Tog‘ burguti
Tog‘ burguti – yirik va qudratli qush. Ko‘rinishdan to‘q qo‘ng‘ir, ammo bizga uzoqdan bir xil qora tusda bo‘lib ko‘zga tashlanadi. U oftobda isinarkan qanotlarini parvarishlab, kaft va panjalarini tozalab turadi. Uning keng qanotlari o‘ziga xos. Patlari juda zich bo‘lganligidan vazmin va uzoq muddat ucha oladi. Ko‘zlari o‘tkir. Bu esa uning muvaffaqiyatli ov qilish garovidir.
Har gal quyosh bo‘y ko‘rsatganda burgutlar tovushi osmon bilan bo‘ylashgan Baxmalning baland Oyqor tog‘i va cho‘qqilari uzra aks-sado beradi. Bu mag‘rur qushlar atrofda qad rostlab turgan ulkan qoyalar osha kuchli shamollarga ham basma-bas shiddat bilan parvoz qiladilar.
To‘g‘ri tanlangan marra omadli ov hisoblanadi. Abjirlik, chaqqonlik va merganlik ham talab qilinadi, albatta. Burgutlarning qulay imkoniyatni boy bermay, bexosdan qilgan harakatlari samarasiz ketmaydi. Ularning aksar qiyofasi havoda namoyon bo‘ladi. Bu yumushlar ustasiga chikora.
Burgut – etxo‘r jonivor bo‘lib, har gal yirik o‘lja tutish payida bo‘ladi. Bu safar changaliga kutilmaganda tovushqon ilinib, omad uning foydasiga hal bo‘ldi. O‘lja bor joyda qirg‘iy, kalxat, tasqara kabi yirtqich qushlar ham hoziru nozir.
Biroq tog‘ burguti palaponlariga atalgan o‘lja uyadagi eng yirik va kuchlilarigagina nasib etadi. Ota-onalar ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, kuni bo‘yi mehnat qilishdan charchamaydilar. Kichkintoylarni oziqlantirish barobarida mustaqil hayot uchun yashash va kurashga o‘rgatib boradilar.
Katta palaponlar kichiklarini turtkilab, shovqin solib uyadan tushirib yuborishga harakat qilishadi. Bu voqea ota-onalar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lsa-da, ular pinagini ham buzmaydilar. Ayniqsa, kichkintoy hali ovqatdan umidvor, unga ota-onalar g‘amxo‘rligi zarur bo‘ladi. Vaqt o‘tgan sari paloponlar ulg‘ayishib, yashash uchun kurashga intiladilar.
Bir juft burgutning bir nechta uyalari bo‘lib, ota-onalar har yili cho‘p, xas-hashak tashib, ularni tuzatib va yangilab turishadi. “Ta’mirlangan” uyalar vaqt o‘tgan sayin kattalashib, kichkintoylar uchun issiq va qulay boshpana vazifasini o‘taydi.
Birovni ayash yo‘q. Hayot beshafqat. Ota-onalar so‘nggi vaqtlarda nimagadir palaponlariga ozuqa keltirishga shoshilishmayapti. Ular kichkintoylarni uzoqdan kuzatishar, g‘ayritabiiy tovush chiqarib bezovtalanishardi. Aftidan, ona burgutning tanlash vaqti keldi: u palaponlarining faqat birini merosxo‘r sifatida uyada qoldirish niyatida. Ona burgutning birgina nigohi voyaga yetgan palaponlardan ajralishi kerakligini anglatardi. Negaki, uning boshqa yumushlari ham bor.
Ayriliq – yosh burgutlar uchun ayanchli va og‘ir. Balki ular tahlikali kunlardan keyin birgalikda yashamas, bir-biri bilan uchrashmaslar ham. Kichkintoylar nolasini eshitish ota-onalar uchun oson bo‘lmaydi. Ular besaranjom bo‘la boshladi. Ayniqsa, eng kichigi hali nimjon, nochorligidan qanot qoqishga ham madori yo‘q. Kattalar orasida ojizligi shundoqqina sezilib turardi. “Kattalari uni uyadan tushirib yubormasmikin? Balki uning so‘nggi kunlari yaqin qolgan bo‘lishi mumkin…” Darhaqiqat, kichigini ochlik batamom holdan toydirgandi. Bu fojea bilan barobar. Ona burgut nazarida ushbu o‘tayotgan tahlikali va tashvishli kunlar go‘yo bir umrga cho‘zilib ketgandek edi.
Kuz yaqinlashgach, yosh burgutlar pari to‘kilib, ularda asl qanot paydo bo‘laboshladi. Pat – ular sog‘lig‘i uchun ham juda muhim. Vaqt kelib yosh avlod bo‘yga tortib, ilk tetapoya qadamlarini tashlay boshladilar. Bexavotir joy axtarishib daraxt shoxidan-shoxiga sakrab uchishga shaylanishar hamda mustaqil yashashga intilishardi. Shu tahlitda ular hayot tarzi yaxshilanib, yashashga bo‘lgan ishtiyoqlari kundan-kun ortib borardi.
Vaqt o‘tgan sayin yosh burgutlar o‘zlarini erkin tutib, havoda bardam va chaqqon harakatlanadigan bo‘lishdi. Lekin hayot uchun kurashda ko‘p narsani bilishlari, muvaffaqiyatga erishishda qanotlari mustahkam bo‘lishi lozim. Ulardan matonat, sabr-toqat va qat’iyatlik ham talab etilardi.
Kuz oxirlab, o‘rnini izg‘irinli sovuq kunlar egallay boshladi. Yosh jonivorlar uchun mas’uliyatli kunlar yaqin. Hademay qish qahrini sochib, ular uchun og‘ir sinovlardan o‘tish pallasi boshlanadi. Qisqasi, qushlar hayot tarzining achchiq haqiqati – yashash uchun kurashdan iborat.
Qandim SUYAROVA,
Jizzax shahridagi 19-umuta’lim maktabi o‘qituvchisi