bu avto ulov ham aybini bo‘yniga olgan jinoyatchidek g‘udranib, horg‘in holda ketayotganga o‘xshaydi, ammo shahardan qaytayotgan avtobusni taniyolmay qolasiz. Uning uzoqdan eshitilgan ovozi xo‘rozqand tarqatuvchi savdogarning yoniga oshiqayotgandek chopqillab ketayotgan bolalarning “Akam kelayapti!”, “Opam kelyapti!” degan qiyqiriqlariga qo‘shilib, yanada yoqimli jaranglaydi. Bolalari shaharga ketgan onalarning barchasi unga o‘z farzandiga qaragandek mehr bilan qarashadi. Go‘yo, avtobus ham quvonchi ichiga sig‘may kelayotgandek ko‘rinadi.

Shahar avtobusi. Kimdir ish, kimdir o‘qishga shoshadi. Turli qiyofalar, har xil o‘ylar. Xullas, avtobusning ichi alohida bir dunyo. Boshqalarni bilmadim-u, hamisha avtobusga chiqqanimda bir narsani o‘ylayman: “Shu avtobus qishlog‘imga olib ketsaydi!!!”.

 

Humoyun QUVONDIQOV

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda ilk masofaviy ta’lim oliygohi paydo bo‘ladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: