Mehr bilan tutashgan rishta

Dunyodagi ayrim insonlar taqdiriga bu yorug‘ olamdagi barcha yaratilmishlar va hodisalarni ko‘ngil ko‘zi bilan idrok etib, mushohada qilish taqdiri bitilgan bo‘ladi. Ammo ularning ko‘zi ojiz, imkoniyati cheklangan bo‘lsada, iqtidori chek-chegara bilmaydi.

Atrofdagi insonlarning ularga bo‘lgan iliq va samimiy munosabati va zarur e’tibori bu kabi iqtidorlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va ijodiy iqtidorini o‘stirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Joriy yilning 21-28 oktyabr kunlari yurtimizda Koreya Respublikasining “Siloam Center for the Blind” xayriya tashkiloti delegatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan xayriya tadbirlari shu kabi ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ta’kidlash joizki, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining “Siloam Center for the Blind” xayriya tashkiloti bilan o‘zaro hamkorligi 2015 yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugunga qadar ikki tomon birgalikda yurtimizda sog‘lom avlodni tarbiyalash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida bir necha xayrli loyihalarni tashkil etdi.

Bu galgi tashrif avvalida koreyalik mehmonlar Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Arirang”qariyalar uyi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reablitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Toshkent shahri, Yashnobod tumanida joylashgan Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar maxsus maktab-internatlarida bo‘lib, u yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

 

Svetlana INAMOVA,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi:

– Yurtimizda istiqomat qilayotgan koreyslar bugungi kunda o‘zbeklar bilan do‘st-birodar bo‘lib, jamiyatimizning faol a’zolariga aylangan. Aytish kerakki, ushbu xayriya konserti o‘zaro hamkorligimizning mantiqiy davomi sanaladi. Mazkur tadbir orqali imkoniyati cheklangan insonlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, birodarlik aloqalari yanada mustahkamlanadi.

 

24 oktyabr kuni esa poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida “Siloam Center for the Blind”xayriya tashkiloti delegatsiyasi tomonidan katta konsert das­turi tashkil etildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalqlarini qadimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turishini, bugun ushbu ezgu an’ana yanada mustahkamlanayotganini alohida e’tirof etishdi.

Tadbirda Koreyaning ko‘zi ojizlar an’anaviy musiqa orkestri tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Shu bilan birga mehmonlarning o‘zbekis­tonlik ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi san’atkorlar bilan birgalikda ijro etgan milliy kuyi yig‘ilganlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Yana o‘qing:  MTMlarda innovatsion texnologiyalarning ahamiyati

Delegatsiya ishtirokchilarining nav­batdagi manzili Koreya Respublikasining yurtimizdagi elchixonasi qoshida faoliyat olib borayotgan Ta’lim markazi bo‘ldi. Bu yerda ham koreyalik orkestr jamoasi tomonidan yig‘ilganlarga xayriya tadbiri tashkil etildi. Bu esa Ta’lim markazi o‘quvchilari uchun chinakam sovg‘a bo‘ldi.

 

Choi Dongik,

“Siloam Center for the Blind” xalqaro xayriya tashkiloti bosh kotibi:

– Bizning musiqa orkestrimiz qirol Sejong davrida, ya’ni bundan 600 yil muqaddam tashkil topgan. Qirol o‘sha davrda ko‘zi ojizlar o‘z ko‘zlari bilan dunyoni ko‘ra olmasa-da, o‘z ovozlari bilan uni idrok qilishlari mumkinligini alohida qayd etib, ana shunday insonlardan tarkib topgan orkestrni saroyda, chet ellik mehmonlar bilan bo‘ladigan tadbirlarda qatnashishiga imkon yaratgan.

 

Ertasi kuni koreyalik san’atkorlar Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi 70-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktabida ham xayriya konserti dasturlarini namoyish etishdi. Quvonarlisi, ular tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. So‘ng­ra mehmonlar Sirdaryo viloyatining Guliston shahriga yo‘l olishdi. U yerda kam ta’minlangan, ko‘zi ojiz, zaif ko‘ruvchi fuqarolarning oila a’zolariga xayriya yordami ko‘rsatildi.

27-oktyabr kuni delegatsiya a’zolari qadim Samarqandda bo‘lib, ko‘hna kentdagi bir qator tarixiy qadamjolar, arxeologik yodgorliklar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.

 

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod”muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: