“Inson o‘z ONA tilini yaxshi bilmay turib, boshqa tilni mukammal o‘rgana olmas ekan…”
*Salom. Bizani uchebniy sentrimizada xama inglis tilini urivenlari bor. Holasez kelib qatnashishiz mumkin. Kelishdan oldin tel qisez boldi adressi chuntirvoramza.
*Kechirasiz, ciz ham shu markazda ishlaysizmi?
*Hm man shu sentrri raxbariman. Inglis tilidan dars beraman. Ertaga kesez bemalol gaplashvolamza. Voxtiz bo‘ladimi?
*Uzr, bora olmayman…
Qit’a miqyosidagi nufuzli sport musobaqasi yakunlangach, g‘oliblar safidan o‘rin egallagan sportchi bilan “Ustoz va murabbiylar kuni” arafasida uchrashib, intervyu olishga kelishib oldim. Bo‘lajak suhbatga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdim. Har holda suhbatdoshim ziyoli, o‘zbek oilasida dunyoga kelgan. Dunyo ko‘rgan… Intervyu bo‘ladigan kun ham yetib keldi. Sportchiga birinchi savol bilan yuzlandim:
– Ustozingizdagi qaysi jihatlarni qadrlaysiz?
O‘rtaga jimlik cho‘kdi.
Savolni biroz o‘zgartirgan bo‘ldim.
– Ustozingizdagi qanday xususiyatlar sizga yoqadi?
Bir necha daqiqa o‘tdi.
– Chota sizni chunmadim, jihat, xususiyat bu – xarakter. Shunaqami?
–…
Oliygohda o‘qib yurgan kezlarim o‘qituvchimiz talabalarga o‘rta asrlar Yevropa madaniyati haqida ma’lumot yig‘ib kelish vazifasini topshirdi. Keyingi darsda to‘plagan yangiliklarimizni chet tilida gapirib bera boshladik. Dabdurustdan, ustoz so‘zimizni bo‘lib, ma’lumotlarni o‘zbek tilida gapirib berishimizni so‘radi.
– Ustoz, tilning nima ahamiyati bor? Axir siz ham, guruhimizdagilar ham so‘zlarimizni tushunishayapti, muhimi shu emasmi? – dedik taajjub bilan.
O‘qituvchimiz istehzoli kulgancha, bizga yuzlandi:
– O‘z ona tilining taraqqiy etishi yoxud uning yer yuzidan butkul yo‘q bo‘lib ketishida o‘zini o‘sha millat farzandi deb hisoblaydigan har bir insonning ulushi bor. Unutmang, tilni qadrlash millatchilik emas, balki vatanparvarlikdir.
Bir necha yil Yevropa mamlakatlarida ta’lim olgan, bir paytlar xorijning eng yetakchi kompaniyalarida faoliyat olib borgan, ilg‘or fikrlaydigan ustozimizdan bu saboqni olish biz uchun chindan-da kutilmagan hodisa edi…
Ingliz tili mashg‘ulotlariga qatnay boshlagan kezlarim guruhimizdagi o‘quvchilar bilan har kuni kim qancha so‘z yodlash bo‘yicha musobaqalashar edik. Qizig‘i, so‘zlarni o‘rganish, ularni yod olishda alohida ajralib turuvchi Sherzod negadir gap tuzishda, so‘zlarni ishlatishda juda qiynalardi. Kelishiklar, qo‘shimchalar joylashuvini formula singari yozib olsa-da, ularni ajrata olmasdi. Bu holat bir necha bor takrorlanganidan keyin u darslarda faol qatnashmaydigan, asta-sekin mashg‘ulotlarni qoldiradigan odat chiqardi. Guruhdoshlar oldida vazifalarni bajarolmay mulzam bo‘lavergach, oxir-oqibat darslarga umuman kelmay qo‘ydi.
Yaqinda uni ko‘chada uchratib qoldim, qo‘lida bir talay o‘zbek tiliga oid kitoblar. Hol-ahvol so‘rashgach, qo‘lidagi kitoblarga savol nazari bilan qarayotganimni tushundi shekilli, asta gap boshladi:
– Bilasizmi, inson o‘z ona tilini yaxshi bilmay turib, boshqa tilni mukammal o‘rgana olmas ekan…
Ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga xabar keldi: “Bizning o‘quv markazimiz yordamida ingliz, koreys va rus tilllarini tez va oson o‘rganing. Ma’lumot olish uchun ushbu manzilga murojaat qiling”. Belgilangan havolani bosdim, u yerda o‘quv markazining ijtimoiy tarmoqdagi kanali joylashgan bo‘lib, murojaat uchun barcha savollarni shaxsiyga yozish so‘ralgan. Darslarni o‘tish tartibi va aniq manzilni bilish maqsadida berilgan manzilga o‘zimni qiziqtirgan savollarni yozishga kirishdim:
– Assalomu alaykum. Men ingliz tili darslariga qatnamoqchi edim. Markazda ushbu tilning V2 darajada biluvchi guruhlar ham bormi? Sinov darslariga kiritilishdan oldin bosqichlar o‘quv markazi tomonidan aniqlab olinadimi?
– Salom. Bizani uchebniy sentrimizada xama inglis tilini urivenlari bor. Holasez kelib qatnashishiz mumkin. Kelishdan oldin tel qisez boldi adressi chuntirvoramza.
– Kechirasiz, siz ham shu markazda ishlaysizmi?
– Hm man shu sentrri raxbariman. Inglis tilidan dars beraman. Ertaga kesez bemalol gaplashvolamza. Voxtiz bo‘ladimi?
– Uzr, bora olmayman…
Xurshida HUSENOVA