Sharqona etika tarbiyada katta ahamiyat kasb etadi
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning fikricha, odam yomon xulq bilan tug‘ilmaydi. Muayyan sharoitdagi tarbiya natijasida ularda salbiy illatlar paydo bo‘ladi va rivojlanib boradi. Insondagi qobiliyatni kamolga yetkazish tarbiya bilan amalga oshadi.
Shu bois, Sharq ma’rifatchiligi bola tarbiyasiga hamisha katta e’tibor bilan qaragan va bu davrni uch guruhga bo‘ladilar:
birinchisi – hanuz oq bilan qorani tanimaydigan bola. Uning tabiati hali yomonlik g‘ubori bilan qoplanmagan, yuragi esa botil ishlar bilan qoralanmagan bo‘ladi. Bunday bolaga nasihat tez ta’sir qiladi va uni to‘g‘ri yo‘lga osonlik bilan solish mumkin.
Ikkinchisi – oq bilan qorani ajratadigan bola. Ulardan ba’zilari o‘z nafsining g‘alabasi bilan yaxshilik tomon egilolmay qolgan bo‘ladi. U qilayotgan ishining yomonligini biladi. Nuqsonlarini esa e’tirof etadi. Bunday odamni birinchisiga nisbatan qiyinroq, ammo doimiy tarbiya, nasihat va tanbehlar bilan yomonlikdan qaytarish mumkin.
Uchinchisi – oilada botil xayol va fosid fikrlar bilan o‘sib, ulg‘aygan kishi. U umr bo‘yi nohaq ishlarni haq deb bilib kelgan va shunga astoydil e’tiqod qo‘ygan bo‘ladi. Yomonlik qilsa ham uni o‘zicha yaxshilik deb o‘ylaydi. Uning tarbiyasiga kirishish igna bilan quduq qazish yoki hali qizib cho‘qqa aylanmagan temirni bolg‘alash bilan barobar.
Ulug‘ mutafakkir va shoir Alisher Navoiy o‘z asarlarida barkamol avlod tarbiyasiga oid ko‘p ibratli fikrlarni bitgan. Jumladan, “Mahbub ul-qulub” asari bu jihatdan katta ahamiyat kasb etadi. Xususan, asarning 89-tanbehida tarbiya to‘g‘risida shunday deyiladi: “Qobilg‘a tarbiyat qilmoq zulmdir va noqobilg‘a tarbiyat hayf. Ani odami tarbiyat bilan zoye qilma va bunga tarbiyatingni zoye qilma”.
Donolar yaxshi yoki yomon xulqli bo‘lishni oilaga bog‘laydilar. Ularning aytishicha, yomon xulqli ayoldan tug‘ilgan va razil ota qo‘lida tarbiyalangan farzanddan yaxshilik kutish qiyin. Chiroyli xulq oftobga o‘xshaydi. Oftob muzni eritgani kabi chiroyli xulq ham barcha yomonliklarni eritib yuboradi. Muhammad ibn Muhammad al-Jomiyning fikricha, bola yetti yoshga yetgach, uni ilm olishga va johillik botqog‘idan qutqarishga o‘rgatiladi, agar unga ilm berishning iloji bo‘lmasa, biror yaxshi hunarga o‘rgatiladi. U shunday deb ta’kidlaydi: “Agar moling qancha ko‘p bo‘lsa, ularni farzandingning ilm va hunar olishi yo‘lida sarfla, chunki molu davlatga ishonib bo‘lmaydi, hunar esa hech qachon o‘lmaydi. Ilm va hunar o‘rganmay o‘tiruvchi kishilar yo zohid, yo tanbal yoki takabbur kishilardir. Agar u zohid bo‘lsa, tez kunda ta’na balosiga giriftor bo‘ladi. Tanbal bo‘lsa, gadolik ko‘yiga tushadi. Takabbur bo‘lsa, nochorlikdan oxiri o‘g‘irlik ko‘chasiga kiradi. Kimki kasb-koriga ega bo‘lsa, bunday illatlardan uzoqda bo‘ladi”.
Xulosa qilib aytish mumkinki, barkamol insonni tarbiyalashda Sharq ma’rifatchiligida katta tajribalar jamlangan. Ular hech bir zamon va makonda o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligi bilan e’tiborli. Mag‘zi to‘q, dono fikrlar va ularning mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan xulosalar har bir kishiga asqotadi.
Odil BEGIMOV,
filologiya fanlari nomzodi