Shifokorning ilk malhami – go‘zal xulqi, shirin kalomi
Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» nomli asarida shunday deydi: «Ma’naviyat» tushunchasining ilmiy, falsafiy adabiy yoki oddiy tilda ifodalanadigan ko‘plab ta’riflarini keltirish mumkin.
Umuman o‘zida juda chuqur va keng qamrovli ma’no-mazmunni mujassam etgan bu tushunchaga har qaysi ma’rifatli inson o‘zining falsafiy yondashuvi, siyosiy qarashlari va e’tiqodi, ongu tafakkuridan kelib chiqqan holda turlicha ta’rif va tavsiyalar berishi tabiiy».
Mustaqillik tufayli xalqimiz ma’naviyat tushunchasini yangicha kashf etdi. Hayotda shunday a’mollar borki, ular non kabi muqaddas. Ma’naviyat tushunchasi ham ona, Vatan, ona Zamin kabi azizdir.
Muqaddas a’mollar esa halollik tushunchasi bilan yonma-yon turadi. Demoqchimizki, ma’naviyatli inson eng avvalo, imon-e’tiqodli hamda vijdonan pok bo‘lmog‘i zarur. Biz ham quyida tibbiyot xodimlarining ma’naviyati, uning ma’naviy qiyofasi xususida to‘xtalmoqchimiz.
Har bir shifokor yoki tibbiyot sohasiga daxldor insonlar professional burchi va vazifasini bajarishda halol, hayotda bir marotaba bo‘ladigan dilemmalar (ikki muhimidan birini tanlash)ni ham bemor foydasiga hal qilishi shart.
Ular o‘zlarini xalq salomatligining posboni, deya bilib, o‘z vazifasiga kecha-yu kunduz shay turishi hamda barcha burchlarini sidqidildan bajarishi hamda xushmuomala bo‘lishi, har bir bemorga individual yondashib, uning ko‘nglini topa bilishi lozim.
Shuningdek, shifokor va tibbiyot xodimlari jamiyatning eng insonparvar a’zolari sifatida o‘z ma’naviy qiyofalariga katta e’tibor qaratishlari kerak.
Yaxshi yomon xulqning hammasi sharoit, tarbiya, odatlanish natijasida vujudga keladi. Yaxshi xulqqa ham odat tufayli erishiladi.
* * *
Xulqning muvozanatda bo‘lishi badan salomatligini saqlaydi.
* * *
Yordam berishning go‘zalligi undan kishining tasalli topishida ko‘rinadi.
Abu Ali ibn Sino
Ziyoli inson sifatida fanning zamonaviy yutuqlaridan boxabar bo‘lib, ularni o‘z faoliyatlarida qo‘llashi har bir mutaxassisning burchidir. Shifokor va hamshiralar bemorning ruhiy holatini ziyraklik bilan fahmlab psixologiya fanini ma’lum darajada bilishlari darkor.
Eng avvalo, barcha tibbiyot xodimlari bir-birlari bilan o‘zaro hurmat-izzatda bo‘lishlari lozim.
Bemorning dardi og‘irlashgan damda uning o‘zi va qarindoshlariga hamdardlik bildira olishi kerak. Musibatli hollarda bemorning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlashi darkor.
Shuningdek, oppoq xalat kiyishning ko‘chma ma’nosini hech ham unutmaslik muhim. Oq xalatda quyidagi ramzlar mavjuddir:
– shifokorning dili, niyati oppoq, ezgu;
– nuqtadek qora dog‘ ham oq xalatda o‘chmas iz qoldiradi, shifokorning salgina xatosi ham bemor sog‘ligiga, hattoki hayotida salbiy asorat qoldirishdan ehtiyot bo‘lish kerak.
Shifokor to‘g‘riso‘z, ma’rifatli, madaniyatli hamda yuksak axloqli va xolis fikrli bo‘lishi darkor.
Mushohada quvvatiga ega bo‘lgan inson tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan har bir mutaxassis yoki xodimning ma’naviyat tushunchasiga o‘z dunyoqarashi, madaniyati, tafakkuri nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda ta’rif beradi.
MA’NAVIYATli degan maqomni olish uchun bugungi kun tibbiyot xodimlari quyidagilarga rioya qilsalar, ularning ezgu amallari yanada bisyor bo‘lar edi.
Insoniyatga tegishli barcha umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etish hamda odamlarni sevish va ardoqlash, kishilarni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul etish, biron-bir bemorga befarq bo‘lmaslik, o‘zi tanlagan kasbi taqozosi bilan odamlar sog‘ligining posboni ekanini bir soniya ham unutmasliklari shart.
Quyidagi illatlar, ya’ni kashandalik, giyohvandlik va OITSning tarqalishiga qarshi kurashishda faol ishtirok etishi zarur.
Inson salomatligiga bilvosita daxldor muammo bo‘lsa ham, unga munosabat bildirish hamda zamondoshlar va kelajak avlod sog‘ligi bilan bog‘liq muammolardan o‘zini chetga tortmaslik, tom ma’noda ziyolilarga xos fazilatlarni o‘zida mujassam etish, shifokor va hamshiralarning mas’uliyatli vazifasi hisoblanadi.
Shuningdek, atrof-muhit, suv, havo, nabotot olamiga befarq bo‘lmaslik, Sharq va dunyo allomalari qoldirgan ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy meroslarni o‘rganuvchi va targ‘ib etuvchi bo‘lish har bir ziyoli insonning muqaddas burchidir.
Xalqimizga xos barcha qadriyatlarni alohida ardoqlab, shu zaminning qadim ziyolilari kabi har tomonlama yetuk bo‘lish, har qanday sharoitda irodali va qat’iyatli bo‘lish hamda favqulodda holatda faqat va faqat bemor foydasini ko‘zlab harakat qilish ,mashhur alloma, tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sinoning vorislari bo‘lmish shifokorlarning ma’naviy qiyofasini belgilaydi.
Munira ZUPAROVA,
Chilonzor tibbiyot kolleji o‘qituvchisi