Deklaratsiya tamoyillari va qadriyatlariga ehtirom timsoli

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qo‘shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biridir. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 5 maydagi farmoni bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi tasdiqlangani muhim ahamiyatga ega.

Ushbu deklaratsiyaning barcha asosiy tamoyillari Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan bo‘lib, mamlakatimizda ushbu tamoyillarga amal qilgan holda, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni jamiyat hayotiga, fuqarolar va davlat xizmatchilari ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bularning barchasi o‘z navbatida, bizga inson huquqlarini himoya qilishning samarali tizimiga asos solish uchun yordam berdi.

Avvalambor, O‘zbekiston xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga bosqichma-bosqich implementatsiya qilish bo‘yicha o‘z modelini yaratdi. Xususan, milliy parlament qabul qilgan Konstitutsiyamizning ikkinchi bo‘limini “Inson huquqlari to‘g‘risidagi o‘zbek billi” deb atash mumkin.

Keyingi yillarda yurtimizda davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining chuqur o‘rganilishi, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda ularning samarador hal qilinishi tamoyiliga asoslangan tubdan yangi va aniq tizim joriy etilmoqda. Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning bu samarali mexanizmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq bilan muloqotga tayanadi.

Bugungi kunda yurtimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan g‘oya asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi nafaqat keng jamoatchiligimiz mamnuniyati va baxtiyorligining, balki xalqaro miqyosdagi e’tiroflarning ham omili bo‘layotgani bejiz emas.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquq va erkinliklariga rioya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy qonunchilikning ijrosi, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashning holati, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bo‘yicha muntazam ravishda monitoring olib boradi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston o‘tgan davrda inson huquqlari bo‘yicha 70 dan ortiq asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shilganini va BMT tomonidan ushbu sohada qabul qilingan 10 ta asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisiga aylanganini alohida qayd etish lozim. Dasturda bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar izchil davom etmoqda.

BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining ma’lum qilish tartibiga taalluqli fakultativ protokoliga, Qiynoq hamda muomala va jazolashning shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning fakultativ protokoliga hamda Balog‘atga yetmagan bolalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan dasturamal prinsiplariga O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishi istiqbollari tahlil qilinib, bu borada amaliy takliflar tayyorlanmoqda.

Ma’lumki, 1993 yili BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi umumjahon konferensiyasida qabul qilingan Vena deklaratsiyasi va Harakat dasturi qoidalari mamlakatimizda ham amal qilmoqda. O‘zbekistonda sud, prokuratura va advokatura timsolidagi an’anaviy huquq-tartibot tizimi bilan bir qatorda, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlar tizimi yaratilgan.

Yana o‘qing:  “Tar” gajeti klaviatura, geympad yoki monipulyator o‘rnini bosadi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ushbu tizimning negizini tashkil etadi. Yaqinda bu tizim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi hisobiga yanada kengaydi.

Dasturda mazkur tizimni takomillashtirish hamda inson huquqlari va erkinliklari masalalari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir bir qator tadbirlar nazarda tutilmoqda. Xususan, Bolalar va yoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Ombudsman institutini tashkil etish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining shaxslar qamoqda va ozodlikdan mahrum qilish joylarida bo‘lishi shartlarini monitoring qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytiriladi. Ombudsman kotibiyati tuzilmasi qonunchilikda belgilangan faoliyat yo‘nalishlariga muvofiq yanada mustahkamlanadi.

Mamlakatimizda inson huquqlarini yanada yuksaltirish va xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalar samaradorligini oshirish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining huquqiy maqomini kuchaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar qabul qilinishi ham belgilangan. Bunda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda shartnomaviy organlari tavsiyalariga tayanilayotgani nihoyatda ahamiyatlidir.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, deklaratsiya va O‘zbekiston Konstitutsiyasi inson huquqlariga doir asosiy tamoyillar mushtarakligini o‘zida yaqqol namoyon etadi. Shu nuqtai nazardan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi butun dunyoda keng nishonlanishi munosabati bilan Prezidentimiz tashabbusi asosida bu borada qabul qilingan dastur, shubhasiz, davlatimiz va jamiyatimizning ushbu deklaratsiya tamoyillari hamda qadriyatlariga yuksak ehtiromi ifodasidir.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,

akademik, yuridik fanlari doktori

 

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: