Bayram va taraddud: muallim o‘quvchining qanday sovg‘asiga munosib?
Har yili yurtimizda “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni katta shodiyona sifatida nishonlanadi. Shu kuni erta tongdan o‘quvchilar va ularning ota-onalari qo‘llarida gul va sovg‘alar bilan maktab tomon shoshadi.
Aslida, barchamizga oqu qorani tanitgan, hayot yo‘llarida mustahkam suyanch bo‘lgan bu mehridaryo insonlarga, mehribon ustozlarimizga dunyodagi jamiki sovg‘alarni, go‘zal gullarni taqdim etsak, ham oz. Ammo ba’zan, bu hadyalar ortida ayrim ota-onalarning kim o‘zarga bahslashishi, farzandining boshqalardan ustun ekanligini ko‘rsatib qo‘yishga intilishi, kezi kelganda, ba’zi ustozlarning sovg‘aga mahtal bo‘layotgani achinarli holdir. Ayni bilim olib, o‘z iste’dodini yuzaga chiqaradigan pallada farzandni bunday dabdababozliklarga, quruq obro‘ olishga o‘rgatish ularning kelajagini so‘roq ostiga qo‘yishi, shubhasiz. Nahotki, ota-onalar mana shu oddiy haqiqatni anglab yetmasa?!
– Qizim to‘rtinchi sinfda o‘qiydi. Har yili ustozlar bayrami arafasida ota-onalar majlisi o‘tkaziladi. Yig‘ilishda asosan o‘qituvchilarga qanday sovg‘a olish kerakligi xususida bahs boradi, – deydi poytaxtimizning Yunusobod tumanida yashovchi Muqaddas Shaymonova. – Bu yilgi majlis ham xuddi shunday munozaralar bilan o‘tdi. Ayrim aqlidan puli ko‘p ota-onalar ustozlarga qimmatbaho va esda qolarli sovg‘alar berish kerakligini ta’kidlashdi. Tabiiyki, bu fikrga hamma ham qo‘shilmadi. Ba’zi “boyvuchcha” onalar bir dona gul olishni uyat deb biladi. Ularga qolsa, o‘qituvchilarga qimmatbaho atirlar, zargarlik buyumlari hadya qilinsa, maqsad muvofiq. Afsuski, ana shunday ota-onalarning “beminnat xizmatlari” tufayli jondan aziz farzandlarimiz tahsil oladigan sinfda tabaqalanish yuzaga keladi. Ularning bolalari o‘zlari kabi dimog‘dor va sinfdoshlarini kamsitib gapiradi. Shukrki, qizimning o‘qituvchisi qimmatbaho sovg‘alarga unchalik hushi yo‘q. Ammo o‘g‘limning bog‘cha opasi bundan mustasno. Unga sovg‘a olib borish uchun biror bayramni kutish shart emas. Kim ko‘proq hadya olib kelsa, o‘sha odamning bolasiga e’tibor bilan qaraydi. Bunga chora ko‘rish uchun rahbariyatga murojat qilganmiz, ammo “aybi isbotlanmadi” deya bu masalaga ko‘z yumishgan.
Bilamizki, bola kattalarga taqlid qilib ulg‘ayadi. Ko‘rgan voqealari, eshitgan so‘zlari xotirasiga o‘rnashadi. Shuning uchun ham uning tarbiyasida zarrani ham e’tiborsiz qoldirmaslik lozim.
Germaniyada o‘quvchilar va ularning ota-onalari ustozlarga minnatdorlik ramzi sifatida bayramlarda gullar va boshqa sovg‘alarni taqdim etishadi. Gulni mamnuniyat bilan qabul qilgan nemis o‘qituvchilari qimmatbaho sovg‘ani olishni rad etadi. Bilasizmi nega? Chunki bu harakati tufayli u o‘zi mehr qo‘ygan ishidan ayrilib qolish hech gap emas. Xo‘sh, bu masalada mamlakatimizdagi o‘qituvchilarning fikri qanday?
– Olti yil maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlaganman, – deydi Toshkent viloyati, Toshkent tumanidagi 28-umumta’lim maktab direktori Nargiza Kariyeva. – O‘sha yillarda bayram oldi muammolar uchrab turardi. Ayrim ota-onalar kim o‘zarga sovg‘a tanlashgani sabab farzandlari ko‘p oilalar bunga e’tiroz bildirib, menga murojaat qilishgan. Bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida har yili bayram arafasidagi ota-onalar majlisida “sovg‘a uchun pul yig‘imanglar” deb tushuntiriladi. Joriy yil rahbar lavozimiga tayinlanganimdan so‘ng bu masalaga yanada jiddiyroq yondoshayapman. Nafaqat o‘qituvchilar bayrami, balki boshqa tantanalarda ham sovg‘a uchun pul yig‘ish qat’iy taqiqlanadi. Bu qoidaga rioya qilmagan ota-onalarga chora ko‘riladi. Mana shunday tartibda ish ko‘rsak, avvalo ustozni nohaq ayblovlardan himoya qilgan bo‘lamiz. Qolaversa, o‘quvchilar ham a’lo baho olish uchun sovg‘a-salom emas, faqat bilim zarurligini tushunib yetishadi. Bunda ota-onalarning ham yordami juda zarar.
Mazkur o‘quv yilidan boshlab barcha maktablarda bir xil formaning joriy etilganidan xabaringiz bor. Buni bejiz yodga olmadik. Bir xil libos, eng avvalo, ta’lim maskanida tartibni, so‘ng sinfdagi barqarorlikni ta’minlaydi. Bu orqali kim o‘zarga kiyinish emas, kim o‘zarga ta’lim olish muhiti yaratiladi. Ana shunday sof muhitda o‘quvchi boshqa o‘y-xayollarga chalg‘imasdan, fikrini bilim olishga yo‘naltiradi. Shularni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi maktablarda “yig‘di-yig‘di”larga ham chek qo‘yish borasida ogohlantirishlar e’lon qilmoqda. Ustoz uchun o‘quvchisining qanday sovg‘a olishi emas, kelajakda qanday yutuqlarga erishishi muhimdir. Shunday ekan vaqtingiz va naqdingizni farzandingizni bilim olishi uchun sarflasangiz, olamning barcha sovg‘alari poyingizda bo‘ladi.
Dildora FAYZIYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri