O‘zbekiston – Rossiya yoshlar festivali: hamkorlik, tashabbus va innovatsiya
Joriy yilning 27–31 oktyabr kunlari mamlakatimizda O‘zbekiston – Rossiya yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida yurtimizning Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida delegatsiya a’zolari ishtirokida turli tadbir va treninglar o‘tkazildi. Ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor tashkil etilgan ushbu festivalda O‘zbekiston va Rossiya yoshlar ittifoqi rahbarlari, yetakchi mutaxassislari, nufuzli kompaniya va korxonalarning rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida yoshlar tadbirkorligi va turizmini rivojlantirishga doir bir qator tadbirlar tashkil etildi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasida azaldan do‘stona munosabatlar mavjud. Innovatsiyalar, yangi istiqbollar borasida ham tajribalarimizni do‘stona almashinishimiz lozim, – deydi Yoshlar masalalari bo‘yicha Federal agentligining moliyaviy-iqtisodiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Yelena Shevchenko. – Xalqlarimiz ham doim o‘zaro iliq munosabatda bo‘lib kelishgan. Lekin bir-birimiz bilan bo‘lishadigan, o‘rganadiganlarimiz ko‘p.
Birinchi O‘zbekiston-Rossiya yoshlar biznes forumida ikki tomon tadbirkorlari 3 ta kelishuv va 57 dan ortiq hamkorlik aloqalarini mustahkamlash to‘g‘risidagi shartnoma, yoshlar turizmi bo‘yicha hamkorlik qilish maqsadida 45 kelishuv hamda 20 ta shartnoma imzoladi. Shuningdek, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi va “Skolkovo hamjamiyati” o‘rtasida “Ta’lim – ikki mamlakat o‘rtasida tadbirkorlik va loyihalarni rivojlantirishga eltuvchi yo‘l” dasturi hamda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi va “Invest konsalting realiti” MCHJ o‘rtasida “Rossiya va O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes” dasturi doirasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida muhim memorandumlar imzolandi.
Forum doirasida Yoshlar turizmi agentligi direktori Kamola Ismoilova va “Kongressorg” kompaniyasi guruhlari rahbari Oleg Almendeev o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib, shartnoma imzolashdi. Bundan tashqari ta’lim va farmatsevtika sanoati sohalarida ham o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
30 oktyabr kuni Samarqand shahridagi Registon majmuasida “Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi turistik oqimni kengaytirishda yoshlarning ahamiyati” mavzusidagi amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Dastlab festival ishtirokchilari Amir Temur va Xo‘ja Doniyor maqbaralarini ziyorat qildi. So‘ng yoshlar Ulug‘bek observatoriyasida bo‘lib, falakiyot ilmi sultoni – Mirzo Ulug‘bekning o‘z davrida osmon jismlarini o‘rganishda qo‘llagan ashyolarini tomosha qildi.
– O‘zbekistonga birinchi bor kelishim, – deydi festival ishtirokchisi, Kemerova farmatsevtika fabrikasi direktori o‘rinbosari Ivan Burago. – Xususan, Samarqandga ham. Bu yerdagi tarixiy obidalar meni lol qoldirdi. Sababi kuz faslining betakror tarovati va qadimiy inshootlarning o‘zaro uyg‘unligi yanada go‘zal manzara kasb etgan. Tashkil etilgan ushbu festivaldan bir olam taassurotlar bilan yurtimga qaytaman.
Shu kuni Rossiya Federatsiyadan tashrif buyurgan 82 nafar delegatsiyaning yana bir qismi qadim Buxoroga tashrif buyurdi. Ko‘hna kentda rossiyalik yoshlar bilan hamkorlikda “Hamkorlik, tashabbus, innovatsiya” nomli media-forum bo‘lib o‘tdi.
Buxoro shahridagi Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan “Yoshlar media makonining zamonaviy trendlari” mavzusidagi media forumda viloyat yoshlari bilan birgalikda Rossiya delegatsiyasi a’zolari, yosh jurnalistlar, shuningdek, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Media forumda o‘zbekistonlik spikerlar “Yoshlar hayotini yoritish”, “Elektron OAVda yoshlarning rolini oshirish”, “Yosh jurnalist kadrlarni tayyorlash” mavzulariga doir chiqishlar qildi.
Media forum doirasida mehmonlar Buxoro shahri bo‘ylab sayohatga chiqdi. Ko‘hna Arkdan boshlangan sayohat Buxoroning eski shahar qismigacha davom etdi.
Ushbu yoshlar festivali ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash, ularning ta’lim olishi va tadbirkorlik sohasini yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri