Taqlid
Saidahmad ZARDON
Hovlida 7 yoshli Rasuljon va uning 6 yoshli singlisi – Sadaf o‘ynayapti. Sadaf Rasuljonga yuzlandi.
– Kel, yangi o‘yin o‘ynaymiz: sen ota bo‘lasan, men – ona. Sen ishdan kel, men kutib olaman.
Rasuljon rozi bo‘lib, irg‘ib o‘rnidan turdi va tomoq qirib, ishdan kelgan bo‘ldi:
– Ovqating tayyormi, xotin? Tezroq suz.
Kutilmaganda Sadaf ikki qo‘lini beliga qo‘yib, baland ovozda dedi:
– Tayyormas, hey zahar yutkur. Ishing tugaganiga qancha bo‘ldi, ayt? Shu paytgacha qayerda sanqib yuribsan?
– Majlis…
– Bekorlarni aytibsan, yarim kechagacha majlis bo‘larkanmi? Undan ko‘ra yashirmay aytaver, qayerlarda sanqib yurganingni…
– Hov tovuq miya, majlis bo‘lgandan keyin majlis deyman-da. Nima, men o‘ynab yuribmanmi? – endi Rasuljon ham biroz ovozini ko‘tarib, dag‘dag‘a qildi. Sadaf esa u bilan gap talashib o‘tirishga sabri chidamay, o‘zicha shang‘illab, ishlarini davom ettira boshladi.
– Bu kunimdan o‘lganim yaxshi. Shu ro‘zg‘orga kelib nima ko‘rdim o‘zi, kun bo‘yi tinim yo‘q. Bir qarasang suv kerak, bir qarasang non, ovqat pishir, kir yuv, uy supur… Bu kishimning esa parvoyi falak, biror kun ertaroq kelib shu bechoraga ham yordam beray demaydi. Bahonasi majlis-majlis… Qani edi shuncha majlisga qatnashganiga yarasha to‘lib-toshib kelsa. Yo‘q, qup-quruq kelaveradi. Uyda nima bor, nima yo‘q xayoliga ham keltirmaydi. Erkak degan mundoq ro‘zg‘orni eplab qo‘yib, keyin kekkaysada…
– Hoy vaysaqi, nima men o‘ynab yuribmanmi? Maoshimni olsam, uyga olib kelayapman-ku. Kun bo‘yi ishlab, charchab uyga qaytsam yana bu ahvol. Biror kun bundoq yaxshi kayfiyat bilan, kulib qarshi olsang haqing ketib qoladimi, a? Mana qo‘shnilarimiz…
Shu payt darvozadan otasi kirib keldi. Hovli chetida o‘ynayotgan bolalar jim bo‘lib, vaziyatni kuzata boshladi.
Ota hovliga kirib, supa chetiga o‘tirar ekan, darg‘azab ovozda chaqirdi:
– Hov onasi, onasi deyman, a mundoq…
Ayvondan ayolning shang‘illagan ovozi eshitildi:
– Ha, ovozing o‘chgur, ha…
Tojik tilidan Tursunboy BOYMIROV tarjimasi