Farzandingiz maktabga chiqdimi?
Uning qalbida ilm olishga mehr uyg‘oting
Endigina maktab ostonasiga qadam qo‘ygan jajji bolajonlar uchun uyda dars tayyorlash biroz qiyinchilik tug‘diradi. Ayniqsa, bog‘chaga bormagan bolalar uchun mavzularni o‘zlashtirish oson bo‘lmaydi. Bunday hollarda ota-onaning o‘rni juda muhim sanaladi.
Eng avvalo, farzandingizni maktabga borishga qiziqtiring. Maktab – ilm maskani ekanligi haqidagi tushunchani bolada shakllantiring. Bu dargoh bilimli inson bo‘lib kamol topishda muhim maskan ekanini ta’kidlashdan charchamang.
Maktab haqida fikrini bilish
Darsdan kelganida maktab unda qanday taassurot uyg‘otganini farzandingizdan kichik-kichik savollar orqali bilib oling. O‘quvchi ta’lim maskanida o‘zini qanday tutishi kerakligi va maktab mulkini toza va ozoda saqlash lozimligini ham eslatib turing. Kitob va daftar uning yuzi ekanligini aytish orqali dilbandingiz qalbida o‘quv qurollariga nisbatan mehr uyg‘oting.
O‘qishni o‘rgatish
Maktabga endi qadam qo‘ygan kichkintoyga o‘qishni o‘rgatishda sizning ko‘magingiz juda zarur. O‘qituvchi ta’lim dargohida farzandingizga bilim o‘rgatsa, uni mustahkamlash sizning zimmangizda. Buning uchun bolaning dars stoli ustida har doim harf jamlanmasi turishi juda muhim hisoblanadi.
Doim uyga vazifani tayyorlashdan oldin farzandingizga harflarni takrorlab, so‘ng berilgan topshiriqlarni bajartiring. Har bir saboqni o‘rgatish 15-20 daqiqadan oshmasligi kerak. Bolakayni o‘ta toliqtirib ham quymang.
Dastlab harflarni qo‘shib o‘qish orqali bo‘g‘in hosil qiling. Undan keyin qo‘shib o‘qishni o‘rgating. O‘rgatish davomida uni hech ham urishmang. Aks holda bola jizzaki bo‘lib qolishi hech gap emas. Uni har bir o‘qigan so‘zi uchun maqtab qo‘ying. Shunda farzandingiz darslarni tayyorlashdan zerikmaydi. Ushbu jarayonda juda e’tiborli bo‘ling, chunki farzandingiz so‘zlarni yodlab olgan bo‘lishi mumkin.
Joriy yilda respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarining 1-sinfiga 645 ming nafardan ziyod o‘quvchi qabul qilingan.
Chiroyli yozish
Bolani chiroyli va xatosiz yozishga o‘rgatish ham bir san’at. So‘zlarni mustaqil yozishi, uni xatosiz yozishga o‘rgatadi. O‘qishni yaxshi bilgan o‘quvchi yozishda deyarli xato qilmaydi. Darslarni tayyorlashidan oldin unga harf va bo‘g‘inlarni birgalikda takrorlab, ko‘nikma hosil qildiring. Bu esa harflarni yoddan bilishga va tez o‘qishiga yordam beradi. Yozuv darftariga to‘g‘ri chiziq bo‘ylab yozganda harflarni ruchkani uzmasdan bir-biriga qo‘shib yozish kerakligini tushintirish kerak. Shundagina farzandingiz yozuvida muammo bo‘lmaydi.
Matematika
Bu fanni aql gimnastikasi deb bejizga aytishmagan. Shu bois ham mazkur fanga alohida e’tibor qaratish zarur bo‘ladi. Farzandingiz o‘ngacha va o‘ndan teskariga sanashi uning zehnini oshirishga yordam beradi. Bola uyda o‘yinchoqlar o‘ynaganida ham matematik amalli misollardan foydalanish uning xotirasini mustahkamlashini unutmang.
Zaynab Sultonova,
Karmana tumanidagi 3-umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi