Ilm-fan taraqqiyoti yurt ravnaqiga xizmat qiladi
Mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, ijtimoiy-siyosiy yuksalishi bevosita malakali va tajribali kadrlarga bog‘liq. Shu bois, har bir davlat ilm-fanning ravnaq topishiga alohida e’tibor qaratadi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni ham sohada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir. Xo‘sh, mazkur hujjatda belgilangan ustuvor vazifalar nimalarda o‘z aksini topadi?
Unga muvofiq, xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, iqtisodiyotning boshqa istiqbolli tarmoqlarida mehnat qilayotgan, qimmatli ilmiy, amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar o‘rnatish, xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishdir. Shuningdek, rivojlangan mamlakatlarning nufuzli ta’lim va ilmiy markazlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikni rivojlantirishda vatandoshlar salohiyatidan faol foydalanish jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Bu, albatta, mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish, tajribali kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joiz, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari hamda texnoparklarning tashkil etilishida ham muhim omil bo‘ladi. Rivojlangan mamlakatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tanlov o‘tkazish, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida istiqbolli mutaxassislar, shu jumladan, pedagoglar va ilmiy kadrlar uchun malaka oshirish, stajirovkadan o‘tish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi. Albatta, yuqori malakali mutaxassis, olimlarning tajribalar almashinuvi sohaning istiqboliga, vatan ravnaqiga xizmat qiladi.
Muxtasar qilib aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur farmoni xorijda yashayotgan va professional faoliyatini yuritayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega olimlar, mutaxassislar hamda iste’dodli yoshlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, jahon mehnat bozoriga yuqori malakali mutaxassislar tayyorlab berishda muhim huquqiy asos vazifasini o‘taydi.
Dilfuza JALILOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati