Korrupsiya: jamoatchilik nazorati faqat muhokama qilishdan iborat emas
Taraqqiyotning bugungi yangi bosqichida davlat idoralari xodimlari, mansabdor shaxslar zimmasiga zamonga mos vazifalar yuklanmoqda.
Ayni paytda ularga shunga yarasha katta ishonch ham bildirilayotgani bejiz emas. albatta. Zero, yurt taraqqiyoti, xalq farovonligini ta’minlashdek ezgu maqsadlar ko‘zlangan holda shunday ish tutilayapti. Ko‘plab rahbar xodimlar ana shu ishonch tufayli astoydil mehnat qilayapti, desam yanglishmayman.
Ammo, achchiq bo‘lsa-da tan olish kerak, bugungi islohotlar mohiyatini anglamagan, egallab turgan lavozimidan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanib qolish uchun vakolatlarini suiste’mol qilayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Xo‘sh, nega shunday bo‘lmoqda? Nima, ular korrupsiya uchun jazo muqarrarligini bilishmaydimi? Yoki qonunlarimiz mo‘rtmi? Keling, shu o‘rinda bir mulohaza qilib ko‘raylik. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan bu borada qat’iy pozitsiya belgilandi. Davlatimiz rahbarining Prezident sifatida imzolagan ilk qonun ham aynan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun bo‘lgani bejiz emas. Yana bir muhim omil shuki, yurtimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasi isloh qilinmoqda. Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish yo‘li bilan mansabdor shaxslarning davlat xizmatidan foydalanuvchilar bilan bevosita aloqaga kirishini qisqartirish choralari ko‘rilmoqda. Biroq, korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat davlat nazoratini o‘rnatish bilan masala hal bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Chunonchi, muayyan davlat organi ustidan nazoratni faqatgina yana boshqa bir davlat organi emas, balki bevosita jamoatchilikning o‘zi ham olib borishi ko‘proq samara beradi, deb o‘ylayman.
Tan olish kerak, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim davlat organlari va mansabdor shaxslarning xatti-harakati keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilib borilmoqda. Jamoatchilik nazorati, albatta, faqat muayyan mansabdor shaxsning ommaviy tarzda sodir etadigan xatti-harakatini muhokama qilishdan iborat emas. Bu borada mansabdor shaxslarning ko‘zga ko‘rinmaydigan, qonunga xilof ishlarini fosh etishga qodir bo‘lgan professional nodavlat notijorat tashkilotlarining ham ishtiroki muhim. Ular nafaqat aholi o‘rtasida targ‘ibot olib borishi, balki chuqur tahlillari orqali “yashirin iqtisodiyot” va “korrupsiya”ni ochib berishi, uning oldini olishda har tomonlama ko‘maklashishi zarur.
2018 yilda qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunda davlat organlari ustidan jamoatchilik nazoratini olib borishning 8 ta shakli belgilab qo‘yilgan. Ammo jamoatchilik nazoratining asosiy sub’yektlari bo‘lmish nodavlat notijorat tashkilotlari qonuniy vakolati bo‘lsa-da, “davlat organlariga so‘rovlar”, “davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish”, “Jamoatchilik monitoringi” kabi nazorat shakllaridan samarali foydalanmayapti. Ehtimol, ularning bu boradagi faolligi sustligiga boshqa omillar sabab bo‘layotgandir?
Nazarimda, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash uchun ustav maqsadlari doirasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganda soliq imtiyozlari berish, kerak bo‘lsa, mahalliy byujetlardan ham har yili mablag‘ ajratilishini qonuniy mustahkamlash har tomonlama foydalidir.
Yana bir muhim jihat shuki, endilikda deputatlik korpusi tomonidan ijro hokimiyati ustidan lozim darajada vakillik nazorati yo‘lga qo‘yilishi maqsadga muvofiq. Shunda hokimlarning xalq vakillari oldida hisob berishi amalda ta’minlanadi va har xil korrupsion faoliyatlarning oldi olinadi.
Jahongir ShIRINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati