Disleksiya kasallik emas, ammo bu holatga jiddiy e’tibor berish lozim
Disleksiya – o‘qish jarayonini qisman o‘zgacharoq tarzda buzilishidir. Ushbu holatda bola harflarni tanishda, undan bo‘g‘in va so‘z yasash, shuningdek, o‘qiganlarini tushunmaslikda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ya’ni, u so‘zni to‘g‘ri o‘qiy olmaydi. Qolaversa, harfni tovush bilan bog‘lolmaydi, o‘qigan matnini esa tushunmaydi.
Ko‘pincha 5-6 yoshdagi bolalar harflarni oynadagi aks kabi teskari holatda yozadilar va harflarni chalkashtiradilar. Ota-onalar bundan qanchalik fojia yasamasin, 6 yoshgacha bo‘lgan bolada hali o‘qimaslik huquqi bor! Farzandingiz xatosiz o‘qishi uchun, eng avvalo, bosh miyaning ma’lum tuzilmalari shakllanib ulgurgan bo‘lishi lozim. Bu odatda kichkintoy 7 yoshga yaqinlashganda amalga oshadi. Agar 4 yoshli bolada yoshiga mos ravishda nutqi ham me’yorda (og‘zaki nutqda tovushlarni ajrata olsa) bo‘lsa-yu, bo‘g‘indan so‘z yasay olmasa, ozroq sabr qiling. Oradan 1-1,5 yil o‘tgach, hammasi joyiga tushib ketadi.
Mutaxassislar bolada fonematik eshitish yoki nutqni umumiy rivojlanmaganligini aniqlasalar, bu muammo ustida vaqtni o‘tkazmasdan ish boshlash kerak. Bunda u disleksiya rivojlanishi xavfi bor guruhga kiritiladi. Yana 3,5 yoshli kichkintoyga “nutq rivojlanishining kechikishi” tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, ota-onalar ularda o‘qish va yozish ko‘nikmasini shakllantirishga ham alohida e’tibor qilishlari kerak bo‘ladi.
Masalaning muhim tomoni shundaki, disleksiya kasallik emas. Balki bola tug‘ilganidan boshlab uning rivojlanguniga qadar undagi miya tuzilmalarining shakllanishi va bosh miya ishlashining o‘ziga xosligini ko‘rsatadi. Shunga qaramasdan o‘qishda qiynalayotgan bolani mutaxassisga ko‘rsatish zarur. Olib borilgan mashg‘ulotlar muammoni butunlay bartaraf etmasada, uni yengillashtiradi. Bir so‘z bilan aytganda mutaxassis bilan bo‘ladigan muloqot foydadan xoli bo‘lmaydi.
Ushbu muammo qanday yuzaga keladi?
Neyropsixologlar disleksiyani ko‘rish orqali qabul qiluvchi, bosh miyaning qismlari o‘rtasidagi aloqaning buzilishi deb qaraydilar. Bunday holatda ko‘rish orqali qabul qilingan obraz so‘z shakliga kirmaydi (so‘z bilan assotsiatsiya bo‘lmaydi). Bu holatning sababi turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, go‘dak tug‘ilayotganda kislorod yetishmasligi, bo‘yin va umurtqadagi mikroshikast, irsiy o‘zgarish yoki qiyin kechgan har qanday kasalliklarni misol tariqasida keltirish mumkin.
Uning turlari:
Fonematik
Disleksiyaning bu ko‘rinishida bola jarangli va jarangsiz, unli va undosh tovushlarni farqlay olmaydi: masalan, “g-d” (“gap”ni “dap”, “u”ni “o”deb o‘qiydi). Bundan tashqari bola bo‘g‘inlab emas, balki harflab o‘qiydi, harflarni tushirib qoldiradi. U tovush va bo‘g‘inning o‘rnini almashtiradi.
Semantik
Bola matnning hammasini to‘g‘ri o‘qiydi, lekin uning ma’nosini tushunmaydi. O‘qish jarayonida har bir so‘zni alohida qabul qiladi. Lekin ularni boshqa so‘zlar bilan bog‘lamaydi. Jumlalar tuza olmaydi.
Agrammatik
Bola kelishik qo‘shimchalari, son, fe’l zamonlarini kelishtira olmaydi: masalan, “ertaga keldi”.
Optik (ko‘ruv)
Yozilishi o‘xshash bo‘lgan harflarni adashtiradi. Masalan, “U-Y”, “N-M”, “R-R”, “SH-CH”va boshqalar.
Mnestik
Bola u yoki bu tovushga mos keladigan harfni bilmaydi va eslab qola olmaydi.
Disleksiyani o‘rnini qanday to‘ldirish mumkin?
- Bolada disleksiya aniqlanganda u bilan odatda ikki mutaxassis – neyropsixolog (kamyob ixtisoslik) va logoped shug‘ullanishi lozim. Mashg‘ulotlar haftada ikki marta va yarim yil davom etishi kerak. Ushbu holatda bola uyda ham vazifa bajarishi talab etiladi.
- Disleksiya qayd etilgan bolalar uchun koptok bilan har qanday o‘yinlarni o‘ynash juda foydali. Bu ko‘rish-motor reaksiyasini chiniqtiradi, harakatlarni muvofiqlashtiradi. Asta-sekin bola ma’lum qoida asosida harakat qilishga o‘rganadi. Ularni ketma-ketligini eslab qoladi va o‘z harakatlarini nazorat qila boshlaydi.
- Logoped uchun tovushni harfga bog‘lash, bolaga harflardan so‘z yasash va so‘zni harf va tovushlarga ajratishga o‘rgatish talab etiladi. Ushbu mutaxassis o‘tkazadigan mashg‘ulotlarda farzandingiz harflarni yozishni mashq qiladi va tovushni to‘g‘ri talaffuz qilish va ularni bir-biridan farqlashni o‘rganadi.
- Bola yoshi bilan belgilangan me’yorga yetib olsa, bu muammo hal etilgan hisoblanadi. Ya’ni, u endi alifbeni biladi, o‘qiydi va o‘qiganini tushunadi hamda yozishda qiynalmaydi.
Ota-onalarga maslahat
Disleksiklar uchun komanda bo‘yicha burilishlarni va reja tuzish o‘yinini o‘ynash foydali hisoblanadi. Masalan, do‘konga chiqmoqchi bo‘lsangiz, boladan u yerga qanday borish yo‘lini aytib berishini, keyin esa uni qog‘ozda chizib berishini so‘rang. Ko‘chaga chiqqaningizda endi qayoqqa yuramiz? Chapgami? O‘ngami? To‘g‘rigami? Yo‘ldan adashmaslik uchun qaysi yo‘nalishni tanlashni so‘raysiz.
Bolada harakatlar ketma-ketligi haqida tasavvurni shakllantirish kerak. Ya’ni, bajariladigan ishlar qanday boshlanib, keyin qanday davom etganligini tushunishi bugun va erta uchun reja tuzishga katta yordam beradi. Kechqurun farzandingizdan kun davomida nimalar qilganligini ketma-ketlikda so‘rang. U yana nimalarni qilishga ulgurgan va qaysi ishlarga ulgurmaganligi hamda vazifalarni qanday bajarganligini qayd eting. Keyingi kun rejasini farzandingiz bilan muhokama qiling.
O‘qishda qiynalayotgan bola bilan ota-onalar quyidagi mashqlarni bajarishlari foydali: “ma, at, ak”, “ot, ok, mo”, “la, ra, da”, “su, mu, ju”va boshqa bo‘g‘inlarni o‘qiting. Bo‘g‘inlarni ustun qilib yozing va yuqoridan pastga, keyin pastdan yuqoriga qarab bolaga o‘qiting yoki bo‘g‘inlarni juft qilib, unga aniq o‘qiting. Masalan, “ar-ra”, “as-ta”, “da-la” va boshqalar.
Farzandingiz ko‘zini yumib turgan holatda kaftiga harf chizing. So‘ng u qanday harf ekanini aytishi kerak. Bolaga nuqtalar o‘rnida harf yozdiring va ularni to‘g‘riligini nazorat qiling.
Logoped Lola Mahmudova tavsiyalari asosida
Dilfuza AZIMOVA tayyorladi.