Sog‘liqni saqlash sohasiga innovatsion yondashuv
Bugungi kunda dunyoda sog‘liq shunchaki boylik emas, balki ulkan salohiyat, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bosh harakatlantiruvchi kuchi, davlat qudratining ko‘rsatkichi deb qaraladi. Aholining ayniqsa, yosh avlodning salomatligi – zamonaviy davlatning tabiiy resurslaridan ham bebaho va qimmatli bo‘lgan boyligi hisoblanadi. Zero, faqat sog‘lom aholiga ega mamlakatgina kuchli va qudratli bo‘lishi mumkin. Shu sababli ham o‘tgan ikki yil davomida mamlakatimizda sog‘liqni saqlashni boshqarishning yagona tizimini yaratish, tibbiyotning xususiy sektorini rivojlantirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va sog‘lom avlodni shakllantirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, uning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblangan shoshilinch tez tibbiy yordam va kasalliklar profilaktikasini zamonaviy darajaga ko‘tarish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamiyatda tibbiy madaniyatni oshirish masalalariga hamda sog‘liqni saqlash xususiy sektorining barqaror rivojlanishiga, xususiy tibbiyotga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishni kuchaytirishga, xususiy tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini shakllantirishga, tibbiy turizm va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda ushbu sohada sog‘liqni saqlashni samarali isloh qilishga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya mavjud emasligi oqibatida tibbiyot sohasidagi islohotlar to‘liq bo‘lmagan shaklda va tizimsiz tarzda amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlashni boshqarishning xorijiy mamlakatlarda qo‘llanilayotgan muvaffaqiyatli tajribasi va aniq innovatsion modellari lozim darajada hisobga olinmayotganligi sababli tibbiyot sohasiga investitsiyalarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini bermayapti.
Bundan tashqari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, eng avvalo, respublikaning xususiy sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy malakasini oshirish va lozim darajada saqlash, ularning ko‘nikmalari zamonaviy talablarga muvofiqligi ustidan ta’sirchan monitoring tizimi joriy etilishida kamchiliklar mavjud.
Hozirgi kunda klinik protokollar va tibbiy standartlarning mukammal emasligi, shuningdek, innovatsion ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish darajasining pastligi aholiga tibbiy yordamni tashkil etishga zamonaviy uslub va yondashuvlarni joriy etishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga tibbiyot va farmatsevtika xodimlari to‘g‘risida haqqoniy ma’lumotlar yo‘qligi, hamda ishonchli tibbiyot statistikasining yagona bazasi shakllantirilmaganligi sababli sog‘liqni saqlash tizimi ahvolini munosib baholash va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini bermayotganligini ko‘rish mumkin. Mavjud muammolar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilashga, respublika sog‘liqni saqlash sohasini boshqarish tizimining samaradorligini oshirishga, shuningdek, sohaga chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga to‘sqinlik qilib kelmoqda.
Shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 2 avgustidagi “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tibbiyot sohasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va islohotlarning innovatsion modellarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tashkil etildi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining raisi etib Ravshan Izamov tayinlandi.R. Izamov 1977 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2001 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Shuningdek, bo‘lajak mataxassis 2005 yilda dermatovenerologiya yo‘nalishi bo‘yicha magistrlikni himoya qilgan. Yana u 2006 yilda Buyuk Britaniyada litsenziga ega doktor maqomiga erishgan(GMC registereddoctor). Queen Mary university’da teri kasalliklari yo‘nalishini tamomlagan. Estetik tibbiyot sohasi bo‘yicha tajribasini oshirgan Ravshan Izamov malakali, xalqaro nufuzga ega mutaxassisdir.
Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining bosh maqsadi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, respublika sog‘liqni saqlash sohasini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, shuningdek, ushbu tizimga chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasiga respublika sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish strategiyasini, ilg‘or xalqaro standartlar va jahondagi eng yaxshi amaliyotni hisobga olgan holda sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Shu bilan birga zarur statistik axborot bilan ta’minlash maqsadida tibbiyot statistikasini to‘plash va tahlil qilish tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish, hamda statistik ko‘rsatkichlarni manipulyasiya qilish imkoniyatini istisno etadigan xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish kerak.
Respublika shifokorlari va provizorlarini ro‘yxatga olish tizimini joriy etish hamda umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish,xalqaro standartlarga javob beradigan sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaratish zamon talabidir. Ushbu milliy palata tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini zamonaviy tibbiy asbob- uskunalar bilan jihozlash hamda sohaga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun moliyaviy mablag‘larni jalb etishga, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida yangi tashkilotlar tashkil qilishga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari tibbiyot xodimlarining obro‘sini, ushbu kasb nufuzi va mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan aholining ishonchni oshirish, tibbiyot xodimlariga odob-axloq qoidalarini singdirish, korrupsiya ko‘rinishlariga barham berish va ularning oldini olish, hamda shifokorlarning kasbiy faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash choralarini ko‘rish ham milliy palataning vazifalari qatoriga kiradi.
Shu bilan birga tibbiyot xodimlarining kasbiy malaka darajasi, ularning ko‘nikmalari jahonning eng yaxshi amaliyotiga muvofiqligi ustidan,shu jumladan, ular faoliyatini yakka tartibda litsenziyalashni joriy etish orqali ta’sirchan monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish,tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtiradi.Tibbiyot sohasiga zamonaviy standartlarni joriy etish, sog‘liqni saqlash sohasidagi yuqori malakali xorijiy ekspert va mutaxassislarni mamlakatga faol jalb qilish, mamlakatimiz mutaxassislari hamda ekspertlarining chet elda stajirovka o‘tashini tashkil etish Milliy palata faoliyatining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Jahonning eng yaxshi amaliyotini chuqur o‘rganish asosida shifokorning xatolari, kasalliklarni noto‘g‘ri diagnostika qilish va davolash holatlarini kamaytirishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va ularni sohaga joriy etish, mamlakat sog‘liqni saqlashni boshqarish tizimiga, shu jumladan, tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va nazorat qilish masalalarida xorijning eng yaxshi amaliyotini moslashtirilgan tarzda joriy etish fuqarolarni tibbiy sug‘urtalashni tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish kabi vazifalarni amalga oshirish ham belgilab olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi davlat boshqaruvi organlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda tibbiyot va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, ushbu sohani fuqarolarga mumkin qadar yaqinlashtirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, kasalliklarni barvaqt oldini olish va nogironlik darajasini pasaytirish bo‘yicha ham ishlar olib boradi.
Shu bilan birga aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini oshirish, uni monitoring kilish maqsadida zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika hamda davolash sifatiga oid standartlar ishlab chiqish, shuningdek, moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqishni tashkil etish, ularning o‘z vaqtida joriy etilishini monitoring qilish kabi vazifalar ham ushbu milliy palata zimmasiga yuklatilgan.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh etishda samarali jahon tajribalaridan foylanish ham katta ahamiyatga ega. Shu sababli ham xususiy, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini faol jalb qilish O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari sog‘liqni saqlashning xususiy tizimini jadal rivojlantirish maqsadida davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va uni mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etish, xorij tibbiyoti va boshqa tashkilotlar bilan sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining asosiy vazifalaridan biridir. Shu bilan birga ushbu milliy palata respublika sog‘liqni saqlash tizimiga grantlar, kreditlar, donorlik va boshqa mablag‘larni jalb etish maqsadida uchrashuvlar, muzokaralar tashkil qiladi.Jalb qilingan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishini monitoring hamda nazorat qilish, salohiyatli investorlar, ayniqsa, xorijiy investorlarga respublikaning xususiy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish uchun investitsiya kiritish masalalari bo‘yicha axborot, maslahat, huquqiy va boshqa shakllarda, shu jumladan, biznes-rejalar ishlab chiqish hamda taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalarini jalb qilish orqali har tomonlama ko‘mak ko‘rsatadi.
Bundan tashqari tibbiyot va farmatsevtika sohasiga oid tashkilotlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ularga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun moliyaviy mablag‘lar jalb etish, hamda sog‘liqni saqlash sohasida yangi tashkilotlar tashkil qilishga ko‘maklashish kabi vazifalar ham shubu yangi tashkilot zimmasiga yuklatilgan.Milliy palata tibbiyot muassasalarini tibbiy jihoz va uskunalar bilan jihozlash standarlarini ishlab chiqishda, ularni joriy etishda Sog‘liqni saqlash vazirligi, davlat boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda ish olib borishni rejalashtirgan.
Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi kelgusida jahon miqyosida mamlakatimizning sog‘liqni saqlash tizimini innovatsion rivojlanishi hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishda, sog‘lom turmush tarzini qaror topishi va aholining uzoq umr ko‘rish davomiyligining oshirishda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.
Kenjaboy ISMOILOV,
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion
sog‘liqni saqlash milliy palatasi
mutaxassisi, tibbiyot fanlari nomzodi