Quloqqa chalingan gurunglar
Umrimizning deyarli to‘rtdan ikki qismi sarflanadigan ko‘cha tasodiflarga to‘la ekanligini hamma yaxshi bilsa kerak? Chunki, vaqtimizning ko‘p qismi ishxonada o‘tadi-da. Ko‘chada yaxshini ham yomonni ham ko‘rasiz. Ba’zan birovlarning ko‘cha bolasi, ko‘cha tarbiyasini olgan, – degan so‘zlarini ham eshitib qolamiz Bu gaplar nechog‘li to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?. Ertalab ishga otlanish uchun ko‘chaga chiqamiz, kechki payt yana ko‘chadan qaytamiz. Dam olish kunlari bozor-o‘char yoki mehmonga borsak yana o‘sha qadrdon ko‘chalarni kezamiz. Turfa xil odamlar. Turli-tuman ko‘rinishlar, kishini qay darajada madaniyatli ekanligini ko‘rsatuvchi joiz-nojoiz so‘zlar. Xullas, ba’zi bir ko‘cha voqealari bizni ajablantiradi, siznichi? Keling, o‘zim guvoh bo‘lgan ayrim voqealarni bir boshidan so‘zlab bera qolay.
Odobing husningdir
Avtobusdan tushayotgan Rasuljon oyisiga qarab, «Oyijon, anavi amakiga qarang, odobsiz ekan», – dedi baralla. – Kattalar haqida bunday gapirish yaxshi emas, nega unday deyapsan? – o‘g‘lining gapidan hayron bo‘lgan oyisi u yoq-bu yoqqa alanglab, uning yengidan tortib qo‘ydi.
– Ko‘rmaysizmi, qo‘lidagi yo‘l chiptasini oyog‘i ostiga tashlab yubordi, axir o‘zingiz farroshning xizmatini hurmat qilmagan kishi odobsiz sanaladi, – degansiz-ku, o‘sha amakining orqasidan tushayotgan yana bitta xola ham qo‘lidagi anor po‘choqlarini supirilgan joyga tashlab ketdi. Rasuljonning oyisi bir zum xomush tortib qoldi-da sekin oyoq ostidagi g‘ijimlangan chipta bo‘laklarini va sochilgan anor po‘choqlarini yig‘ib olib, shundoq ro‘parasida turgan chiqindi qutisiga tashladi. Rasuljon ham qo‘lidagi chiptani chiqindi qutisiga tashlar ekan, oyisini mamnun quchib qo‘ydi.
“Yangicha” muomala
– Assalomu alaykum, Oybodoq! Qarama-qarshi tomonimdan o‘tayotgan ikki nafar yigitning baland ovozdagi salomidan qiziqsinib, orqamga o‘girilib qaradim. Egnidagi oq ko‘ylagi ustidan havorang bo‘yinbog‘ taqib olishgan yigitlarning ko‘rinishi talabaga o‘xshardi. Ulardan to‘rt-besh qadam oldinda ketayotgan uch nafar qizlarning biri sumkasini ochib, kuymalanib qolgani bois yigitlar o‘sha qizga salom berishgan ekan. Qizning qomatini namoyon etib turgan qirmizi koftasi ustidan tushib jinsi shimining pastigacha yoyilgan sochlari orqasini to‘ldirib turardi. «Essiz, agar bu qiz uzun ko‘ylak kiyib, uzun sochini o‘rib olganida bormi, yana ham chiroyli ko‘rinar edi», – degan fikr o‘tdi xayolimdan.
Yigitlar esa baland ovozda, «Oybodoq, salomimizga alik olmaysizmi?», – deganicha o‘zlarini kulgudan to‘xtatolmasdi. Bu holat nafaqat menga, balki yon-atrofdan o‘tib ketayotgan yo‘lovchilarga ham xunuk ko‘rindi shekilli, bir amaki ularga qarab boshini sarak-sarak qilib o‘tib ketdi.
Ko‘z o‘ngimda bo‘lgan voqeadan qattiq ta’sirlandim. Zinadan ko‘tarilayotganimda ham, xonamga kirib, ish stolimga o‘tirganimda ham haligi manzara xayolimdan ketmasdi…
«Qush uyasida ko‘rganini qiladi»
– Novvot qizim, asal qizim, qorning ochib qolgandir, yur uyga kiramiz, – deydi bobosi koptok o‘ynayotgan Nodiraxonni erkalab.
– Yo‘q men hali o‘ynayman, o‘zingiz kiravering, baribir oyim siz aytgan taomni pishirgani yo‘q, ular «qatiqli osh ham ovqat bo‘ldimi, bobong ham jonimga tegdi, hali uni hali buni yegisi keladi», – dedi. Nari borsa endigina besh yoshni qarshilayotgan qizaloqning bu gapidan bir qalqib tushdim. Bobo ham bunday nojoiz so‘zdan ma’yuslanib, mendan uyaldi chog‘i, yuzini chetga o‘girib oldi. Boboning egnidagi rangi uniqib, kirlanib qolgan egni-boshiga qarab allanechuk bo‘lib ketdim.
Nodiraxon bizdan ikki-uch hovli narida, qo‘shni mahallada yashaydigan Orzubonu kelinning to‘ng‘ich qizi. Yaqinda Orzubonuning qaynonasi olamdan o‘tgan edi. Demak, qaynonasining qirqi o‘tmasdan turib, hayhotday uyi-yu, barcha davlatini qo‘sh-qo‘llab tutgan Halim bobo keliniga ortiqchalik qilib qolibdi-da?! Qiziq, keksalarni uyning farishtasi deyishadi. Bir kosa osh-ovqatni tayyorlash, ikki-uch ust-boshni yuvish shunchalik qiyinmi?
Boboning o‘g‘li Akromjon bu gaplarni eshitmaganda, agar eshitganida edi xotinini murosaga chaqirib qo‘yardi, – deyman o‘zimni tinchlantirish uchun. Buni qarangki, hali fikrimni bir joyga to‘plamasimdan, yonimga «g‘izillab» kelgan mashina yo‘lakka yetar-etmas qattiq tormoz berib to‘xtadi. Yo‘l chetida bo‘lganim uchun mashina haydovchisi Akromjon ekanligini darrov tanidim. U mashinasidan tushar-tushmas, yoniga yugurib kelgan qizi Nodiraxonni ko‘tarib olganicha, uni erkalab uyi tomon yo‘l oldi. Negadir qarama-qarshi tomonda turgan keksa otasiga salom berishni ham unutdi…
Jamila HAYDAROVA