Byudjet, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va soliq siyosatidagi yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 oktyabr kuni joriy yilda Davlat byudjetining kutilayotgan ijrosi, 2019 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, byudjet-soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
2018 yil yakuni bo‘yicha:
Davlat byudjeti daromadlari 74,5 trillion so‘mdan iborat.
Xarajatlari esa 78,5 trillion so‘mni tashkil etdi.
Davlat byudjetining 5,6 trillion so‘mi “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari va arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berish, aholini ish bilan ta’minlash uchun “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankiga 700 milliard so‘m va Xalq bankiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini oshirishga 4,5 trillion so‘m ajratildi.
Asosiysi byudjet sohasi xodimlari ish haqi, pensiya va nafaqalarini infilyasiya ko‘rsatkichidan yuqori oshirish bilan birga tarbiyachilar, o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, profescor-o‘qituvchilar, madaniyat xodimlarining ish haqi 30 foizdan 100 foizgacha oshirildi.
2019 yil 1 yanvardan:
Tushumdan olinadigan majburiy ajratmalarni to‘liq bekor qilish natijasida korxonalarda qo‘shimcha 5,2 trillion so‘m daromad qoladi.
Jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘ining eng yuqori stavkasi 22 foizdan 12 foizgacha, yagona ijtimoiy to‘lovi 25 foizdan 15 foizgacha tushirilishi, fuqarolarning 8 foizlik sug‘urta badali bekor qilinishi natijasida aholi daromadlari 6,5 foizga oshadi.
Yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i 5 foizdan 2 foizgacha, foyda solig‘i 14 dan 12 foizgacha, kichik biznes sub’yektlari yagona solig‘i 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirilishi natijasida tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoladi.
Hozirda mavjud bo‘lgan 19 ta soliq va majburiy to‘lovlar turi 15 tagacha kamaytiriladi.